17 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12,4 °C

Bo‘sh vaqtda
21 Aprel  2019 1723

Yerosti kemasi ― haqiqatmi?

Ma’lum bo‘lishicha, 1964-yildayoq shaxsan «imperialistlarga ko‘rsatib qo‘yish» ishtiyoqida yongan N.Xrushchyovning buyrug‘iga binoan, Ukrainaning Gromovka degan joyida birinchi jangovar yerosti kemalari ishlab chiqaradigan maxfiy zavod qurilgan ekan.

Stalinning yerostiyurarlari

Sobiq ittifoqda yerosti kemalari ustida ishlar olib borish 1937-yildayoq boshlangan. Xuddi shu ish bilan shug‘ullangan guruhga muhandis Aleksandr Trebelevning rahbarlik qilgani to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud. Keltirilishicha, guruh a'zolari ishni dastlab, krot1larning yer qazish texnikasini o‘rganishdan boshlagan ekan. Jonivorlarni ichiga tuproq to‘ldirilgan uzun qutiga qo‘yib yuborishardi. Ular esa tuproqqa ko‘milgan xo‘rakni olish uchun kavlay boshlardilar. Ushbu jarayon esa kuchli rentgen apparati yordamida kuzatib turilgan. Tadqiqotchilar esa bu mitti yerqazar jonivorlarning har bir texnikasini flyuoressent ekranda ko‘rib, qayd etib borishardi. Ana shu kuzatishlarning samarasi o‘laroq, tez orada mitti mexanik «Krot» modeli yaratildi. Unga o‘rnatilgan elektr motor kesuvchi moslamalar va mashinaning ilgari intilishiga yordam beradigan maxsus «panja-suzgich»larni harakatga keltirardi. Tajribalar jarayonida ushbu model o‘rtacha zichlikdagi tuproqdan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘zidan dumaloq shakldagi tunnelni qoldirishi aniqlandi.

Keyinchalik esa Uraldagi zavodda bir kishilik haqiqiy yerosti kemalarini qurish bilan shug‘ullana boshladilar. Bunday yerosti kemasi zichligi o‘rtacha bo‘lgan tuproqda soatiga 10 km tezlikda harakatlana olgan. Unga haydovchi nafas olishi uchun kislorod ballonlari, girokompas, harakat payti qanday nishablikka og‘ish yuzaga kelganini aniqlash uchun burchak o‘lchagich va boshqa ko‘pgina uskunalar o‘rnatilgandi. Trebelev esa sekin-asta yeryumshatgich mexanizmini maxsus freza2ga almashtirish kerak, degan xulosaga keldi. Bunda krotning orqa panjalari vazifasini maxsus domkratlar bajarishi kerak bo‘lardi. Ba'zi manbalarda keltirilishicha, keyingi modellarida muhandis go‘yoki yerni kuchli olov purkash yordamida kuydirib, o‘ziga yo‘l ochadigan raketa dyuzlaridan ham foydalangan ekan. Apparatlarning ayrim muvaffaqiyatli chiqqan nusxalari yer ostida piyoda odam tezligida bemalol harakatlana olgan. Trebelev o‘zi yaratgan modelni Ural tog‘larida sinab ko‘rishga qaror qilib, yerostiyurarni o‘zi boshqargan holda Blagodat tog‘ini 12 soat ichida teshib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

Xuddi shunday muqobil ishlarga yerosti kombaynlari konstruksiyalari borasida faoliyat olib borayotgan muhandis Pavel Straxov ham jalb etilgan. Darvoqye, u Moskva metropoliteni qurilishida ham ishtirok etgandi. Uni 1940-yil boshlarida xalq komissari (Brejnev davrida mudofaa ministri) D.Ustinovning shaxsan o‘zi kabinetiga taklif qilib: «Armiyamizga yer ostida o‘zi harakatlanadigan apparat zarur!» degan ekan. Ana shu suhbatdan so‘ng bir yarim yil vaqt o‘tib, dastlabki yerosti kemasining tajriba nusxasi paydo bo‘lgan. Biroq ko‘p o‘tmay, Straxovga mamlakat rahbarlari uchun mo‘ljallangan yerosti bunkerlarini qurish vazifasi yuklatildi. yerosti apparati loyihasi esa yakuniga yetmay qoldi.

Maxfiylik muhri ostida

Urushdan so‘ng ko‘p o‘tmay, yerosti raketalarini yaratish g‘oyasi juda ommalashib ketdi. 1948 yilda general-mayor M.Siferov shunday raketa yaratish loyihasini taklif etgan. U yaratgan raketaning burun tomoni dyuzi tuproqni kuydirib, hosil bo‘lgan tuproqni orqaga juda tezlikla tashlay olardi. Uning yer ostida harakatlanish tezligi soniyasiga 1 metrni tashkil qilgan. Keyinchalik general-mayorning g‘oyasini o‘g‘li davom ettirdi. Biroq baribir raketaning aniq yo‘nalish bo‘ylab harakatlanishi masalasini hal etishning iloji bo‘lmagan. 1950-yilda A.Brichkin va A.Kachanlar esa raketani eslatib yuboradigan termoburg‘i uchun mualliflik guvohnomasini olishdi. Mazkur yerosti termoburg‘isi kerosinda ishlardi. Qizigan gazlar uning quvuridan tovush tezligida otilib chiqardi va gaz oqimi harorati 3500 darajadan ham yuqori bo‘lardi.

1972-yilda AQShda Los-Alamosdagi milliy laboratoriya va yadroviy energetika ministrligi tomonidan yadroviy burg‘i mashinasiga patent berilgan. Ushbu kashfiyotning mohiyati shundan iborat ediki, yadroviy reaktorga ega mashina qoyalarda radioaktiv litiy yordamida teshik hosil qilardi. Bunda uning yo‘nalishida uchragan jinslar erib, suyuq holga kelardi. Ana shunday agregat o‘tgan joyga qo‘shimcha ishlov berish, tunnel devorlarini mustahkamlashga zarurat qolmasdi: mashinadan so‘ng oynaday silliq devorli tekis tunnel qolardi, xolos.

Shuningdek, chiqit masalasi ham hal etilardi, ya'ni ular umuman bo‘lmasdi. Ammo bunda juda yuqori harorat va radioaktivlik sababli haydovchi va uning kabinasi nurlanishdan ishonchli himoyalanishi zarur edi. Darvoqye, bunday mashinalarning yer ustidan turib boshqariladigan modellari bo‘lgani ehtimoli ham yo‘q emas. Xuddi o‘sha davrlarda odatdagidek, burg‘ilari olmosli tunnelqazar mashinalar o‘rniga jinslarni osongina kesa oladigan, qudratli lazer o‘rnatilgan apparatlar ham paydo bo‘la boshladi. Bu tunnel qizish ishlarini juda tezlashtiradi ham. O‘tgan asrning 80-yillarida bir firmaning AQShdagi ikki hukumat bunkerini birlashtiruvchi va uzunligi 320 km bo‘lgan tunnelni qazishni zimmasiga olgani haqida ma'lumotlar bor. Biroq yo‘l-yo‘lakay tog‘ni ham teshib o‘tishi kerak bo‘lgan mazkur tunnelni qazish hamda buning uchun ishlatilgan texnikalar qattiq sir tutilgan.

«Cho‘kuvchi reaktor»

Ulkan xarsanglarni kesa oladigan lazer moslamalari Rossiyada tosh maydalash ishlarida ham qo‘llaniladi. Ular aslida Amerikaning harbiy-fazoviy maqsadlar uchun mo‘ljallangan SOI dasturiga muqobil variant sifatida yaratilgandi. Biroq bunday harbiy-fazoviy maqsadlar yo‘qligi sabab undan tinchlik maqsadlarida foydalanishni ma'qul ko‘rishgan. Ularning qudrati shundayki, bir lahzada istalgan zichlik va qattiqlikdagi jinsni bug‘lantirib yubora oladi. Bundan bir necha o‘n yil ilgari esa Nazariy fizika va yer fizikasi instituti yerdagi radioaktiv chiqitlar masalasini hal etuvchi «cho‘kuvchi reaktor» loyihasini taklif etgan. G‘oyaning mohiyati quyidagicha: diametri 1 metr, chuqurligi bir necha kilometr bo‘lgan quduq oddiy usulda qaziladi. Keyin quduq tubi oltingugurt bilan to‘ldiriladi. Ana shundan so‘ng quduqqa ikki tonnalik radioaktiv chiqit to‘ldirilgan kapsula tushiriladi. Radioaktiv nurlanish kapsula atrofini qizdira boshlaydi, oltingugurt esa reaksiyaga kirishishiga yordam beradi. Buning natijasida kapsula sutkasiga 2―3 metr tezlikda yer qa'riga tusha boshlaydi. Yana qulay tomoni bir kapsula ustidan ikkinchisini, keyin uchinchisini, tushirish mumkin.

Yadroviy bo‘lmagan oddiy yerosti tunnelqazarlarini esa vaqti-vaqti bilan sanoat ko‘rgazmalarida namoyish etishadi. «Krot»ning ishlaydigan modeli Yaponiyada o‘tkazilgan «Ekspo―2005» ko‘rgazmasida namoyish etilgan. Biroq hozirda ham, bundan yuz yil muqaddam bo‘lgani kabi, aniq ishlay oladigan yerosti kemasi yaratilishi ehtimoldan ancha yiroq ko‘rinadi.

________________

1 Krot ― yer ostida yashaydigan bir turli sut emizuvchi jonivor.

2 Freza ― aylanma barabanli mashina.

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech