12 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,3 °C

Ijtimoiy hayot
25 Oktyabr  2019 2563

Ko‘z o‘ngimizda go‘zallashayotgan shahar

Hayotda turli fe’l-atvorga ega insonlar ko‘p. Birovga yangiliklar, o‘zgarishlar yoqmaydi, boshqasi bunga mutlaqo loqayd, uchinchilari o‘zgarishlarni katta ishtiyoq, quvonch va zavq bilan kutib oladi. Ana shunday insonlardan biri chirchiqlik pensioner, yetmish besh yoshli otaxon Anorbek Musayevdir.

Anchadan beri: «Chirchiq shahrida ham bo‘layotgan o‘zgarishlarni yoritish kerak. U yerdagi o‘zgarishlar. Bunday e’tibor va amxrlik uchun davlatimiz rahbaridan juda minnatdormiz. Bu yerdagi yaratuvchilik ishlari kishining ko‘zini quvontiradi, kishiga g‘urur bag‘ishlaydi. Odamlar buni bilishi kerak», deb bizni ushbu shaharga hammasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun taklif etardi. Xullas, Chirchiq shahriga yo‘l oldik. Dastlab, diqqatimizni chiroyli bino, «Yoshlar markazi» tortdi. Bino to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilgan, tom qismi qayta yopilgan. Uning oldidagi maydonchada favvoralar qurilib, yangi skameykalar o‘rnatilgan, atrofi obodonlashtirilgan. Natija — juda chiroyli manzara.

Shuningdek, shahardan oqib o‘tuvchi Bo‘zsuv kanalining ikki qirg‘og‘ida ham qurilish ishlari qizg‘in ketmoqda. Ilgari chetlari va ichi qamish bosib yotgan kanalning ikki tomoni obodonlashtirilmoqda, piyodalar harakatlanadigan keng piyodalar yo‘lagi yotqizilyapti. Yozning jazirama kunlari aholi salqin suv bo‘yida sayr qilib, hordiq chiqarishlari mumkin. Shuningdek piyodalar yo‘laklarining har joy-har joyida muzqaymoq, salqin ichimliklar sotadigan budkalar qo‘yiladi. Xullas, kanalning 3,5 kilometrlik qismida zamonaviy ko‘ngilochar «Sohil bo‘yi» maskani barpo etilmoqda.

Chirchiq shahrining diqqatga sazovor joylaridan biri Alisher Navoiy maydonidir. Bu maskan ham to‘liq ta’mirdan chiqarilgan, obodonlashtirilgan, yangilangan, odamlar o‘tirib dam oladigan yangi o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Maydon markazi o‘rtasida buyuk shoirning haykali qad rostlab turibdi. Uning ortida, bungacha ko‘chib, buzilib, armaturalari ko‘rinib, ta’mirtalab bo‘lib yotgan yuqoriga olib chiquvchi zinalar kapital ta’mirdan chiqarilgan, hatto, yangi to‘siqlar ham o‘rnatilgan. Shuningdek, «Turnalar» markaziy alleyasi va «Afg‘on» xotira bog‘lari kapital ta’mirlangan.

Shahar bozori yaqinidagi Bo‘zsuv kanali ustiga qurilgan, bungacha zanglab yotgan osma metall ko‘prik bo‘yalibdi. Undan yuqoriroqda, markaziy jome masjidga yaqin joydagi Bukri ko‘prikda ham quruvchilar ishlayotgan ekan. Aytishlaricha, ta’mirlash ishlari dekabr oyida yakuniga yetadi. Xullas, qayoqqa qaramang, hammasi yaxshi tomonga o‘zgarmoqda.

Bundan tashqari shaharda uy-joylar qurish ham jadal suratlarda kechmoqda. Ana shunday qurilish ob’yektlaridan dastlabkisi, Amir Temur ko‘chasidagi harbiy xizmatchilarning oilalari uchun qurilgan uy-joylar bo‘ldi. U yerda butun boshli turar joy kvartali qad roslabdi.

- Ko‘rib turganingizdek, ushbu turar joy massivida 144 xonadonga mo‘ljallangan 3 qavatli - 8 ta, 270 xonadonga mo‘ljallangan 5 qavatli – 7 ta uy foydalanishga allaqachon topshirilgan, - deydi Chirchiq shahar hokimligi qurilish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Xondamir Husanov. – Bu uylar massivi o‘z infratuzilmasiga ham ega bo‘ladi. Qurib foydalanishga topshirilgan uylarning hammasi ikki-uch xonali kvartiralardir. Maktab, bolalar bog‘chasi quriladi. Har bir uy oldida bolalar o‘ynaydigan maydoncha ham nazarda tutilgan. Yana 210 xonadonga mo‘ljallangan 5 qavatli 7 ta uy qurilmoqda.

Pedagogika institutining yangi qurilayotgan 4 qavatli asosiy binosiga kirib o‘tdik. Bu yerda ham ishlar qizg‘in. Shuningdek, 2 ta 600 o‘rinli «Talabalar turar joyi» qurilmoqda va ular Yangi yil bayrami arafasida foydalanishga topshiriladi.

Keyingi manzilimiz yana bir, Amir Temur ko‘chasidagi yangi turar-joy massivi bo‘ldi. Har biri 42 tadan kvartira bo‘lgan 7 qavatli 10 ta uy qurilgan. Ularning ba’zilari allaqachon foydalanishga topshirilgan, ayrimlarida yakuniy ishlar amalga oshirilmoqda. Ikki konturli kolonkalar sabab kvartiralar o‘z mustaqil isitish tizimi, issiq suviga ega.

- Yangi qurilgan binolar 8 ballik yer silkinishlariga bardoshli, pishiq qurilmoqda, - deydi «O‘zshahar qurilish invest» injiniring kompaniyasi injener-texnigi Ahror Safarov. - Masalan, mana shu massivdagi har bir uyga 128 tonnadan metall armatura, 1800 kubometr beton, 80 mingta sirtga qoplanadigan g‘isht, 350 ming donadan pishirilgan g‘isht ishlatilgan. Elektr, suv va gaz ta’minotida muammolar yo‘q. Agar 2 xonali uylarning maydoni haqida gapirsak, ular 43,3 kv/m yashash maydoniga ega. 3 xonali kvartiralar esa ikki tipda: biri – 56,56 kv/m, ikkinchisi – 58,16 kv/m. yashash maydoniga ega. Pol laminatlangan, uning tagidan esa issiq-sovuq o‘tkazmaydigan qoplama to‘shalgan. Xullas, qurilgan uylar barcha talablar va standartlarga javob beradi.

Uylarni tomosha qila turib kvartiralardan biriga yaqinda ko‘chib kirgan onaxon bilan suhbatlashib qoldik.

- Kvartiramiz uch xonali. Uyimiz barcha qulayliklarga ega, suv, gaz va elektr ta’minotida hech qanday muammo yo‘q, mustaqil isitish tizimi ham mavjud, - deydi Tamara Muxtarova. - Xullas, davlatimiz rahbariga bunday shinam va chiroyli uylar uchun minnatdorligimni bildirmoqchiman. Hozirda o‘zgarishlar shunchalik tezkor va kattaki, bugun borgan joyingni ertasiga tanib olish qiyin bo‘lmoqda.

Shaharning Troitsk massivida olib borilayotgan qurilish va obodonchilik ishlarini ham borib ko‘rdik. Kanal atrofi va qirg‘oqlari obodonlashtirilmoqda, yangi binolar - o‘quv markazi, dori-darmon ishlab chiqarish korxonasi qad rostlamoqda.

- Ikki qavatli mehmonxona va 31 metr balandlikka ega bo‘ladigan qo‘ng‘iroqxona quryapmiz, - deydi «Inter injiniring» kompaniyasi prorabi O‘tkir Hurramov. – Qurilishda 200 nafar kishi ishlamoqda va uni yana bir oy ichida yakuniga yetkazishni rejalashtirmoqdamiz.

Xullas, bir so‘z bilan aytganda, hayotimiz, atrofimiz o‘zgarmoqda, yangilanmoqda. Tabiiyki, biz insonlarning hayotga bo‘lgan munosabatlarimizda ham ijobiy o‘zgarishlar kechmoqda.

 

Raqamlar tilida

- Investitsiya dasturi doirasida 12 ta ob’yektga 74 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Bular 5 ta oliy ta’lim, 2 ta maktab, 1 musiqa va san’at maktabi, 2 ta bog‘cha va 2 ta suv ob’yektlaridir.

- Prezidentimizning 2019 yil 1-3 iyun kunlari Toshkent viloyatiga qilgan tashrifi davomida ajratgan 1,1 trln so‘m mablag‘dan 29 mlrd so‘mi Chirchiq shahridagi 7 ta ob’yekt uchun ajratilgan. Bular 2 ta sog‘liqni saqlash, 2 ta maktab, 2 ta suv ob’yekti va 17 kilometrlik ichki yo‘llardir.

- «Obod mahalla» dasturi doirasida 3 ta mahallada jami 52 mlrd so‘mlik ishlar amalga oshirilgan. Shuning 6,2 mlrd so‘mi byudjet mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi.

- Mahalliy byudjetdan jami 1,9 mlrd so‘mlik mablag‘ga 3 ta maktab, 5 ta bolalar bog‘chasi joriy ta’mirlandi.

- Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan 2019 yilda markazlashgan issiqlik tizimi borasida 9 ta issiqlik yetkazib beruvchi qozon, 18 ta qozonxona va 80 kilometrlik issiqlik tarmoqlari joriy ta’mirdan chiqarildi. 3,4 kilometrlik issiqlik tarmoqlari izolyasiyalandi. 2018 yilda 183 ta ko‘p qavatli uylar issiqlik bilan ta’minlangan bo‘lsa, bu yil ularning soni 318 taga yetdi.

- Aholini ichimlik va oqova suv bilan ta’minlash maqsadida 10,1 kilometrlik ichimlik suvi, 2,3 kilometrlik oqova suv tarmoqlari yangilandi, 11,8 kilometrlik ichimlik suvi, 1,2 kilometrlik oqova suv tarmoqlari joriy ta’mirlandi.

- Elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 208,5 km. havo tarmog‘i, 22,5 km. yerosti kabellari, 244 ta temir-beton simyog‘ochlar yangidan tortildi. 148 ta transformator jamlanmasi joriy va kapital ta’mirlandi, 14 ta transformator jamlanmasi o‘rnatilmoqda.

- Shahar ichki yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha 60 ta ichki ko‘chaga 38 kilometrlik asfaltlash belgilangan va buning uchun 16,7 mlrd so‘m byudjet mablag‘i ajratilishi rejalashtirilgan, 10,4 km. ichki yo‘llar asfaltlangan.

- Chirchiq shahri hududidagi maishiy chiqindilarni olib chiqishda «Toza hudud» filiali tomonidan xizmat ko‘rsatilmoqda. Shaharda hozirgi kunda 32 ta yangi tipdagi chiqindi to‘plash shoxobchasi qurilgan, 14 tasi joriy yilda quriladi, 9 tasi foydalanishga topshirilgan, yana 5 tasi noyabr oyida foydalanishga topshiriladi.

 

Nurpo‘lat Nurqulov

«Pravda Vostoka».

Suratlar muallifniki.

 

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 25-oktabrdagi 216-sonida «Город, который на глазах становится красивее» sarlavhasi bilan e’lon qilingan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech