18 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +2,8 °C

Mamlakatimizda
5 Noyabr  2019 440

Davlat bojxona qo‘mitasi yangi qaror loyihasi bo‘yicha tushunmovchiliklarga aniqlik kiritdi

Joriy yilning 4-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan xabarda Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilib, umumxalq muhokamasi uchun regulation.gov.uz saytiga joylashtirilgan “Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida tovarlarning olib o‘tish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi yuzasidan ayrim fikr va mulohazalar keltirib o‘tilgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma'lum qilmoqda.

Xususan, ushbu xabarda go‘yoki muhokamaga qo‘yilgan Prezident qarori loyihasi qabul qilingan taqdirda, 1 yanvardan boshlab o‘zbekistonliklarning yaqin va uzoq xorijdan o‘zi va oilasi uchun olib keladigan har qanday sovg‘a-salomi, 300 dollardan oshgan taqdirda 50 foizgacha bojga tortilishi qayd etilgan.

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz mamlakatimizga olib kirish me'yorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3512-sonli Qarori asosida tartibga solingan.  

Mazkur Qarorga muvofiq, jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi xalqaro aeroportlar orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 2000 AQSh dollari, temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 1000 AQSh dollari miqdorida hamda avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 300 AQSh dollari miqdoridagi tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirishga ruxsat etilgan.

Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan qaror loyihasida, ushbu me'yorlarni kamaytirish emas, balki yuqorida qayd etilgan bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me'yorlaridan ortiqcha olib kirilgan tovarlardan undiriladigan bir qancha bojxona to‘lovlari o‘rniga yagona bojxona to‘lovini joriy etish va bojxona rasmiylashtiruvining soddalashtirilgan tartibini amaliyotga tadbiq etish nazarda tutilgan.

Ammo qaror loyihasi mazmunini to‘liq anglab yetmagan ayrim fuqarolar va ommaviy axborot vositalari tomonidan mazkur qaror loyihasi noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Go‘yoki yangi qaror loyihasi qabul qilingach, xorijdan havo yo‘llari yoki temir yo‘l transportida O‘zbekistonga kirib kelganda o‘z ehtiyojlari uchun olib kelingan 300 AQSh dollaridan oshgan qiymatdagi tovarlarga bojxona to‘lovlari to‘lash joriy qilinishi haqida  asossiz fikrlar bildirilmoqda.

Vaholanki, yuqorida ta'kidlanganidek 300 AQSh dollari miqdoridagi tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me'yori faqatgina avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda qo‘llaniladi.

Mazkur qaror loyihasida yagona bojxona to‘lovi, xususan, respublikamizga jismoniy shaxslar tomonidan bojxona to‘lovlari undirilmaydigan chegaraviy normadan oshgan tovar qiymatidan kelib chiqib, tovarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodi va kelib chiqish mamlakatidan qat'iy nazar, barcha toifa(kategoriya)dagi tovarlar bo‘yicha undirilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihada yagona bojxona to‘lovini quyidagi miqdordagi stavkalarda o‘rnatish taklif etilgan:

- oziq-ovqat mahsulotlari uchun - 30%, lekin kamida 1 kg uchun 2 AQSh dollari;

- nooziq-ovqat mahsulotlari uchun - 50%, lekin kamida 1 kg uchun 4 AQSh dollari.

Stavkalar amalda o‘rnatilgan bojxona bojlari, aksiz solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkalarining o‘rtacha yig‘indisi asosida hisoblanadi.

Hozirgi amaliyotda jismoniy shaxslar tomonidan olib kelingan ushbu tovarlarning kelib chiqish sertifikatlari taqdim qilinmagan taqdirda Bojxona kodeksining 300-moddasi talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarining stavkalari ikki baravar oshirilgan miqdorida hisoblanmoqda.

Masalan, kolbasa va sosiska mahsulotlariga 93,9%, gilamlarga 110,7 % miqdorida bojxona to‘lovlari hisoblangan.

Ta'kidlash joizki mamlakatimiz chegara bojxona postlari orqali
2017-yilda 21 mln. 677,2 ming, 2018-yilda 40 mln. 350 ming, 2019-yilning 9 oyi davomida esa 32 mln. 120,9 ming nafar fuqarolar harakatlangan.

Faqatgina joriy yilning 9 oyi ko‘rsatkichlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, jismoniy shaxslar tomonidan mamlakatimizga bojxona to‘lovlari undirilmaydigan me'yorlardan ortiqcha umumiy qiymati 62,4 mlrd. so‘mlik tovarlar olib kirilgan bo‘lib, ulardan  jami 44,1 mlrd. miqdorida so‘m bojxona to‘lovlari undirilgan.

Bu esa undirilgan  bojxona to‘lovlari stavkasini  o‘rtacha yig‘indisi 70,6 foizni tashkil etayotganligini ko‘rsatmoqda.

Yagona bojxona to‘lovining joriy etilishi bilan ushbu miqdor kamayadi, chegara o‘tkazish punktlarida to‘lovlarni hisoblash tartibotlari keskin soddalashtiriladi va tirbandliklarni oldi olinadi.

Bugungi kunda belgilangan me'yordan ortiqcha tovarlar uchun to‘lovlarni hisoblashga sarflanayotgan o‘rtacha vaqt 40 daqiqani tashkil etayotgan bo‘lsa,  yagona bojxona to‘lovining joriy etilishi natijasida tovarlarni rasmiylashtirish uchun 10 daqiqa vaqt sarflanadi xolos.

Mazkur qaror loyihasini ishlab chiqish jarayonida, yagona bojxona to‘lovini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajriba ham to‘liq o‘rganib chiqildi.

Bu kabi amaliyot yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo mamlakatlarda ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu davlatlarda jismoniy shaxslar tomonidan bojsiz olib kirish normasidan oshgan olib o‘tilayotgan tovarlar bo‘yicha bojxona rasmiylashtiruvi qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz va bojxona boji o‘rniga, soddalashtirilgan tartibda, yagona bojxona to‘lovini undirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Mazkur to‘lov shakli tovarlar qiymatidan 30%, lekin har bir kg.dan
4 yevrodan kam bo‘lmagan miqdorda, xususan normadan oshgan qismiga undiriladi.

Shuningdek, Janubiy Koreya davlati bojxona qonunchiligiga muvofiq, ushbu mamlakatga qiymati 600 AQSh dollaridan oshmaydigan tovarlar bojxona to‘lovlari va soliqlarni to‘lamasdan olib kiriladi.

Agar olib kirilayotgan tovarlarning qiymati belgilangan chegaradan oshib ketgan bo‘lsa, bojxona to‘lovlari faqat oshib ketgan qismi uchun to‘lanadi. Bunday holda soddalashtirilgan bojxona to‘lovining stavkasi 20 dan 55 foizgacha qo‘llaniladi.

Hozirda umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan mazkur qaror loyihasi yuzasidan xalqimiz tomonidan ko‘plab asosli takliflar bildirilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan mazkur takliflar chuqur o‘rganilgan holda qaror loyihasini takomillashtirish hamda yagona bojxona to‘lovi stavkasini yanada optimallashtirish yo‘nalishida ishlar davom ettirilmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech