15 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,9 °C

Mamlakatimizda
1 Aprel  2019 1334

“Yig‘-yig‘”lar qachon barham topadi?

yoki maktabgacha ta'lim muassasida Kuzatuv kengashi ishonchni oqlayaptimi?

 

Har davrda insoniyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘lib kelgan korrupsiya, ta'magirlik, poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik, davlat mulkini talon-taroj qilishga qarshi murosasiz kurashib kelingan. Chunki bu illatlar tomir otsa, davlat tanazzul sari yuzlanishi, xalq manfaati yo‘lida qilingan barcha sa'y-harakat besamar yakunlanishi haqiqatdir.

Mamlakatimizda ham bunday illatlarga barham berish choralari kuchaytirilib, huquqiy asoslar yaratildi. Afsuski, bu boradagi ishlar kutilgan natijani bermadi. Ammo har ishning vaqt-soati borligini hisobga olsak, keskin amaliy harakatlar boshlangach illat tarqatuvchilar uchun “sichqonning ini ming tanga” bo‘lib qolayotganini ko‘rib, eshitib turibmiz.

O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilning 4-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni bunga qarshi kurashishning huquqiy asosi bo‘ldi. Jamiyatda bunga qarshi murosasiz kurashni shakllantirish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishi sifatida belgilangan. Endi bunday qing‘ir ishlarni amalga oshirganlar uchun qat’iy jazo muqarrar, qonunlarni bilmaslik biror kishini jazodan qutilishiga bahona bo‘lolmaydi. Umuman, ushbu yo‘nalishda ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilingan bo‘lsa-da, uning ijrosiga kelganda yana sustkashlikka yo‘l qo‘yilyapti. Maktabgacha ta’lim muassasalari ham bundan mustasno emas.

Tashkil qilinganiga hali uch yil bo‘lmagan Maktabgacha ta’lim vazirligi sohada yechimini kutayotgan shunchalik ko‘p muammoga duch kelmoqdaki, ularni bartaraf etish uchun davlat idoralari, jamoat tashkilotlari, hatto jurnalistlarni hamkorlikka chaqirmoqda. Ta’kidlash lozim, vazirlikning o‘zi ham o‘z-o‘zini taftish qilish borasida tinim bilmayapti. Buni maktabgacha ta’lim vazirligi ichki audit xizmatining 2018-yil yakuni bo‘yicha e’lon qilgan hisobotidan ham bilish mumkin.

Vazirlik hisobotida ayrim MTM rahbarlari turli lavozimlarga “o‘lik jonlar”ni rasmiylashtirib, ish haqlarini noqonuniy o‘zlashtirgani, ota-onalarning to‘lov pullari yoki homiylik mablag‘lari g‘aznaga kirim qilinmayotgani, moddiy boyliklar talon-taroj qilingani, eng yomoni, taomnomada belgilangan oziq-oqat mahsulotlari bolalarga to‘liq berilmay, xodimlar tomonidan o‘zlashtirilayotgani bo‘yicha inkor etib bo‘lmaydigan aniq manzilli misollar keltirilgan. Auditorlar tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari poytaxt va hududlarda muntazam olib borilayotgani, kamomad, noqonuniy xarajatlarni aniqlash, oldini olish davom etayapti.

Shunga qaramay, ko‘cha-ko‘yda tanish-bilishlar bilan suhbatlashib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan kundalik xabarlarni kuzatib, MTMda hamon bunday holatlar davom etayotganidan ko‘nglingiz xira bo‘ladi.

– Bog‘chamizda kapital ta’mir boshlanganidan juda xursand bo‘ldik, – deydi Toshkent shahridagi MTM tarbiyachilaridan biri. – Lekin umuman tajribasiz ishchilarning qurilish materiallarini uvol qilayotganini ko‘rib, esiz davlatning shuncha puli deysiz. Birgina misol, xonalarga bo‘yoq surayotganda birinchi navbatda tepadan boshlash kerakligini maktab o‘quvchisi ham biladi. Bizda esa aksincha bo‘ldi. Avvalo, pol ikki marta bo‘yaldi, so‘ng xonalarning tepa qismini bo‘yash boshlandi. Pastga tomgan bo‘yoq tomchilarini yo‘qotish uchun pol qaytadan yana ikki bor to‘yintirildi. “Shuncha bo‘yoqni isrof qilmay, avval tepadan boshlamaysilarmi?” degan savolimga ishchilar “opa, sizning cho‘ntagingizdan ketyaptimi?” degan javob bilan og‘zimga urgandek bo‘ldi. Ko‘rganlarim shuncha bo‘lsa, ko‘rmaganlarim qancha? Axir bu xalqning pulini ko‘kka sovurish emasmi, nahot buni nazorat qiladiganlar bo‘lmasa? 

Bu oddiy bir misol. Agar jarayonni zimdan kuzatsangiz haqiqatan ham bugun kapital yoki joriy ta’mir qilinayotgan maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida byudjet mablag‘lari uvol qilinayotganiga amin bo‘lasiz. Yoki buning uchun shunchalik hisob-kitobsiz mablag‘ ajratilyaptimi?!

– Bog‘chadagi “yig‘-yig‘”lar qachon tugaydi? – deydi poytaxtlik uy bekasi Guli Murodova. – Navbatdagi ota-onalar majlisida ayollardan biri bolalarimizga sochiq va o‘yinchoq olish uchun 40 ming so‘mdan yig‘ish taklifini ko‘tardi. Na majlisda o‘tirgan bog‘cha opalar, na ota-onalardan hech kim nega pul yig‘yapmiz, axir davlat hamma narsa bilan ta’minlab qo‘ygan-ku, deb e’tiroz bildirmadi. Noiloj berdik, ammo qani edi shu bilan “yig‘-yig‘”imiz tugasa?

– Ayolim yaqinda MTMga joylashtirgan farzandimiz uchun idish-tovoq, hatto qoshiq olishimiz kerakligini aytganda tepa sochim tikka bo‘ldi, – deydi Bexzod Alimqulov. – Xotinim qarshiligimga qaramay bozordan hozir modaga kirgan idishlarni tanlab, bog‘chaga olib borib berdi. Qizimga olingan qimmatbaho idish arzonrog‘idan foydalanayotgan boshqa bolalarning hamiyatiga tegmaydimi? Bu tabaqalanishga olib keladi-ku! Nahot bog‘cha mudiralari shuni o‘ylamasa?

Bog‘chalarda ota-onalardan turli bahonalar bilan pul yig‘ishni qat'iyan taqiqlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida MTMda Kuzatuv kengashi tashkil qilingan edi. Hatto ushbu kengashga mudiralarning ustidan ham taftish o‘tkazish huquqi berilgandi. Ammo yangi tashkil qilingan kengash ham ishonchni to‘la oqlamayapti. Hatto “yig‘-yig‘”larga bosh-qosh bo‘layotganini nima bilan izohlash mumkin?

– Kuzatuv kengashining nizomi bilan tanishsangiz, aslida bog‘chadagi barcha noqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yilishi kerak edi, – deydi Oygul aya Po‘latova. – Lekin yangi tashkil qilingan kengash avval faoliyat ko‘rsatgan “roditelskiy komitet”, keyinroq uning o‘rnida tuzilgan “Vasiylik kengashi”dan umuman farq qilmaydi. Faqat nomi o‘zgardi, xolos. Avval bo‘lgani kabi hozir ham mudiraning aytgani aytgan, degani degan. Shu sohada ishlaganim uchun aytyapman buni. Chunki Kuzatuv kengashi mudiraning eng yaqin odamlari, maslakdoshlaridan iborat. Axir mudira o‘ziga o‘zi choh qazimaydi-ku. Bunday “yaqinlar” bilan bog‘chalarda biron o‘zgarish qilish mumkinmi?

Xullas, maktabgacha ta'lim muassasalari haqida gapiraversak, gap ko‘p, ko‘taraversak muammo. Faqat aytganlarimiz gapligicha, muammolarimiz esa qog‘ozlarda qolib ketyapti. Qolaversa, “yig‘-yig‘”larning urchishiga biz ota-onalar ham aybdormiz. Bog‘chalar davlat tomonidan yuz foiz ta'minlab qo‘yilganini bilamizu, biroq pul desa “bolam uchun” deb surishtirmay olib borib beraveramiz. Tegishli idoralarga bu haqda ma'lum qilish u yoqda tursin, hatto bog‘cha opalardan ham sababini so‘rashga istihola qilamiz. Ha, ha, aynan shunday. Chunki farzandimiz kun bo‘yi “opa”lar qo‘lida bo‘ladi-da. 

Maktabgacha ta'lim vazirligi ham bunday harakatlarga chek qo‘yishga harakat qilyapti. Biroq ota-onalar, jamoatchilikning nazorati kuchaymas ekan, natijaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchunmi, vazirlik Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan bog‘chalarda yuzaga kelayotgan qonun buzilish holatlarining oldini olish, bu borada rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish, targ‘ibot-tashviqot ishlarni kuchaytirish, qolaversa, insofsiz mudirlarga qarshi kurashish maqsadida hamkorlik qilmoqda. Ota-onalarga, barcha fuqaroga murojaat qilib, bog‘chalarda qonuniy, korrupsiyadan xoli faoliyatni yo‘lga qo‘yish, korrupsiyaga qarshi kurash jamiyatning, qolaversa, har bir oilaning birgalikdagi sa'y-harakati va nazoratini talab qilishini ta'kidlab, keng jamoatchilikni yuz berayotgan noqonuniy faoliyat yuzasidan asosli ma'lumotlarni yetkazishda yaqin hamkorlikka chaqirdi. Ishonch telefonlarini e'lon qildi. Albatta, Maktabgacha ta'lim vazirligining bunday tashabbuslari o‘zining amaliy natijasini beradi, lekin qachon?

Hammamiz birlashaylik, shunda natija bo‘ladi.

Ravshan MAHMUDOV,

jurnalist

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech