USD = 8069.29 SUM   EUR = 9403.14 SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida aviaqatnov va xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi bitimlar imzolandi

Nashr qilingan sana: 15 11 2017

Joriy yilning 14-noyabr kuni Madrid shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Ispaniya Qirolligi tashqi ishlar va hamkorlik vaziri Alfonso Dastis bilan uchrashdi, deyiladi TIV matbuot xizmati xabarida.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirishda istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor berildi. Shuningdek, davlatlararo aloqalarning ko‘plab masalalari batafsil muhokama qilindi hamda “O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi”, “Markaziy Osiyo-Yevropa Ittifoqi” doirasidagi o‘zaro hamkorlik ko‘rib chiqildi. Muhim xalqaro muammolar to‘g‘risida fikr almashildi.

Suhbatda o‘zaro tovar aylanishining o‘sishi, ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish har ikki tomon uchun ham birdek foydali ekanligini inobatga olgan holda O‘zbekiston va Ispaniya ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini o‘rnatish va kengaytirish uchun diplomatik qo‘llab-quvvatlashga tomonlar tayyor ekanliklari tasdiqlandi.

Shuningdek, uchrashuvda turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Muzokaralar yakuniga yetgach, vazirlar O‘zbekiston Respublikasi bilan Ispaniya Qirolligi o‘rtasida avia qatnov to‘g‘risida va O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Ispaniya Qirolligi hukumati o‘rtasida xalqaro avtomobil tashuvlari to‘g‘risidagi bitimlarni imzoladilar.

Mazkur hujjatlar transport-kommunikatsiya sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun huquqiy asos yaratib, ikki mamlakat milliy yuk tashuvchilarining qatnov geografiyasini kengaytish imkonini beradi.

Ko'rishlar soni

84