12 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +0,3 °C

Salomatlik
18 May  2019 1005

2030-yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin

Bugun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab “O‘smirlar orasida semizlikka qarshi” tadbiri doirasida faol yurish bo‘yicha ommaviy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, ushbu tadbir poytaxtimizdagi Botanika bog‘ida ham aholi ishtirokida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti taxminlariga ko‘ra, 2030-yilga borib, dunyo aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Semizlik nafaqat kattalar o‘rtasida, balki bolalar va o‘smirlar orasida ham jiddiy muammoga aylanib bormoqda. Ma'lumotlarda keltirilishicha, 1975-yildan ayni paytga qadar dunyodagi semiz odamlar soni uch baravar oshgan. 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 340 milliondan ziyod bolalar va o‘smirlar semizlikka duchor bo‘lishgan.

Bolalar va o‘smirlar orasida semizlik va semirishning tarqalishi 1975-yildagi 4 foizdan 2016-yilda 18 foizgacha ko‘tarildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, qizlarning 18 foizi va o‘g‘il bolalarning 19 foizi ortiqcha vaznga ega. Mazkur faktlar jamiyatimiz uchun semizlik jiddiy tahdid ekanini ko‘rsatmoqda. Ushbu xavfning oldini olishda jismoniy faollik, jumladan, faol yurishning ahamiyati katta.

Yurishning foydali ekani barchamizga ma'lum. Ya'ni, faol yurish orqali semizlikdan tashqari, yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a'zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz. Yurish organizmning umumiy holatiga ta'sir ko‘rsatadi, mushaklarni baquvvat qiladi, suyak to‘qimasini mustahkamlaydi, harakatlarni muvofiqlashtirishni rivojlantiradi.

Shuningdek, joriy yil may oyi davomida yurtimizning barcha hududlarida sog‘liqni saqlash tizimi tasarrufidagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida har haftada seshanba kuni – mahallarda “Salomatlik maydonchalari”, chorshanba kuni – maktab, kollej va oliy o‘quv yurtlarida “Biz tamakisiz hudud uchun ovoz beramiz”, payshanba kuni – jamoat joylarida “Salomatlik maydonchasi”, juma kuni – mahallarda “Sog‘lom ovqatlanish yarmarkasi” kabi tadbirlar uyushqoqlik bilan tashkil etilayapti.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech