18 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +9,8 °C

Mamlakatimizda
12 Oktyabr  2019 343

Endi Toshkent shahrida yer sotish auksion orqali amalga oshiriladi

Xabaringiz bor, Prezidentimizning farmoniga muvofiq 2018-yilning avgustidan Toshkent shahrida tadbirkorlarga eksperiment tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali yer berish tartibi joriy qilingan edi.

 

2018-yilning avgustidan 2019-yilning avgustigacha 1 yil davomida 775 ta loyiha muhokama qilinib, ijobiy xulosa olindi. 775 nafar tadbirkorga yer ajratish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 2019-yilning avgust oyida eksperiment tugadi va oktyabrdan tadbirkorlik uchun yer olish auksion orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar qiladi.

Hozir bu borada tashkiliy ishlar olib borilmoqda. Bu yangi tajriba bo‘lib, bunday amaliyot avval qo‘llanilmagan. Toshkent shahridagi yerlar ochiq auksionga qo‘yiladi. Tadbirkorlik qilaman, yer kerak degan tadbirkor hokimiyatga, yagona darchaga va boshqa tashkilotlarga borishining hojati yo‘q. Endilikda uyida o‘tirgan joyida e.ijro auksion.uz portaliga kirib, ro‘yxatdan o‘tib, yer olish imkoniyati mavjud. Auksionda yer sotishdan tushgan mablag‘lar maxsus jamg‘armaga jamlanadi va bu fond davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer maydonlari zarur bo‘lganda buzilishga tushgan xonadonlar yoki binolar egalariga yetkazilgan zararni qoplash uchun, kompensatsiyasi sifatida sarf qilinadi. Yaqin kunlarda auksionga yerlar chiqarilishi boshlanadi. Faqat auksionda ishtirok etish istagnini bildirsangiz, hisob raqamingizga kafolat summasi qo‘yishingiz kerak. G‘olib bo‘lsangiz u summa inobatga olinadi, g‘olib bo‘lmasangiz qaytarib beriladi.

Bo‘sh binolar bo‘lsa, tadbirkorlik qilardik, degan murojaatlar ham bo‘ladi.

Toshkent shahrida bo‘sh binolar bo‘yicha alohida ishchi guruhlar ishladi. Uning faoliyati davomida poytaxtimizda 86 ta bo‘sh turgan binolar aniqlangan. Bu davlat mulki bo‘lgan binolardir. Ularning 73 tasini ishlab chiqarish va tadbirkorlikka jalb etish masalasi hal qilindi. Ishchi guruh avgust oyida yana xatlov o‘tkazdi. Buning natijasida yana 35 ta ob'ektlar aniqlandi. Hozir davlat mulki hisoblangan 48 ta ob'ektlar bo‘sh. Agar vazirlik va boshqa idoralar ulardan maqsadli foydalanmasa hamda tegishli choralarni ko‘rmasa, ular hokimiyat balansiga o‘tkaziladi va auksionga qo‘yiladi, deyiladi xabarda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech