01 Iyun 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,6 °C

Hujjatlar
8 May  2020 616

Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda matematika 2020-yildagi ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilandi. Oʻtgan davr ichida matematika ilm-fani va taʼlimini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan qator tizimli ishlar amalga oshirildi:

birinchidan, ilgʻor ilmiy markazlarda faoliyat yuritayotgan vatandosh matematik olimlarning taklif qilinishi va xalqaro ilmiy-tadqiqotlar olib borilishi uchun zarur shart-sharoit yaratildi;

ikkinchidan, xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan yoshlarimiz va ularning murabbiy ustozlari mehnatini ragʻbatlantirish tizimi joriy etildi;

uchinchidan, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqotlarning oʻzaro integratsiyalashuvini taʼminlash maqsadida Talabalar shaharchasida Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining (keyingi oʻrinlarda – Institut) yangi va zamonaviy binosi barpo etildi. Matematika sohasidagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi bir yarim barobarga oshirildi, byudjet mablagʻlari hisobidan superkompyuter, zamonaviy texnika va asbob-uskunalar xarid qilindi;

toʻrtinchidan, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashning birlamchi bosqichi sifatida stajyor-tadqiqotlik instituti joriy etildi;

beshinchidan, ilm-fan sohasidagi ustuvor muammolarni tezkor bartaraf etish, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalasini Hukumat darajasida belgilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri raisiligida Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi tashkil etildi.

Shu bilan birga, sohada yechimini topmagan qator masalalar matematika sohasidagi taʼlim sifati va ilmiy-tadqiqot samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini koʻrsatmoqda. Jumladan:

birinchidan, matematika taʼlimotining taʼlim olish bosqichlari oʻrtasidagi uzviylik toʻliq taʼminlanmagan;

ikkinchidan, umumtaʼlim maktablarida matematika darsliklari oʻquvchilarning yoshiga nisbatan fanni oʻzlashtirishni qiyinlashtiruvchi murakkab masalalardan iborat va boshqa fanlarda oʻtiladigan mavzular bilan uygʻunlashtirilmagan;

uchinchidan, matematikaga qiziquvchan, xalqaro olimpiadalar gʻoliblari boʻlgan aksariyat iqtidorli yoshlarimiz hududlardan boʻlishiga qaramasdan ularning kelgusi rivojlanishi uchun oliy taʼlim va ilm-fan sohasida zarur shart-sharoit yaratib berilmagan;

toʻrtinchidan, matematika sohasidagi ilmiy-tadqiqotning amaliyot va ishlab chiqarish bilan bogʻliqligi zaifligicha saqlanib qolmoqda;

beshinchidan, sohadagi olimlarning xorijiy ilmiy va taʼlim muassasalari bilan aloqalari milliy matematikani jahon miqyosiga olib chiqish, xalqaro hamjamiyatda nufuzini oshirish uchun yetarli emas.

Taʼlimning barcha bosqichlarida matematika fanini oʻqitish tizimini yana-da takomillashtirish, pedagoglarning samarali mehnatini qoʻllab-quvvatlash, ilmiy-tadqiqot ishlarining koʻlamini kengaytirish va amaliy ahamiyatini oshirish, xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional, oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy muassasalar oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni taʼminlovchi yaxlit tizimni shakllantirish;

ilgʻor xorijiy tajriba asosida maktabgacha yoshdagi bolalarda ilk matematik tasavvurlarni shakllantirish boʻyicha zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish;

umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida matematika fanlarini oʻqitish sifatini oshirish, hududlarda matematika faniga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini rivojlantirish hamda yangi maktablarni tashkil etish;

matematika fani boʻyicha kadrlarni, xususan qishloq joylardagi maktablarning kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish, matematika fani boʻyicha darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarni takomillashtirish;

iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda ularning matematika fani boʻyicha mahalliy va xalqaro fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishini hamda sovrinli oʻrinlarni egallashini taʼminlash;

taʼlim berishning onlayn platformasini yaratish va amaliyotga tatbiq etish, masofadan oʻqitish tizimi samaradorligini oshirish, baholash tizimining shaffofligini taʼminlash mexanizmlarini joriy qilish;

Matematika fanini bilish darajasini baholash boʻyicha milliy sertifikatlashtirish tizimini joriy qilish, oliy taʼlimning tegishli yoʻnalishlari va mutaxassisliklarida matematika fani boʻyicha mashgʻulotlarni koʻpaytirish hamda taʼlim berish sifatini oshirish;

matematika sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarning ishlab chiqarish bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash, amaliy matematikani rivojlantirish va iqtisodiyot tarmoqlaridagi muammolarni modellashtirish asosida matematik yechimlarni ishlab chiqish;

matematika sohasida taʼlim olayotgan va ilmiy-tadqiqotlar bilan shugʻullanayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, chet eldagi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish;

mamlakatimizning ilmiy va taʼlim tashkilotlarini bosqichma-bosqich jahonning matematika fani boʻyicha yetakchi ilmiy markazlari darajasiga yetkazish.

2. 2020–2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida matematika fanlari boʻyicha taʼlim sifatini yaxshilash, ilmiy-tadqiqotlarning natijadorligi va amaliy ahamiyatini oshirishning maqsadli dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligining har bir tumanda (shaharda) matematika fanini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablarni (keyingi oʻrinlarda –Ixtisoslashtirilgan maktablar) bosqichma-bosqich tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi 2020-yil 1-noyabrga qadar Ixtisoslashtirilgan maktablarni tashkil etish boʻyicha manzilli dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

4. Belgilansinki, Ixtisoslashtirilgan maktablarda:

maktab direktori tegishli tuman (shahar) hokimining iqtisodiy va boshqaruv jarayonlariga matematik usullar va modellarni joriy qilish masalalari boʻyicha maslahatchisi hisoblanadi;

maktab direktori Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Institut direktori bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

matematika fani chuqurlashtirilib oʻqitiladigan sinflar bosqichma-bosqich, mavjud ehtiyoj va oʻquvchilarning qobiliyatidan kelib chiqib tashkil etiladi;

oʻquvchilar belgilangan tartibda tanlov asosida saralab olinadi;

matematika fani chuqurlashtirilib oʻqitiladigan sinf bitiruvchilari tegishli oliy taʼlim muassasalarining matematika taʼlim yoʻnalishlariga ular uchun belgilangan maqsadli parametrlar boʻyicha oʻqishga qabul qilinadi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda uch oy muddatda:

Ixtisoslashtirilgan maktablarning nizomlarini, mazkur maktablarda matematika fani oʻqituvchilarini tanlov asosida ishga qabul qilish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

2021-yil 1-sentyabrdan boshlab Ixtisoslashtirilgan maktablar rahbar kadrlari (direktor va ixtisoslashgan fan boʻyicha direktor oʻrinbosari) va matematika fani oʻqituvchilarining bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik ustama haq toʻlash tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

6. Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Ixtisoslashtirilgan maktablarda Institut va oliy taʼlim muassasalarining yuqori malakali professor-oʻqituvchilarini jalb qilgan holda masofaviy taʼlim orqali dars mashgʻulotlarini oʻtkazish choralarini koʻrsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Fanlar akademiyasi va “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar Matematika fanini bilish darajasini baholash boʻyicha milliy sertifikatlash tizimini (keyingi oʻrinlarda – Milliy sertifikatlash tizimi) joriy qilsin.

8. Milliy sertifikatlash tizimi doirasida quyidagilar belgilansin:

matematikani bilish darajasini baholash va bu toʻgʻrisida milliy malaka sertifikatini (keyingi oʻrinlarda – milliy sertifikat) berish oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi;

matematikani bilish darajasini baholash tabaqalashtirilgan holda amalga oshiriladi; 

imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega abituriyent davlat oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirishda matematika fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi va unga matematika fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi; 

2021-yil 1-sentyabrdan boshlab Ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani boʻyicha oʻqituvchilari tegishli darajadagi milliy sertifikatga ega boʻlishlari majburiy hisoblanadi;

Milliy sertifikatlash tizimi uchun test topshiriqlari bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borishda ekspert sifatida Institut ilmiy xodimlari jalb qilinadi;

milliy sertifikatning tegishli darajasiga ega matematika fani oʻqituvchilariga (Ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani oʻqituvchilaridan tashqari) ular faoliyat olib borayotgan davlat taʼlim muassasasining joylashuviga qarab bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 25 foizdan 50 foizgacha har oylik ustama haq toʻlanadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ilmiy faoliyatga doir davlat dasturiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan 2021-yil 1-yanvarga qadar Milliy sertifikatlash tizimining onlayn platformasini ishlab chiqsin va joriy etsin.

10. Institut tarkibida 5 ta shtat birligidan iborat Matematika taʼlimi boʻyicha oʻquv-uslubiy materiallarni muvofiqlashtirish laboratoriyasi tashkil etilsin.

Belgilansinki, “Matematika taʼlimi boʻyicha oʻquv-uslubiy materiallarni muvofiqlashtirish” laboratoriyasi faoliyatini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan Institutni saqlash uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.

11. 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq davlat taʼlim muassasalarida qoʻllaniladigan matematika fani boʻyicha darsliklar va oʻquv qoʻllanmalarni ishlab chiqishda majburiy tartibda Institutning ekspert xulosasi olinadi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2020-yil 1-sentyabrga qadar:

matematika boʻyicha bilim, malaka va koʻnikmalar talab etiladigan taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining oʻquv rejalarida matematika fani uchun ajratilgan soatlar hajmini oshirish;

kadrlar isteʼmolchilari mutaxassislarini jalb etgan holda bitiruvchilarda sohaga oid matematika boʻyicha amaliy bilim, malaka va koʻnikmalarni shakllantirish hamda rivojlantirishga qaratilgan loyiha ishlarini amalga oshirish;

kadrlarni integrativ fanlararo tayyorlash maqsadida matematika taʼlim yoʻnalishlarida qoʻshimcha fanlarni (biologiya, geologiya, kimyo, fizika va boshqalar) joriy qilish choralarini koʻrsin.

13. Institut huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Matematika fani va taʼlimini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Jamgʻarma faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida Institut tuzilmasida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan saqlanadigan 2 shtat birligidan iborat Matematika fani va taʼlimini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarini boshqarish guruhi tashkil etilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining matematika sohasidagi fundamental va amaliy ilmiy izlanishlari natijalariga koʻra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotini (keyingi oʻrinlarda – Mukofot) taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

15. Belgilansinki:

Mukofot bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar taqdirlanadi;

Mukofot ikki yilda bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashining taklifiga koʻra uchta yoʻnalish (fundamental sohadagi tadqiqot, yoshlar oʻrtasidagi tadqiqot va iqtisodiyotning real sektoridagi muammoning yechimini taʼminlagan tadqiqot) boʻyicha beriladi;

har bir yoʻnalish boʻyicha Mukofot sovrindorlariga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 50 ming AQSH dollari ekvivalentidagi pul mukofoti beriladi;

Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashida Mukofot nomzodlarini koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining tavsiyanomasiga koʻra amalga oshiriladi;

taqdirlash uchun nomzodlar boʻyicha takliflar Oʻzbekiston matematika jamiyati tomonidan oʻtkaziladigan doimiy kuzatuvlar asosida shakllantiriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi;

Mukofot sovrindoriga pul mukofotini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish 2021-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Moliya vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti bilan taqdirlash tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Qoraqalpogʻiston Respublikasida, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining hududiy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda – hududiy boʻlinmalar) tashkil etilsin hamda ularning namunaviy shtat jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. Belgilab qoʻyilsinki:

hududiy boʻlinmalar xodimlarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha xarajatlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan Institutni saqlash uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi;

hududiy boʻlinmalar joylashtirilgan bino va inshootlarni saqlash hamda kommunal toʻlovlar boʻyicha xarajatlarni qoplash tegishli oliy taʼlim muassasasining byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

hududiy boʻlinmalar yuridik shaxs hisoblanmaydi va Institutning tarkibidagi ilmiy boʻlinmalari sifatida faoliyat yuritadi;

har bir hududiy boʻlinma tarkibida bir shtat birligidan iborat, 2021-yilda Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan saqlanadigan va 2022-yildan boshlab toʻliq xoʻjalik hisobiga oʻtkaziladigan Oʻquv markazlari faoliyat yuritadi;

hududiy boʻlinmalarning rahbarlari Institut direktori tomonidan tegishli oliy taʼlim muassasasining rektori bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

hududiy boʻlinmalarning ilmiy-tadqiqot ishlari Institutning ish rejasi va ilmiy-tadqiqot ishlari doirasida amalga oshiriladi.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Fanlar akademiyasining Institut huzurida qonun hujjatlariga muvofiq holda matematika ixtisosliklari boʻyicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashni (keyingi oʻrinlarda – ilmiy kengash) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

20. Institut rahbariyati ilmiy kengash aʼzolarining yarmidan koʻpi Institutda faoliyat yuritishini, shu jumladan, oʻrindoshlik asosida jalb etilishini hamda izlanuvchilarning dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik va maslahatchilik qilishini taʼminlasin.

21. Belgilab qoʻyilsinki:

izlanuvchining dissertatsiyalarini ilmiy seminar va ilmiy kengash yigʻilishlarida koʻrib chiqish hamda muhokama qilish sanasi ilmiy kengash tomonidan belgilanadi;

izlanuvchiga tegishli ilmiy darajani berish toʻgʻrisidagi qaror ilmiy kengash tomonidan qabul qilinadi;

ilmiy kengash izlanuvchiga dissertatsiyani muvaffaqqiyatli himoya qilgan kunning oʻzida davlat namunasidagi ilmiy daraja boʻyicha diplomni berish vakolatiga ega;

ilmiy kengashning tarkibi Institut kengashi tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi bilan kelishilgan holda Institut kengashi qarori bilan tasdiqlanadi.

22. Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Institut uchun Toshkent shahar Olmazor tumani Universitet koʻchasida yangi qurilgan binoni Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida begʻaraz oʻtkazib berilishini taʼminlasin.

23. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi “Matematika taʼlimi va fanlarini yana-da rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4387-son qaroriga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish kiritilsin.

24. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Moliya vazirligi va Fanlar akademiyasi matematika sohasidagi taniqli olimlar haqida turkum badiiy va hujjatli filmlarni suratga olish choralarini koʻrsin.

25. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2020-yil 7-may

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech