22 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7 °C

Bo‘sh vaqtda
16 Mart  2019 1840

Ixtirochi

(Davomi, 4-qism)

Tomorqani gullatadigan, mo‘l-ko‘l hosil olishga yordam beradigan apparatni yasashga rosa o‘n besh kun vaqtim ketdi. Ulardan qutuldim, meni endi tinch qo‘yishsa kerak, deb chuchvarani xom sanaganim to‘g‘ri chiqdi. Tug‘ishganlarim bittadan kasalmand, oriq qo‘y yetaklab kelishdi, albatta. Bo‘lmasam-chi? Tomorqani gullatadigan shundoq apparat deyarli suv tekinga tushib turgandan keyin! Ammo baribir bir bor u yoq-bu yoqqa ko‘chiradigani va mol semirtiradigan apparatini ham so‘rashdi. Artistlik ham qilib ko‘rishdi. Bo‘sh kelib bo‘pman! To‘ra amakim bilan Ulbuvi checha menga kasalmand qo‘yini pullamoqchi bo‘lishdi, hatto. Nimayam derdim, ularga tekkan kasal bu! Tuzatib bo‘lmaydiyam!..

— Yo apparat, yo hyech nima! — shartta gapni kesdim.

Keyin bittadan apparat va uni qanday ishlatish lozimligi yozilgan qo‘llanmadan olib ketishdi...

Men esa har hafta bozorga yiltillab semirgan ikkita buqa va uch-to‘rtta qo‘chqor olib chiqishni yo‘lga qo‘ydim. Juda maroqli yumush ekan, qo‘lga jaraq-jaraq pul tushadi, deng. Xotinim esa sekin-asta tomorqadan chiqqan hosilni bozorga olib chiqa boshladi.

Shu o‘tgan uch oy ichida qo‘shnimizning men mol semirtiradigan og‘ilxona ortiga buqachalarini bog‘layotganini ko‘rib qoldim. «Mening buqachalarim ham semirsin», deb o‘ylagan-da! Qoyil! Bu ko‘proq kulgimni qistadi. Og‘ilimizning orqa tomoni qo‘shniniki, shu bois unga biron nima deb bo‘lmaydi. yer uniki bo‘lgandan keyin istagan yerga bog‘layveradi-da, molini! Ammo bu «oqilona tadbiri» umuman ish bermasligini o‘ziyam bilmaydi!..

To‘ra amakimning qilig‘idan ichaklarim uzilib ketay dedi. Nima qilibdi, deng? «Kartoshka-sabzini katta qiladigan narsa mengayam yordam bersa kerak!» deb apparatni uch-to‘rt marta o‘ziga qaratib ishlatib ko‘ribdi. Ulbuvi chechadan gavdaliroq bo‘laman, degan-da! Ularga zinhor bunday qilmaslikni qayta-qayta tayinlagandim-a! Natijada uch-to‘rt kun lohas bo‘lib, lanjlanib, ovqat ham yeya olmay qolibdi. Haliyam bu oson qutulgani! Agar o‘zida ko‘proq sinab ko‘rganida oyoq-qo‘li ishlamay qolishi ham hyech gap emasdi. Yoki birorta mutatsiya jarayoni boshlanib ketarmidi organizmida? Shundayam meni aybdor qilganiga o‘laymi? Buncha tajriba qilib ko‘rishni yaxshi ko‘rishmasa bular?!

Yaxshiyam, o‘sha apparatlarni yasab berganim. Tug‘ishganlarim o‘z tomorqalari-yu, bozordan beri kelmay qolishdi. O‘zlari bilan o‘zlari ovora. Ishdan boshi chiqmagani ma’qul, bekorchilikdan odamning kallasiga har xil g‘alamisliklar kelaveradi-da, bo‘lmasam. Kim bilsin, shunday qilmasam, uyga uni-buni bahona qilib kelaverib, bezor qilib yuborisharmidi...

Bir kuni kechqurun opam bilan pochcham uyga kelishdi. Qizini unashtirishgandi, shunga nimadir so‘rashga kelgani aniq. Adashmabman, kaminaning zimmasiga bitta sakkiz yuz kilo tosh bosadigan buqa semirtirib berish «solig‘i» tushganmish. O‘ho‘, ishtahalari zo‘r-ku?! «Soliq»mish! Bu gap qayoqdan chiqdi, hayronman! Bir og‘iz ham so‘ramay, menga o‘zlaricha «soliq» solgani jahlimni chiqardi... Keyin birdan esimga tushib qoldi: o‘tgan hafta katta o‘g‘lim bozorda ul-bul xarid qilib puli tugab qolibdi. Yo‘lkiraga opamdan qarzga ozroq pul so‘rabdi. Opam: «Voyy, tushumni «kassa» qilib, pochchangdan bervoruvdim-a, endi nima qilsam ekan-a?! Sal ertaroq kelsang bo‘lmasmidi?» debdi. Bergisi kelmagani aniq. Aksiga olib, kamina bilan oyisi ham bozordan ertaroq qaytgandik. O‘g‘lim, menga tortgan — birovga umuman yalinmaydi. Shartta burilibdi-yu, jo‘navoribdi. Shunchalik xafa bo‘libdiki... Keyin menga qo‘ng‘iroq qildi. Portatsiya apparati yordamida uyga bir zumda olib keldim.

Mengayam rosa alam qildi. «Shu qilganiga endi oila a’zolarimning har biriga bittadan portatsiya apparati yasab berganim bo‘lsin, hye qurumsoq, qattiq bo‘lmay ketishsin bu tug‘ishganlar!» deb o‘yladim.

Mana, o‘sha qizg‘anchiqlardan ikkovi bezlarcha «buqa semirtirib bersang...» deb uyimga kelib o‘tiribdi. Ammo men unaqa emasman, o‘zimni bosishim kerak. Ularning qilgan xatosini men ham takrorlashni istamayman.

— Bo‘pti, bosh ustiga! — dedim men.

Xotinim bilan katta o‘g‘lim bir sapchib tushishdi, qovoqlari uyuldi.

— Sakkiz yuz kilolik ho‘kizmi, bo‘pti, gap yo‘q-da! Bilasiz, biz ham katta o‘g‘limizni kelasi bahorda uyli qilamiz, deb niyat qilib turibmiz. Sizlar ham sakkiz yuz kilolik ho‘kiz qaytarsangiz bo‘ldi, kamina bugunoq ishga kirishganim bo‘lsin.

To‘mtayib qolishdi.

— Iy? Tenglashjon, bizda mol semirtiradigan apparat yo‘q-ku?! O‘zimiz istasak ham bahorgacha unaqa mol semirtirib berolmaymiz! — dedi pochcham. Opam unga shunday o‘qraydiki... sezmay bo‘larkanmi?

— Unda sakkiz yuz kilo tosh bosadigan ho‘kiz sotib olib berasizlar! Tushunishimcha, «soliq»qa «soliq» bilan javob qaytariladi. Pochcha, qarashingizdan tushundim, javobingizni. Demak, «Yo‘q!» deb qabul qilaveraymi? — tilidan ilintirdim. Katta o‘g‘limning ko‘zlari chaqnadi, oyisiga o‘xshab ishshaydi. Xotinim tushunmadi-yov, bo‘sh choynakni ko‘tarib oshxona tomon ketdi. Unga sal kechroq yetib borishini bilasiz.

— Sen o‘zingga semirtirib olaverasan, ana, apparating bor-ku?! Yasab bermaganingdan keyin bizda unaqa narsalar qaerdan bo‘lsin?! O‘sha matohing shunchalik tilladanmi? Bizdan ham qadrlimi? — dedi achchiqlanib opam. — Erta-indin sening ham to‘y qilishing bor, biz ham qarab turmaymiz, qo‘ldan kelgancha qarashamiz. Yo pochchang bilan turib, ketaveraylikmi?

E-e, achchiqlansa, o‘ziga! Artistlik qilyapti. Koshki opamni bilmasam... Biroq bu nomeri menga o‘tmaydi. Tug‘ishanlarimning mastonliklari-yu, ayyorliklariga menda allaqachon «immunitet» paydo bo‘lgan. Bo‘lmasa, nahangday yeb-yutib yuborishlari aniq!

— Opa, haydamaymanu ammo ixtiyoringiz. Sizlarni o‘ylayotganimni nega tushunmaysiz, axir?! Mundoq o‘ylab ko‘ring-da, o‘zingiz ham. Sakkiz yuz kilolik ho‘kiz bozorda o‘n to‘rt-o‘n besh million turadi. Ertaga men to‘y qilsam, o‘n besh million qaytara olasizmi? Gap ana shunda. Shaxsan men bunga ishonmayman. Bozorchisiz, pul hisob-kitobni yaxshi ko‘rishini mendan ham yaxshi bilasiz, shundaymi? Keyin ozgina yo‘lkiraga pulni qizg‘angan odamga ishonib bo‘larkanmi? — chaqib oldim.

Tilim zaharligini o‘zim ham bilaman. Ayniqsa, tug‘ishganlarim buni menga bot-bot eslatib turishadi. Darrov gapirgan odamning yuziga chang solarmishman. Gaplarim qalampirdan ham achchiq emish! Nima qilay, borim shu, bu odat jon bilan chiqsa kerak! Ikkoviyam qizarib ketdi...

O-o! Tug‘ishganlar!..

Ammo ikkovining ham favqulodda «irodali»li ekani meni lol qoldirayotgandi. Maqsadga erishish yo‘lida hyech nimadan tap tortishmaydi-ya! Istalgan zarbani ko‘tarishga tayyor-a?! Qoyil! Mana, maqsadga intilish va unga erishishni kimdan o‘rganish kerak? Bunaqa ustozlarni yillab qidirib topolmaysiz. Aslida ular yonginamizda, shundoqqina biqinimizda yurisharkan! Xullas, uzoq olib borilgan «do‘stona muzokara»lardan so‘ng kamina: «Bo‘pti, 120 kilolik qo‘chqor qo‘shaman!» deb arang qutuldim. Qarasam, ishi bitmaguncha ketadigan emas ikkoviyam. Bu yoqda esa bedani o‘rib olish, sabzi ekish kerak...

Shungayam ko‘ngillari to‘lmay ketishdi.

Hye, ko‘ngillarigayam o‘t tushsin! Bilaman, ertaga men to‘y qilsam, 120 kilogrammlik qo‘chqorniyam qaytara olmasliklarini. O‘zim aslida «Men falonchiga bir yaxshilik qiluvdim, shuni qachon qaytararkin-a?!» deb kutib yuradiganlar xilidan emasman. Ammo ular ham g‘irt tekinga, belini og‘ritmay, istagan narsasiga ega bo‘lish noto‘g‘ri ekanini tushunishi kerak-ku?! Kimdir buni ularga aytib turmasa, qaerdan ham anglashardi.

Mehmonlar ketishdi. O‘g‘lim bilan xotinim xursand bo‘lishni ham, xafa bo‘lishni ham bilmay, ikkilanib qolishgan. Xursand bo‘laylik deyishsa, 120 kilolik qo‘chqorga tushib turibman, xafa bo‘laylik deyishsa, yo‘lkira bermagani uchun boplab ularning ta’zirini berganman.

— E, to‘mtayma-ye, ikkoving ham! Ba’zan tinch qo‘yishlari uchun ham nimadir berish kerak bo‘larkan. Bitta qo‘chqor menga cho‘t emas, albatta. Nari borsa, o‘n kunlik ish. Buni o‘ylamanglar ham! Bo‘pti, bir reja o‘ylaganman, qani yaqinroq o‘tiringlar! — bu gapimdan ikkoviyam jonlandi. — Oyisi, endi turli shaharlardagi katta bozorlarga qatnaysan. Ikki o‘g‘ling va men senga sabzavot va poliz ekinlarini yetkazib berib turamiz, bo‘ladimi? Bedani o‘rib, bog‘lab, bir chekkaga bosib qo‘yaveramiz, qishda yemishning ortiqchasini sotamiz, ana sizlarga yo‘q joydan daromad.

— Turli shaharlardagi katta bozorlarga? Mayliku-ya, lekin qanday qilib...— so‘radi xotin tushuna olmay.

— Oyi, dadam sizga portatsiya apparati yasab bermoqchiga o‘xshaydi, tushunmayapsizmi? — gapini bo‘ldi katta o‘g‘lim.

— Ha-a!.. Yaxshi bo‘lardi.

— Nafaqat senga balki ikki o‘g‘lingga ham yasab beraman, bittadan. O‘g‘lim, sen ukang bilan ertadanoq kartoshka kavlashni boshlaysizlar. Oying, katta shaharlarning bozorlarida sotaveradi. Kunlik tushgan daromad to‘rtga bo‘linadi.

— To‘rtga? — baravar so‘rashdi. Bu orada kichik o‘g‘lim ham kelib o‘tirdi.

— Ha, to‘rtga. Uch qismini uchchoving teppa-teng bo‘lib olasizlar. Bir qismi esa urug‘likka, qalay, bo‘ladimi? Menga shart emas. Faqat mehnatdan qochmasanglar bo‘ldi. Agar men aytgan tartibda ishlasanglar, bir yilda uchchoving ham bittadan mashinali bo‘lib turibsizlar-da!

O, ularning ko‘zlaridagi baxtiyorlikni ko‘rsangiz edi. Ana shu baxtiyorlikni ko‘rish uchun hamma narsangni berib yuborsang arziydi!.. To‘g‘ri, malikai dilozorimizga moshina-poshina kerakmas, haydolmaydiyam. Shunchaki oldingi o‘rindiqda g‘o‘dayib o‘tirib ketishni yaxshi ko‘radi. Buni o‘zimcha tasavvur qilib kulib yubordim...

Nurpo‘lat NURQULOV

(davomi bor)

Hikoyaning boshini bu yerda o‘qishingiz mumkin.

Hikoyaning ikkinchi qismi bu yerda.

Hikoyaning uchinchi qismi by yerda.
 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech