13 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7 °C

Biznes
4 Dekabr  2019 430

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar qiladi Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi havolaki normalar, qonunosti hujjatlarini maksimal darajada kamaytirgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjat sifatida qabul qilinadi. Shu bois, loyihada barcha soliqlar bo‘yicha stavkalar (aksiz solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari) belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

Soliq kodeksining yangi tahririda soliqlar va yig‘imlarning soni, turlari, shuningdek, alohida soliq rejimlarini optimallashtirish rejalashtirilmoqda. Xususan, soliqlarning 9 turi ko‘zda tutilmoqda.

Ma'lumki, 2019-yil 1-yanvardan e'tiboran benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga fuqarolarning sug‘urta badallari, Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlari bekor qilingan edi.

Shu bilan birga, kichik korxonalar (tovar aylanmasi 1 mlrd. so‘mgacha bo‘lgan) uchun aylanmadan soliq ko‘rinishidagi alohida soliq rejimi saqlab qolinmoqda. Davlat bojlari, ayrim turdagi tovarlar bilan savdo qilish huquqi uchun yig‘imlar (alkogolli mahsulotlar) va yer qa'ridan foydalanuvchilar uchun bonus kabi to‘lov turlari Soliq kodeksidan chiqarib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, kodeks loyihasida soliq organlarining qonunga xilof ravishda qo‘shimcha soliqlar hisoblagani yoki moliyaviy sanksiyalar qo‘llangani, tadbirkorlik sub'ektlari tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar summalari o‘z vaqtida qaytarilmagani uchun javobgarligi oshirilmoqda.

Davlat soliq xizmati organlari bilan soliq to‘lovchilarning o‘zaro munosabatlarini jahon tajribasidan kelib chiqib, yanada yaxshilash ko‘zda tutilmoqda. Bu yo‘lda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga soliq nazoratining shakllari va mexanizmlari takomillashtirilmoqda. O‘z navbatida, mazkur amaliy chora-tadbirlar insofli soliq to‘lovchilarga yordam berish, eng asosiysi, “xufiyona” faoliyat ko‘rsatadigan sub'ektlarni aniqlashga xizmat qiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech