21 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +5,2 °C

Suhbat
11 Mart  2019 2364

Qizlarning harakati mukofotgachami?

yoxud Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bu haqda nima deydi?

Uyg‘onish fasli dilbar shoira Zulfiya tavallud topgan kun bilan boshlanishi bejiz emas, deb o‘ylayman. Zero, bahor Zulfiya bilan birga uning nomidagi Davlat mukofotini ko‘ksiga qadagan qizlarning ham ayyomi.

 

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Qumar Begniyozovaning  shu boradagi fikrlari bilan qiziqdik.

– Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi bo‘lgan qizlarimizning ilm darajasi yil sayin ortib bormoqda. Biroq bu yuksak mukofotni olganlarning ko‘pchiligi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha biror bir sohani rivojlantirishga doir amaliy ishi bilan o‘zini ko‘rsata olayotgani yo‘q, nazarimda. Xo‘sh, bunga sabab nima? Mukofot munosiblarga berilmaganmi yoki boshqa sabablar bormi?

– To‘g‘ri, bu gapning “bolalayotgani”ga ko‘p bo‘ldi. Safimiz kengayayotgani ham haqiqat. Mukofot munosiblarga berilyaptimi, yo‘qmi, men bu haqda tugal bir gap aytishim qiyin. Chunki biz bitta yoki o‘nta emasmiz, yurtimizning turli nuqtalarida Zulfiyachi qizlarimiz yashayapti, ijod qilyapti. Men ularning ayrimlarini tanqid yoki tahlil qilsam, bir nuqtai nazardan qaragan bo‘larman, balki. Sababi, ularning ijodi, turmushi, jamiyatdagi mavqei haqida to‘liq ma’lumotga ega emasman.

Meni bir narsa xafa qiladi. Bugun ayrim qizlarimiz faqat mukofot olish uchungina ijod qilayotgandek... Ijod yoki iste’dod majburlik yoki biror ehtiyojni qondirish uchun emas-ku.

Yaqinda bir gap qulog‘imga chalinib, hayratlandim, ayni paytda xafa bo‘ldim. Nima emish “qizlarning yugurgani Zulfiyagacha” emish. To‘g‘risi, nima bo‘lganda ham, yuksak mukofotni oyoqosti qilayotgan kimsalarga nisbatan g‘azabim toshdi. Nahotki, shoira nomi bilan atalgan mukofotga hurmat shu bo‘lsa?!

Har bir tanlovda doim ham tanlov to‘g‘ri bo‘lavermasligi mumkin, albatta. Shu bois bu gapga aniq javob berish mushkul. Hakamlar, iloji boricha, ijodning qadrini biladigan qizlarni odilona baholayapti, deb o‘ylayman. Bu mening fikrim.

– Zulfiyaning izdoshi sifatida bu vafo va sadoqat timsoli bo‘lgan ayolning qaysi fazilatlarini ardoqlaysiz va qizlarimizda shu xislatni ko‘rishni xohlardingiz?

– Men Zulfiya Isroilovadan sadoqat va sabrni o‘rganishni xohlayman. Chunki ijod, oila, kasbni hamma ham birdek eplolmaydi. Yaqinda hayotimda juda katta muammoga duch keldim. O‘zimni yo‘qotib qo‘yadigan darajaga tushdim. O‘shanda Zulfiyaning kurashchan va yengilmas she’riyatini o‘qib sinovga tayyorlandim va bu kurashda yutdim. Chinakam adabiyot inson qalbini qutqarib qolishi bor gap ekan.

– Mukofot mas'uliyati qanday ishlarni bajarishingizga turtki bo‘lgan? Ishonchni oqladim, deb o‘ylaysizmi?

– Ishonchni oqlaganim yo‘q, doim oqlash harakatidaman. Hozir Qoraqalpoq davlat universitetida o‘qituvchiman. Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilish uchun tayyorlanyapman. www.kar24 saytining bosh muharriri sifatida ham faoliyat olib boryapman. Ijoddan to‘xtash haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Ikkita badiiy kitobim tayyor. Mukofot olganimni yaxshi ma’noda unutib yuborganman. Chunki yutuqlarga mahliyo bo‘lib yurish katta maqsadlarni yo‘qotishga olib keladi. Inson biror yutuqqa erishdimi, uni yaxshi ma’noda unutib, boshqa yutuqlar sari harakat qilishi kerak.

– Jamiyatda lider, faol bo‘lgan qizlarning ko‘pchiligi oila qurgandan so‘ng turmush tashvishlari, bola tarbiyasi bilan band bo‘lib, o‘z ijtimoiy mavqeini yo‘qotib qo‘yadi. Shunday qilib, ertangi kunning kuchli fizigi, sinchkov munaqqidi, xullas, bir sohaga kerak bo‘lgan mutaxassis boy beriladi. Sizning fikringizcha, ayol oilasi va jamiyatdagi muhim o‘rnini saqlab qolishi uchun nima qilishi kerak?

– Men ham kelin, ham ona, ham o‘qituvchi, Zulfiyachi qizman. Hammasini barobar olib ketish juda qiyin. Shu vaqt yoningda seni qo‘llaydigan insonlar, albatta,  bo‘lishi kerak. Shuning uchun umr yo‘ldosh, sevimli kasb, do‘st tanlashda to‘g‘ri qaror qabul qilish shart. Shunda jamiyatdagi mavqeingni saqlab qola olasan.

– Yoshlar bilan ishlaysiz. Shu ma’noda qizlarimizga qanday murojaatingiz bor?

– O‘yin-kulgi o‘tkinchi, bilim va harakat abadiy. Dostoevskiy “hamma narsada chegara bor. Chegaradan chiqdingmi, xatar boshlanadi”, deydi. Shunday ekan, yoshlar hamma narsani meyorida ushlab, tartibni tarbiya bilan uyg‘unlashtirishini xohlardim.

 

Go‘zal OXUNOVA

suhbatlashdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech