USD = 8188.33 (+1.38) SUM   EUR = 10057.73 (-139.12) SUM
Toshkent
Booked.net - Hotel reservations
+28°C

Jinoyatchi joy tanlamaydi

Nashr qilingan sana: 17 01 2018

...Shinamgina qahvaxonaga tushlik qilish va xushbo'y qahva ustida mazmunli suhbat qurish uchun mijozlar tashrif buyurdi. Ularning ba`zilari veb-saytlarga bepul kiruvchi Wi-Fi ochiq tarmog'idan foydalanishga qaror qildi. Vaqt o'tib, ular o'z rekvizitlari, parolь va shaxsiy ma`lumotlarini o'zlashtirgan uddaburon kiberjinoyatchilar qurboniga aylangani ma`lum bo'ladi. 


Kiberxavfsizlik bo'yicha mutaxassislar tomonidan firibgarlikning bu usuliga «honeypot» deb nom berilgan. Ushbu usulning mohiyati go'yoki qonuniy va ochiq ijtimoiy tarmoq sifatida faoliyat yurituvchi Wi-Fi bog'lanishlarni yaratishdan iborat. Foydalanuvchilar bu tarmoqqa bilmay turib ulansa, jinoyatchilar xakerlik hujumini amalga oshirib, foydalanuvchi va "psevdo tarmoq" o'zaro almashgan barcha ma`lumotlardan foydalanish imkoniga ega bo'ladi. Bunday hujumlar ko'pincha qahvaxona va restoranlar, chakana savdo shoxobchalari va aeroportlarda amalga oshiriladi. 

Maishiy va ofis texnikasi, gadjet va planshet kompьyuterlari so'nggi modellarining aksariyatiga Wi-Fi texnologiyasi o'rnatilgan. 

Wi-Fi tarmoqlarini rivojlantirish bo'yicha «Wi-Fi Alliance» tarmoq konsortsiumi taxminiga ko'ra, bu yil dunyoda Wi-Fi signalini qabul qiluvchi 3 milliarddan ortiq moslama ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, joriy yil o'tkazuvchanlik qobiliyati katta bo'lgan va ko'p sonli mijozlar ulanishini ta`minlaydigan 802.11ax standartidagi yangi Wi-Fi avlodi signalini qabul qiluvchi mahsulotlar bozorga chiqarilishi kutilmoqda. 

Ayni damda Wi-Fi tarmoqlari orqali amalga oshirilayotgan jinoyatlar soni ham ortib bormoqda. Bu jinoyatlar orasida eng ko'p tarqalgani «Sniffing»dir. Jinoyatchi jamoat joylarida himoyalanmagan Wi-Fi tarmog'iga ulangan barcha foydalanuvchilarning shaxsiy ma`lumotlari va rekvizitlarini osonlikcha o'zlashtirib olishi mumkin. U qurbonning boshqa xizmat turlari, jumladan, bank xizmati va onlayn-to'lov tizimiga ham kirish imkonini beruvchi shaxsiy ma`lumotlarini qo'lga kiritishga urinadi. 

 

Jinoyatchilar orasida, shuningdek, «Sidejacking» parolni buzib ochish usuli ham keng tarqalgan. U foydalanuvchi sessiyasiga ulanib olish maqsadida ma`lumotlar paketini tahlil qilishdan iborat. 

Kiberjinoyatchilar qurboniga aylanmaslik va Wi-Fi tarmog'iga xavfsiz ulanishni ta`minlash uchun UZCERT kompьyuter hodisalariga chora ko'rish xizmati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan qator muhim qoidalarga amal qilish lozim. 

Ochiq Wi-Fi tarmoqlari bor joyda "feyk" tarmog'iga ulanib qolmaslik uchun, birinchi navbatda, ommaviy kirish nuqtasi nomining ishonchliligini tekshirish zarur. Buning uchun bino ma`muridan Wi-Fi ulanish tarmog'i qanday nomlanishini so'rash kifoya. Ommaviy Wi-Fi dan foydalanish jarayonida onlayn-banking va onlayn-to'lov xizmatlari, shuningdek, boshqa muhim resurslarga kirmagan ma`qul. Mobilь telefon sozlamasida Wi-Fi tarmoqlariga avtomatik ulanish ko'zda tutilgan bo'lsa, telefon egasi apparat tarmoqqa ulangani va shaxsiy ma`lumotlarini mustaqil ravishda uzatayotganini xayoliga ham keltirmasligi mumkin. Bundan tashqari, Wi-Fi dan foydalanadigan moslamalardagi himoya dasturlarini muntazam yangilab turish lozim. 

Wi-Fi – istiqbolli va jadal rivojlanayotgan internet-texnologiyalardan biridir. Ommaviy Wi-Fi ochiq tarmoqlaridan foydalanishda oddiygina xavfsizlik qoidalariga amal qilish har qanday ko'ngilsizliklarning oldini olishga yordam beradi. (Roman Bondarchuk, O'zA).

Ko'rishlar soni

93