06 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35 °C

Xalqaro hamkorlik
12 Iyul  2020 394

500 million dollarlik bitim imzolandi

Oʻzbekiston hukumati va Jahon banki mamlakat qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish loyihasini amalga oshirish uchun umumiy qiymati 500 million dollarlik qarz bitimini imzoladilar.

Loyiha Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan tegishli ravishda 276 million dollar va 224 million dollar miqdorida moliyalashtiriladi.

Qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston iqtisodiyotining muhim sohalaridan biri hisoblanadi: uning YAIMdagi ulushi 28 foizni, ushbu sektorda band boʻlgan mehnatga layoqatli aholining ulushi 27 foizni (3,6 million kishi), mamlakatning umumiy eksportidagi ulushi esa 10 foizni tashkil etadi. Ushbu soha yuqori iqtisodiy oʻsishni namoyish etib kelmoqda hamda xususiy sektor rivojlanishining drayverlaridan biri hisoblanadi.

2017-yildan boshlab qishloq xoʻjaligi sohasidagi oʻzgarishlar Oʻzbekiston hukumatining keng islohotlar dasturining muhim qismiga aylandi. Ushbu islohotlarning maqsadi — qishloq xoʻjaligidagi paxta va bugʻdoy ulushini kamaytirish va yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlarni, shu jumladan, meva-sabzavot va chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida sohada mehnat unumdorligini oshirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotini eksportini koʻpaytirish, tarmoqni yana-da modernizatsiya qilish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilishdir.

Ushbu loyiha tufayli Oʻzbekistonning barcha mintaqalaridagi fermerlar va agro korxonalari vakillari uchun zamonaviy texnologiyalar, texnik maslahatlar, ishlab chiqarish, agrologistika, fitosanitariyaning turli bosqichlarida qoʻllab-quvvatlash xizmatlaridan, shuningdek, savdo hajmini oshirish uchun zarur axborot manbalaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi. Natijada, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi va eksport salohiyatining oʻsishi hisobiga ularning ichki va xalqaro bozorlarda ishtiroki kengayadi.

Loyihada mahalliy tijorat banklarining ishtiroki tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilar intensiv bogʻdorchilikni rivojlantirish, issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish hamda mahsulotlarni saqlash, qadoqlash va qayta ishlash quvvatlarini yaratish, shuningdek, energetik va suvni tejaydigan texnologiyalar va qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olishni nazarda tutgan holda eksportga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha qiymat zanjirlarini koʻpaytirish uchun ulardan foydalanish istiqbollari bilan uzoq muddatli kredit resurslarini jalb qilish imkoniyatiga ega boʻladilar.

Loyiha shuningdek, Oʻzbekistondagi qishloq xoʻjaligi ilmiy-tadqiqot institutlarini modernizatsiya qilish, amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish va tarmoqqa ilgʻor ishlanmalarni joriy etishga yordam beradi. Loyiha tadbirlari urugʻchilikni rivojlantirish, yer va suv resurslarini boshqarish, muayyan hududlarga moʻljallangan agroekologik iqlimga chidamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, Oʻzbekistondagi oʻsimliklarning noyob genetik materiallarini saqlash masalalariga qaratilgan boʻladi.

Taʼkidlash joizki, Jahon bankining moliyaviy va texnik yordami sezilarli darajada oshdi. Bugungi kunda tashkilotning umumiy qiymati 4,4 milliard dollarga teng 23 ta loyihadan iborat boʻlgan Oʻzbekiston boʻyicha dasturi Turkiyadan keyin Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik dasturi hisoblanadi. Bank hukumatga turli sohalarda, jumladan, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimlarini, suv taʼminoti, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, koronavirus pandemiyasining sogʻliqni saqlash tizimiga, iqtisodiyot va aholi farovonligi salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha inqirozga qarshi dasturni amalga oshirishda muhim yordam koʻrsatib kelyapti.

Maʼlumot uchun: Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) Jahon bankining asosiy kredit beruvchi muassasasi boʻlib, ayni paytda 189 aʼzo davlatga tegishli global rivojlanish tashkiloti hisoblanadi. Dunyodagi eng yirik rivojlanish banki sifatida, XTTB Jahon banki guruhining missiyasini kreditlar, kafolatlar, tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha mahsulotlar va maslahat xizmatlarini taqdim etish orqali qoʻllab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, XTTB mintaqaviy va global muammolarga javob choralarini muvofiqlashtiradi.

Xalqaro rivojlanish uyushmasi (XRU) Jahon bankining tarkibida 1960-yilda tashkil etilgan boʻlib, uning faoliyati iqtisodiy oʻsishni jadallashtirish, tengsizlikni kamaytirish va aholining yashash sharoitlarini yaxshilash dasturlarini amalga oshirish uchun kreditlar va grantlar taqdim etish orqali kambagʻallik masshtabini kamaytirishga yoʻnaltirilgandir, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech