19 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,1 °C

Xalqaro munosabatlar
2 Oktyabr  2019 796

Oliy Majlis Senatida Tanzila Narbayevaning Valentina Matvienko bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 2-oktabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matvienko bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qiladi.

Muzokaralarda qayd etilganidek, ikki davlat rahbarlari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat bermoqda. Xususan, o‘tgan ikki yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning siyosiy irodasi va qat'iyligi tufayli O‘zbekiston-Rossiya strategik va ittifoqchilik hamkorligini rivojlantirishda yangi bosqich boshlandi.

Valentina Matvienko Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning tashriflari barcha darajalarda va yo‘nalishlarda o‘zaro teng hamkorlikni kengaytirish hamda chuqurlashtirishga kuchli turtki berganligini ta'kidladi.

Ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar munosabatlar sur'ati tinimsiz oshib bormoqda. Bu ikki mamlakat manfaatlariga to‘liq javob beradi. Tomonlarning o‘zaro intilishi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikka o‘zgacha amaliy mazmun bermoqda. Yuqori darajadagi yangi tusdagi muloqot, 2017 va 2018-yillarda davlat rahbarlari ishtirokidagi sammitlar o‘zaro ishonchli muhit yaratdi, ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha yo‘nalishlariga kuch-g‘ayrat baxsh etdi.

Keyingi vaqtda O‘zbekiston va Rossiya parlamentlararo muloqoti faollashgani ta'kidlandi. Faqatgina o‘tgan yilda parlament darajasida 10 dan ortiq turli o‘zaro tashrif amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasidagi samarali aloqalar O‘zbekiston-Rossiya hamkorligini, shu jumladan nufuzli xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi hamkorligini yanada rivojlantirishga va chuqurlashtirishga xizmat qilishiga urg‘u berildi.

Uchrashuvda Senat Raisi O‘zbekiston va Rossiya parlamentlari o‘rtasidagi munosabatlar ikki tomonlama hamkorlikning yangi kun tartibi doirasida rivojlanayoganini ta'kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha komissiya muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Tomonlar Komissiyaning o‘tgan davrdagi samarali faoliyati yakunlariga ijobiy baho berdi. Hozirgi vaqtda hududlararo hamkorlikni rivojlantirishda Parlamentlararo komissiyaning rolini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekistonda bo‘lajak saylov haqida so‘z borganda, Tanzila Narbayeva joriy yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etish taklifini Federatsiya Kengashi va MDH Parlamentlararo assambleyasi vakillariga ma'lum qildi.

Uchrashuvda Senat va Federatsiya Kengashi o‘zaro munosabatlar doirasida hamkorlikning bir qator yo‘nalishlarini rivojlantirish taklif etildi. Davlat rahbarlari sammitida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishda parlament resurslaridan foydalanish, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan huquqiy bazani faol shakllantirish shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirishda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati imkoniyatlaridan foydalanish taklif etildi. Shu bilan bir qatorda bundan buyon ham O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida uzviy parlamentlararo muloqotni ta'minlash zarurligi bildirildi. Islohotlarni huquqiy ta'minlash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ikki tomonlama shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya qilish masalalarini jadallashtirish sohasida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish muhimligi ham ta'kidlandi.

2018-yil 18-20-oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha birinchi hududlar forumi kabi hududlar anjumanlarida Senat va Federatsiya Kengashi a'zolarining ishtirokini davom ettirish zarurligiga alohida urg‘u berildi.

Uchrashuv yakunlanganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashining Devoni o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech