11 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,5 °C

Mamlakatimizda
14 Iyun  2020 889

15-iyundan boshlab nima oʻzgaradi?

Respublika maxsus komissiyasi amaldagi karantin talablarini 2020-yil 15-iyunga qadar uzaytirilgani haqida maʼlum qilgandi.

 

Endi tabiiyki, 15-iyundan boshlab nima oʻzgaradi?— degan savol paydo boʻladi.

Respublika maxsus komissiyasi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida muayyan vaziyatdan kelib chiqib, belgilangan chora-tadbirlar dasturiga kiritilgan oʻzgartirishlar haqida quyidagini maʼlum qiladi:

Koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq vaziyat yaxshilanib borayotgan mamlakatlar bilan xalqaro aviaqatnovlarni qayta yoʻlga qoʻyish, shuningdek, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari hamda investitsiya loyihalari doirasida jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Birinchidan, joriy yilning 15-iyunidan quyidagi toifadagi shaxslarga aviaqatnovlar orqali sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror boʻlgan davlatlarga Oʻzbekiston Respublikasidan kirish va chiqishga ruxsat berildi:

- xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xodimlari hamda ularning oila aʼzolari;

- investitsiya loyihalari doirasidagi Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy kompaniya va boshqa tashkilotlar mutaxassislari;

- davolanish uchun kelayotgan (chiqayotgan) shaxslar;

- xorijda yaqin qarindoshlari yoxud ogʻir kasal boʻlgan qarindosh-urugʻlari mavjud boʻlgan shaxslar;

- xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari soʻrovlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi orqali boshqa davlatlarga olib oʻtilayotgan (tranzit harakatlanayotgan) shaxslar;

- Oʻzbekiston Respublikasida doimiy roʻyxatdan oʻtgan xorijiy davlat fuqarolari, doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatda doimiy roʻyxatdan oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari;

- oʻqish va mehnat faoliyatini davom ettirish uchun fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishga ruxsat berildi.

Bunda, aviaqatnovlar sanitariya qoidalari va normalariga qatʼiy amal qilgan holda tashkil etiladi.

Ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasiga:

- sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror boʻlgan (yashil reyslar) — Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va Isroil davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda boʻlib turgan) kirib kelgan shaxslar karantin nazoratiga olinmaydi;

- koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaygan (sariq reyslar) — Yevropa Ittifoqi, Malayziya, Tailand, Singapur davlatlaridan (oxirgi 14 kun ushbu mamlakatlarda boʻlib turgan) kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida uy karantini nazoratiga olinadi;

- koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamaymagan (qizil reyslar — evakuatsiya reyslari) — qolgan boshqa davlatlar, shu jumladan, BAA, Turkiya, Eron, Afgʻoniston, Rossiya va boshqa MDH davlatlaridan kirib kelgan shaxslar 14 kun davomida karantin nazoratida saqlanadi.

Sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror boʻlgan va yaxshilanayotgan mamlakatlarda aviareys qatnovi kuniga qadar uzluksiz 14 kundan kam boʻlgan, shuningdek, ogʻir sanitariya-epidemiologik vaziyat saqlanib qolayotgan davlatlardan tranzit orqali kelayotgan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasiga kelish uchun avia biletlar realizatsiya qilinmaydi.

Uchinchidan, fuqarolarga qulayliklar yaratib berish maqsadida Respublikada epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda,

“sariq” va ”yashil” toifalarga ajratilgan hududlar oʻrtasida sanitariya-gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda quyidagi poyezdlar qatnovi tiklanishiga ruxsat berildi:

Toshkent — Buxoro — Toshkent;

Toshkent — Termiz — Toshkent;

Toshkent — Xiva — Toshkent;

Toshkent — Nukus — Toshkent;

Andijon — Xiva — Andijon;

Andijon — Buxoro — Andijon;

Andijon — Termiz — Andijon.

Bunda, Transport vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan birgalikda hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib poyezdlar qatnov rejasini belgilab boradi.

Shuningdek, Toshkent-Samarqand-Toshkent yoʻnalishi boʻyicha sanitariya-epidemiologik talablarga qatʼiy rioya etgan holda “Afrosiyob” poyezdlarining qatnovlari yoʻlga qoʻyilishiga ruxsat berildi.

Yuqoridagilar bilan bir qatorda avtotransport vositalarida yolgʻiz harakatlanayotgan haydovchiga tibbiy niqobdan foydalanmaslikka ruxsat berildi.

Toʻrtinchidan,

davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining tarbiyalanuvchilarni qabul qilishga puxta tayyorlash, shu jumladan sanitariya-gigiyenik qoidalar va xavfsizlik choralarini toʻliq taʼminlash maqsadida ularning faoliyatiga joriy yilning 1-avgustidan boshlab ruxsat beriladi. Bunda:

- davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari binolari doimiy ravishda dezinfeksiya qilinadi, ularga kirish-chiqish joylari pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “toʻshaklar” bilan jihozlanadi;

- xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qoʻlqopdan foydalanadi va ijtimoiy masofani saqlaydi;

- tana harorati 370S va undan yuqori boʻlgan yoki infeksiya alomatlari mavjud boʻlgan xodim va tarbiyalanuvchilar mashgʻulotlarga kiritilmaydi.

Shu bilan birgalikda, 2020-yil 15-iyundan boshlab “yashil” va “sariq” hududlarda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilgan boʻlib, bunda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida mashgʻulotlarni 15 kishidan ortiq boʻlmagan guruhlarda tashkil etish toʻgʻrisidagi cheklov bekor qilindi.

Bunda, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar oʻrtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin cheklovlariga qatʼiy rioya etilishi boʻyicha masʼuliyat maktabgacha taʼlim tashkiloti maʼmuriyati hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar zimmasiga birdek yuklatiladi.

Beshinchidan, yuqorida keltirib oʻtilganlar bilan birgalikda, jamoat joylarida tibbiy niqobdan va antiseptik vositalardan foydalangan holda harakatlanish boʻyicha sanitariya-gigiyena talabiga qatʼiy rioya etilishi, shu jumladan ijtimoiy masofani saqlanishi ustidan nazoratni kuchaytirish belgilanmoqda.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq “qizil”, “sariq” va “yashil” hududlarga ajratish tartibi, shuningdek, kuchaytirilgan sanitariya-gigiyena nazorati joriy yilning 1-avgustiga qadar saqlab qolinadi.

Karantin cheklovlari sharoitida faoliyat yuritishiga ruxsat berilgan tadbirkorlik subyektlariga (qurilish, umumiy ovqatlanish, xizmat koʻrsatish obyektlari va boshqalar) tegishli obyektlarda belgilangan sanitariya-gigiyena talablariga rioya etmaslik oqibatida koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda ushbu obyektlarni va shaxslarni karantinga olish hamda saqlash bilan bogʻliq xarajatlar mazkur subyektlar hisobidan qoplanishi belgilandi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech