04 Iyul 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +31,5 °C

Mamlakatimizda
4 May  2020 578

14 kun

Halima tabiatan shoʻxchan, bir gapirib oʻn kuladiganlar toifasidan ekan. U bilan suhbatlashgan odamga ham xush kayfiyatini oʻtkaza oladigan darajada odamoxun kelinchak. Boshiga tushgan tashvish haqida gapirgandayam juda yuqori kayfiyatda, ishonchi baland, ertasidan koʻngli toʻq va katta marralarni koʻzlagan rejalari bilan bizni hayratga soldi:

«Uytib-buytib dadasidan pul olib, bolalarniyam qaynonamga tashlab, xasta xolam bilan Toshkentga boruvdik. Xolamni doʻxtirga koʻrsatib, qaytib kelsak, qishloqda bu ahvol: karantin eʼlon qilingan, kirish-chiqish yoʻq. Bizniyam majburlab kasalxonaga olib kelishdi. Yoʻl boʻyi oʻzimdan oʻtganini oʻzim bilaman. Milisalar, doʻxtirlar bilan janjallashib, qarshilik koʻrsatib, ey, rosa xunob boʻldim-da. Qayerga obketadi, qaytamanmi-yoʻqmi, bolamni koʻramanmi yana? Qanday-qanday shum xayollarga bormadim, deysiz. Hozir eslasam, uyatdan lov-lov yonaman.Viloyat markazidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib kelishdi.Doʻxtirlar bizlarga nima uchun karantinga olinganimizniyaxshilab tushuntirishdi. Aslida, bu yaqinlarimizga yaxshiligimiz ekan.

Kasalxonadagi doʻxtirlarni men farishtalar deyman. Aniq farishtani oʻzginasi. Niqobda yurishsada koʻzlari bilan mehr uzatishdi. Soʻzlari bilan malham boʻlishdi. Har birimizga alohida-alohida top-toza, chiroyli xonalar berishdi.

Qishlogʻimizdan yuzga yaqin kishi kelgan ekanmiz. 3 oylik, 8 oylik goʻdaklar ham bor edi. Ularning boʻtqasidan tortib pampersigacha taʼminlab berishdi. Hatto, uyidan bitta paypoqda kelganlar ham bor edi. Ular kerakli vositalar bilan taʼminlandi. Yana qizigʻi, kimning qon bosimi boʻlsa, allergiyasimi, anginasi bormi, bahonada davolanib olishdi. Kelayotganimda ming xil noxush xayolga borganim, juda yaxshi sharoit, alohida eʼtibor va nazoratda boʻlganimdan koronavirusday ofat bilan yuzma-yuz kelishimga oz qolganiyam esimdan chiqib ketibdi. Bizga koʻrsatilgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan behad minnatdorman. Eng birinchi oʻrinda, kaloriyasi koʻp ovqatlanishimizga qattiq eʼtibor qilishdi. Negaki, immunitet qancha kuchli boʻlsa, koronavirus tugul boshqa kasalliklarga ham chalinmas ekansiz. Men ham hozir oʻz uyimda sogʻlom ovqatlanishga juda katta ahamiyat berayapman. Doʻxtirlardan koʻrgan, eshitganimni oilamda qoʻllayapman. Dasturxonga hovlimizda yetishtirilgan koʻkatlar, sabzavotlardan salatlar tayyorlab qoʻyishni kanda qilmayman. Har xil rangli, gazli ichimliklarni oila menyusidan chiqarib tashladim. Chunki, endi oʻsib kelayotgan bolalarimning iligini toʻq qilib oʻstirishim kerak-da.

14 kun ham oʻtdi. Muddatimiz tugadi. Kasalxonadan chiqayotganda mehribon doʻxtirlarimiz bilan yigʻlab xayrlashdik.Yuzini bir martayam koʻrmagan farishtalarimizning sogʻligini soʻrab,har kuni duodaman. Uyiga bormaganiga 20 kun boʻlganlariyam bor ekan. “Sizgayam karantin ekan-da”, deb hazillashaman. Nasib etsa, elimizdan bu koronavirus degan ofat tez orada daf boʻladi, ishonaman. Har kun hovlining qaysi burchagida yursam ham qulogʻimni ding qilib televizordagi yangiliklarni eshitay deyman. Prezidentimizning elga qaygʻurayotgankoʻzlari, ogʻirimizni yengil qilayotgan soʻzlari bizga juda katta madad boʻladi. Biz kuch olamiz. Bilasizmi, boshida odamlar qoplab oziq-ovqatlar olishgan, shoshishgan, vahimaga tushishgan edi. Endi eslab kulishadi, vahima qilmasayam boʻlar ekan. Biz bitta narsaga aminmiz: Prezidentimiz bizni har qanday balo-qazodan eson-omon olib chiqadi. Oʻzbekistonning qudratli davlat ekanini his qildim.Qishlogʻimiz keksalari aytganidek: hukumatimiz hammani bir bagʻir qilib jipslashtirdi, birlashtirdi,oramiznihech qanaqa ofat yoriboʻtolmaydi. Biz shunday kuchli mamlakatmiz!»

Lola Saodatova,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Qashqadaryo viloyati boʻlimi rahbari

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech