27 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,9 °C

Bilasizmi?
13 May  2019 707

5 yoshli bolangiz 10 yoshdek fikrlayaptimi?

Qulog‘imizga tez-tez chalinadigan bir gap bor. «5 yashli farzandimning gap-so‘zlari, o‘zini tutishi 10 yashar bolani eslatadi. Ajablanib qolaman...”.

Xo‘sh bu nimani anglatadi?

Psixolog Nilufar Xo‘jamshukurova quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Odamlar shaxsini turli usullar bilan tahlil qilib psixologlar psixologik yosh va biologik yosh degan atamalarni o‘rtaga tashlagan. Agar odamning xulq-atvoridagi xislatlari uning biologik yoshidan ancha ilgarilab ketib, katta odamni eslatsa, uning psixologik yoshi biologik yoshdan ustun deb qabul qilinadi.

Psixologik yoshmi yoki biologik?

20 yoshli talaba 30-35 yoshdagi kishining xulq-atvorini eslatsa, demak, psixologik yosh biologik yoshdan ancha ilgarilab ketgan bo‘ladi. Bundaylarni odatda, aqlli bola yoki aqlli inson deb ta’riflashadi. Ularni hamma hurmat qiladi. Juda mas’uliyatli bo‘ladi, mustaqil hayotga erta qadam tashlashdan qo‘rqmaydigan, ota-onasining eng yaqin yordamchisi, kattalar bilan bemalol muloqotga kirishib keta oladigan bo‘lishadi. Mas’uliyatli ishlarni doimo ularga topshirishadi, yosh bo‘lsa-da, katta lavozimlarga taklif qilishadi.

Agar odamning xulq-atvoridagi xislatlari uning biologik yoshidan ancha orqada qolib ketgan bo‘lsa, o‘zini tutishi bola yoki o‘smirning qiliqlarini eslatsa, bunday shaxslarning psixologik yoshi biologik yoshidan orqada qolgan deb hisoblanadi. Psixologik yoshi orqada qolgan 10 yashar bolaning gap-so‘zlari, o‘zini tutishi 5 yoshli bolani yoki 25 yoshdagi insonning o‘zini tutishi maktab o‘quvchisining qiliqlarini eslatadi. Ular o‘zidan kichik yoshdagilar bilan o‘ynashni xush ko‘radi, xatti-harakatlari isterik bemorlarga o‘xshaydi, yengiltak bo‘lishadi, jiddiy ishlarga yuzaki qarashadi yoki qo‘l urmaydi, tengdoshlari ularga (ayniqsa, qiz bola bo‘lsa) tegajoqlik qilib yurishni xush ko‘rishadi.

Bolani juda erkalatib tarbiyalash yoki 14-15 yoshdagi o‘spiringa 4-5 yashar boladek munosabatda bo‘lish psixologik yoshning orqada qolib ketishiga sabab bo‘ladi. Ular ulg‘ayganda mas’uliyatsiz bo‘lib yetishadi, o‘zlari biron bir ishni mustaqil eplay olishmaydi, birovga qaram bo‘lib o‘sadi. Ularni maqtasa yosh boladek xursand bo‘lib kulishadi, yoshiga xos bo‘lmagan qiliqlar qiladi.

Inson psixologiyasi shunday sir-sinoatki, uni tushunib yetish qiyin. Ammo olimlar hamon tadqiqotlar olib boryapti. Farzandlarimiz kelajagi uchun esa, tadqiqot natijalariga qarab harakat qilishimiz juda muhim.

Mehrangiz Usmonova

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech