20 Fevral 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -0,3 °C

Hukumat
24 Dekabr  2019 4272

So‘z — xalqaro kuzatuvchilarga

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlarida mamlakatimizda 50 ga yaqin mamlakat, o‘nta tashkilotdan 820 dan ortiq xalqaro kuzatuvchi ishtirok etdi. Missiyalar vakillari siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga molik voqyea yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

MDH kuzatuvchilar missiyasi rahbari, Ijroiya qo‘mita raisi - MDH Ijroiya kotibi Sergey LEBEDEV:

- Missiyamiz 26-noyabr kuni boshlandi. Avvalo, ishni saylovga mas'ul tuzilmalar - MSK, shuningdek, IIV, TIV, Bosh prokuratura vakillari bilan uchrashuvlardan boshladik.

22-dekabrga qadar viloyatlarga tashrif buyurdik, muhim hodisaga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdik. Shuningdek, vakillarimiz axborot kampaniyasini, saylov jarayonining ommaviy axborot vositalarida yoritilishini kuzatib, beshta partiya vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. MDH delegatsiyasi tarkibiga MDHning sakkiz davlatidan 182 nafar vakil kiritilgan. Saylov kuni shaxsan Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida, poytaxtimizdagi saylov uchastkalarida bo‘ldim.

Kampaniya uyushqoqlik bilan o‘tdi va bunda «Yangi O‘zbekiston - yangi saylov» shiori aks etdi. Joriy yilda qabul qilingan Saylov kodeksida missiyamiz saylov jarayonining umume’tirof yetilgan xalqaro normalariga mos keladigan qoidalarini qayd etdi. Kodeks nafaqat nazariyada, balki amalda ham O‘zbekiston fuqarolariga o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish huquqini to‘la ta’minlaydi.

Bir o‘rin uchun beshta nomzod to‘g‘ri keldi va bu haqiqiy raqobat asoslari yaratilganini ko‘rsatadi. Nomzodlarning tarjimai hollarini o‘rganar ekanmiz, ayni paytda O‘zbekiston xalqi manfaatlari yo‘lida qilinayotgan islohotlarni amalga oshirishda mamlakat rahbariyatiga yordam bera oladigan oliy ma'lumotli, muayyan tajribaga ega, munosib insonlar borligini ta’kidlash joiz.

Partiyalarning barcha vakillariga ommaviy axborot vositalarida bepul chiqishlar qilish, saylovchilarga fikr va pozitsiya, rejalarini yetkazish, teng maydonchalar va efir vaqti taqdim etish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratildi.

Mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘tkazilgan treninglar ham o‘z natijalarini berganini ta’kidlash joiz. Saylov uchastkalariga tashrif buyurib, saylov komissiyalari tarkibidagi kishilarning yaxshi tayyorgarlikka egaligi va o‘z vazifalarini yaxshi bilishi ko‘zga yaqqol tashlandi.

Ovoz berish jarayoni uyushqoqlik va aniqlik bilan o‘tdi. MDHdagi saylovlarga o‘xshamaydigan o‘ziga xos an’anaviy xususiyatlarni qayd etmasdan bo‘lmaydi - ular bayramga aylanadi. Saylovchilar ko‘p narsani saylovga bog‘lamoqdalar. Ularning kutganlari va umidlari ro‘yobga chiqishini, mamlakat va O‘zbekiston xalqi manfaatlari yo‘lida muvaffaqiyatli amalga oshishini xohlardik.

Kamchiliklar ham kuzatildi. Oilaviy ovoz berishga urinishlar bo‘ldi. Uchastka saylov komissiyalari a’zolari bunday urinishlarni darhol payqab, to‘xtatib qoldilar.

Missiya a’zolari 2076 saylov uchastkasiga tashrif buyurdi. Ovoz berish jarayoniga keluvchilar ko‘p bo‘ldi va u xotirjam muhitda o‘tdi.  Bunday joylar barcha zaruriy narsalar bilan ta’minlangan. Natijada saylov mamlakat Konstitutsiyasi va Saylov kodeksiga muvofiq o‘tdi, deb aytish mumkin. Ular ko‘ppartiyaviylik, oshkora va raqobat asosida o‘tkazilib, umume’tirof etilgan me’yorlarga mos bo‘ldi. Ularning ochiqligi va oshkoraligini ham ta’kidlash joiz. O‘zbekiston demokratik prinsiplarni o‘rnatish jarayonida olg‘a bormoqda va biz qo‘shnilar va do‘st sifatida bundan chin dildan xursandmiz.

 

YEXHT Parlament Assambleyasi delegatsiyasi rahbari Kari XENRIKSEN:

- Mamlakat o‘zgarmoqda, buni sezmaslikning iloji yo‘q. Ammo haqiqiy global o‘zgarishlar barmoqni shaqillatgan bilan sodir bo‘lib qolmaydi va bu tabiiydir. Ulkan ishlar amalga oshirilgani seziladi: saylovga tayyorgarlik samarali tashkil etilgan va saylovchilarni xabardor qilish bo‘yicha samarali kampaniya olib borilgan. Biroq shuni ta’kidlash kerakki, saylovchilarda aniq muqobillar bo‘lmasa, ko‘plab nomzodlar ilgari surgan dasturlarning juda o‘xshashligi konkret shaxslarga o‘z reprezentantini aniqlashga imkon bermaydi. Shu asnoda partiyalar va shaxslar ishini qayta ko‘rib chiqish imkoni mavjud. Vaziyatni o‘zgartirish uchun turli nuqtai nazarga ega, boshqalarning qarashlariga zid bo‘lsa ham, o‘z fikrini erkin bayon eta oladigan odamlar ko‘p bo‘lishi kerak. Faqat shu yo‘l bilan yangi bosqichga o‘tish va kelgusida uni rivojlantirish, muhim muammolarni hal etish mumkin.

Saylovoldi tashviqotining o‘zi cheklangandi va mediamakon tashqarisida faol bahs-munozaralar amalda deyarli kuzatilmadi. Shuningdek, yangi markazlashgan saylovchi reestrining joriy etilishi oldinga tashlangan muhim qadamni ifodalaydi, biroq uning hayotda to‘liq amalga oshirilishi faqat yaqin kelajakda sodir bo‘ladi. Yana ta’kidlayman, ana shu qisqa vaqt ichida hal qiluvchi o‘zgarishlarni talab qilib bo‘lmaydi, to‘g‘ri, siljishlar sezilarli, ammo erishilgan yutuqlarda to‘xtab qolmaslik ham kerak. O‘zgarishlar fuqarolarning o‘z noroziliklarini oshkora bildirishlari uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratdi va davlat ma'muriyatining tanqidga bardoshliligi oshdi. Lekin xalqni yangi vaziyatga jalb etish, uni xabardor qilish, mavjud to‘siqlarni, fuqarolar orasida qotib ulgurgan ishonchni bartaraf etish lozim. Ana shundagina kishining o‘zi hech nimadan umid qilmay, ovoz berish kerak bo‘lgani uchun ham buni amalga oshirmay, shu kabi tadbirlarni zarur darajada amalga oshirishni talab qiladi, o‘z qarashlariga mos keladigan nomzodlarni tanlay boshlaydi.

Hozirgacha islohotlar yuqoridan pastga qarab olib borilardi va ular fuqarolik tashabbuslari imkoniyatlari bilan to‘ldirilishi lozim. Bundan tashqari, ayollar mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotida kam ishtirok etmoqda edi. Ammo tizim aniq isloh qilinmoqda, kechagidek emas: saylovlarda ayol nomzodlarning ko‘pligi O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlardan dalolat. Hukumat namoyish etayotgan islohotlarga sadoqat tez orada butun jamiyat tomonidan qabul qilinishiga umid bog‘lab qolaman.

«Pravda Vostoka».

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech