22 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +5,1 °C

Hujjatlar
31 Oktyabr  2019 267

2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashni taʼminlash sohasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, bu borada oʻtkazilgan tahlil natijalari atrof- muhitni muhofaza qilish sohasida davlat funksiyalarini amalga oshirishda kompleks yondashuv va strategik rejalashtirishning mavjud emasligi, shuningdek, qoʻyilgan vazifalarni samarali bajarish uchun tabiatni muhofaza qilish organining vakolatlari yetarli emasligidan dalolat beradi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, respublika aholi punktlarining sanitariya va ekologik holati uchun davlat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, shuningdek, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarga erishishni taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilsin:

atrof-muhit obyektlarini (atmosfera havosi, suv, yer, tuproq, yer qaʼri, bioxilma-xillik, qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar) antropogen taʼsir hamda boshqa salbiy taʼsir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini taʼminlash;

ekologik jihatdan eng kam xavf tugʻdiruvchi materiallardan, mahsulotlardan, ishlab chiqarish obyektlari va boshqa obyektlardan ustuvor darajada foydalanish;

qoʻriqlanadigan tabiiy hududlarni kengaytirish;

zaharli kimyoviy va radioaktiv moddalardan ekologik xavfsiz foydalanishni taʼminlash;

chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishning ekologik xavfsiz tizimini takomillashtirish;

aholining ekologik madaniyatini shakllantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari faoliyatining shaffoflik darajasini oshirish va fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish;

b) 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini 2019-2021 yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qoʻyilsinki, Konsepsiya erishilgan natijalar, maqsadli koʻrsatkichlar va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha tegishli davrga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga alohida-alohida tasdiqlanadigan “Yoʻl xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda – Davlat ekologiya qoʻmitasi):

2021-yil 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish yakunlarini puxta oʻrganish asosida keyingi davrga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” loyihasining ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilishini taʼminlasin;

“Yoʻl xaritalari” amalga oshirilishi boʻyicha taʼsirchan monitoring yuritsin.

3. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – transport vaziri A.J.Ramatov zimmasiga – Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish doirasida masʼul vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish yuzasidan;

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi B.T.Qoʻchqorov zimmasiga – Konsepsiyaning maqsadli koʻrsatkichlariga erishish yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

4. Davlat ekologiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi va jamoatchilikning davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy (keyingi oʻrinlarda – moratoriy) joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Belgilansinki:

a) moratoriy 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 31-dekabrgacha amal qiladi;

b) moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi, ushbu bandda belgilangan holatlar bundan mustasno;

v) moratoriy:

tabiiy omillar yoki zararkunandalar, oʻsimliklar kasalliklari taʼsirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tugʻdiruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga;

yogʻoch va mevalar olish uchun oʻstirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez oʻsuvchi boshqa navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga;

plantatsiyalarda oʻstirilayotgan va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga joriy etilmaydi.

Vazirlik va idoralar, shuningdek, xoʻjalik boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari obyektlarni qurish va qurishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratish bosqichida, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini (elektr, gaz va suv taʼminoti, kanalizatsiya, temir yoʻl hamda avtomobil yoʻllari va boshqalar) barpo etishda, shu jumladan, daraxtlar va butalarni koʻchirib oʻtkazish amaliyotini qoʻllash orqali ularning saqlab qolinishini qatʼiy taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi daraxtlar va butalarni himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan, daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish, ularga zarar yetkazish yoki yoʻq qilish uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ikki hafta muddatda tasdiqlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi Davlat ekologiya qoʻmitasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi hunarmandlarni yogʻoch, shu jumladan, daraxtlarning qimmatbaho navlaridan olingan yogʻoch bilan taʼminlash boʻyicha bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

Davlat ekologiya qoʻmitasi 2020-yil 1-noyabrgacha boʻlgan muddatda daraxtlar va butalarni muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar samaradorligidan kelib chiqqan holda, moratoriyning amal qilishini uzaytirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan taklif kiritsin.

6. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi Davlat ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etgan holda, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari komissiyalari tomonidan yashil dov-daraxtlarni sanitar qirqish va kesishda, shuningdek, ularni qayta ishlash va chiqindilarini utilizatsiya qilish, shu jumladan, yogʻochlardan tijorat maqsadida foydalanishda ekologiya talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat amalga oshirilishini taʼminlasin.

7. Quyidagilar:

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Oʻzbekiston Ekologik partiyasi bilan birgalikda yoshlarda atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda boʻlishni shakllantirish, tabiatni saqlash, havo, suv va tuproq ifloslanishiga, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga ziyon yetkazilishiga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan ekologik aksiyalarni tashkil etish;

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish respublika markazining atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganish yuzasidan yiliga kamida bir marta ijtimoiy tadqiqotlar oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

8. 2019-yil 1-noyabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasining raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining boshliqlari har yili hududda atrof-muhitni muhofaza qilishning holati toʻgʻrisida tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hisobot taqdim etadi;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat boʻyicha tuman (shahar) inspeksiyalarining boshliqlari har yili tumanda (shaharda) atrof-muhitni muhofaza qilishning holati toʻgʻrisida tegishli ravishda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga hisobot taqdim etadi.

9. 2019-yil 1-noyabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Davlat ekologiya qoʻmitasining davlat inspektorlari quyidagi holatlar aniqlanganda tezkor nazorat tadbirlarini nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ bilan oldindan kelishmasdan, oʻtkazilgan tekshiruv haqida Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali tekshiruv boshlangan paytdan boshlab yigirma toʻrt soat ichida vakolatli organni majburiy ravishda xabardor qilgan holda amalga oshiradi:

yonuvchi moddalar va qurilish materiallarini bir joyga toʻplash yoki ochiq olovda yoqishda atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha talablarga rioya etmaslik;

dalalar va aholi punktlarida maxsus texnik vositalarni qoʻllamasdan bitumni eritish, angʻizni, toʻkilgan barglarni va daraxt shoxlari yoki boshqa oʻsimlik qoldiqlarini yoqish;

oqava suvlarni joy relyefiga yoki ochiq havzalarga, shuningdek, kommunal kanalizatsiya tizimiga normadan ortiqcha yoki ruxsatsiz oqizish;

tabiiy suv obyektlaridan suvdan maxsus foydalanish yoki suv isteʼmoliga ruxsatnomasiz suv olish;

daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, yovvoyi holda oʻsuvchi oʻsimliklarni yigʻish va tayyorlash yoki yoʻq qilish, yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan, baliqni) ovlash yoki qoʻlga kiritish;

chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik;

daryolar, soylar, kichik daryo va koʻllarning oʻzanlari va suvni muhofaza qilish zonalarini tozalash, shuningdek, ularning qirgʻoqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik.

10. Quyidagilar:

2020-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini ishlab chiqarish boʻyicha yangi quvvatlarni ishga tushirish;

2022-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-3”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini, 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilgʻisini “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish;

2022-yil 1-yanvardan boshlab zaharlilik darajasi “Yevro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi gʻildirakli transport vositalaridan foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish man etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan “M” va “N” toifalardagi gʻildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash tartibini ikki oy muddatda tasdiqlasin.

11. Davlat ekologiya qoʻmitasining yovvoyi hayvonlarni ovlashga va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnomalar berish boʻyicha oʻz vakolatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

12. Davlat ekologiya qoʻmitasi:

a) uch oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

davlat ekologik ekspertizasi oʻtkazilgunga qadar, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub (yuqori va oʻrtacha xavf-xatar) faoliyatning moʻljallanayotgan turlari boʻyicha atrof-muhitga taʼsirni baholash loyihalarining majburiy jamoat muhokamalari va eshitishlarini oʻtkazish tartibini;

atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub (yuqori va oʻrtacha xavf-xatar) faoliyat turlari bilan shugʻullanadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tozalash inshootlari bilan taʼminlanganligi, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq ularni majburiy oʻrnatish chora-tadbirlari amalga oshirilganligi yuzasidan xatlovdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflarni;

b) gʻildirakli transport vositalarini ishlab chiqarishda “Yevro-4”dan past boʻlmagan talablarni bajarish boʻyicha gʻildirakli transport vositalarini eksport qiluvchi davlatlarning qonun hujjatlarini identifikatsiyalash yoki murojaatchilar tomonidan taqdim etilgan, mazkur gʻildirakli transport vositalarining zaharli moddalar chiqarish darajasi boʻyicha “Yevro-4”dan past boʻlmagan ekologik toifa talablariga muvofiq ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan, gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalardagi yangi gʻildirakli transport vositalari uchun ekologik sertifikatlar berish tashkil etilishini taʼminlasin;

“Oʻzstandart” agentligi, “Oʻzavtosanoat” AJ, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar Davlat ekologiya qoʻmitasi huzuridagi “Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi” DUK negizida gʻildirakli transport vositalarining ekologik toifasini aniqlash boʻyicha zamonaviy laboratoriya kompleksini tashkil etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

v) aholining ekologik madaniyatini oshirish, shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratgan holda keng koʻlamli targʻibot faoliyatini tashkil etish ishlarini kuchaytirsin;

g) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2020-yil 1-oktyabrga qadar xalqaro tajribani hisobga olgan holda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Chiqindilar toʻgʻrisida” yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

beshta xavf-xatar toifasi tizimi oʻrniga sanoat tarmoqlari va/yoki kimyo-fizik parametrlar asosida chiqindilarni tasniflash tizimini joriy etish;

ishlab chiqarishda chiqitsiz va kam chiqitli texnologiyalarni, shuningdek, konchilik va qayta ishlash korxonalari chiqindilarini qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishni iqtisodiy ragʻbatlantirish;

sanoat obyektlarida xavfli chiqindilarni ekologik xavfsiz saqlashni tashkil etishni taʼminlash;

oʻzining isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotgan va tarkibida xavfli moddalar mavjud boʻlgan tovarlarni (simobli termometrlar, batareykalar, tarkibida simob mavjud lampalar va boshqalar) yigʻish, foydalanish va/yoki zararsizlantirish tizimini tashkil etish;

tibbiyot chiqindilarini yigʻish, zararsizlantirish, utilizatsiya qilish va koʻmib tashlash tizimini tashkil etish.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin:

Davlat ekologiya qoʻmitasi davlat inspektorlarining tekshirish oʻtkazishiga toʻsqinlik qilganlik, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hududlari va inshootlarini koʻzdan kechirishga qoʻymaslik yoxud ular tomonidan xizmat majburiyatlarini bajarishga boshqacha tarzda toʻsqinlik qilganlik, shuningdek, jismoniy yoki yuridik shaxslarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarni bajarmaganligi uchun javobgarlikni kuchaytirish;

ekologik ekspertiza organlarini qayta tashkil etish va optimallashtirish, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning IV toifasiga mansub (mahalliy taʼsir) faoliyat turlari boʻyicha atrof-muhitga taʼsirni baholash materiallarini soddalashtirilgan shaklda taqdim etish, hujjatlarni topshirish va qabul qilishning elektron tizimini joriy etish, atrof-muhitga taʼsir koʻrsatadigan faoliyat turlari roʻyxatini qayta koʻrib chiqish.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur Farmondan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish maqsadida Davlat ekologiya qoʻmitasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tumanlar (shaharlar) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat boʻyicha tahlil laboratoriyalari va inspeksiyalarni bittadan maxsus avtotransport bilan taʼminlashni hisobga olgan holda, Davlat ekologiya qoʻmitasining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 184 ta avtotransport vositalarini saqlash uchun qoʻshimcha limit ajratsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini, shuningdek, Konsepsiya va “Yoʻl xaritasi” amalga oshirilishini yoritishga oid maqolalar va mavzuga oid telekoʻrsatuvlarni tashkil etsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF–5490-son Farmoni bilan tasdiqlangan Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyxatiga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

17. Davlat ekologiya qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J.Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti                                                       Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 30-oktyabr.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech