16 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,8 °C

Bo‘sh vaqtda
4 Iyul  2019 572

«Uddalay olarmikanman...» emas, «albatta, uddalayman!»

Manbalarda keltirilishicha, har bir inson o‘ziga bo‘lgan ishonch bilan dunyoga kelarkan. Biroq bolalikdan boshlanadigan turli shubha-gumonlar bir umr uni ta'qib etadi va ana shu ishonchni susaytiradi, hatto butunlay yo‘qotadi ham. Xo‘sh, odam o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytara oladimi? O‘ziga bo‘lgan ishonch insonga aslida nima uchun kerak?

Ishonchsizlik — yarim mag‘lubiyat

Psixologlarning aytishicha, o‘ziga ishonmaslik risoladagidek yashashga ham xalaqit berarkan. Shu sababli ham biz, o‘zimizga mutlaqo yoqmaydigan ish, yumushlarni bajarishga, kimlarningdir turli kurakda turmas gaplari-yu, qiliqlariga chidashga, kam maosh to‘lanadigan ishda mehnat qilishga majbur bo‘lamiz. O‘ziga ishonmaydiganlarga esa beto‘xtov ish buyuradiganlar, yelkasiga chiqib oladiganlar, qo‘pol muomala qiladiganlar ham ko‘payib ketadi. Tabiiyki, bundan asablar qaqshaydi, jiddiy xastaliklar ham «yopishishi» hech gap emas. Unutmang, o‘ziga ishonchsizlik — odamning eng katta dushmani! Hayotingizda tub burilish sodir bo‘lay deb turganda yoki omad endi qo‘lga kiray deb turganda mana shu kichkinagina illat oyoqdan qattiq chalishi mumkin.

Qanday uddalash mumkin?

O‘ziga ishonmaslikdan qutulishni istashning o‘zi ham unga berilgan dastlabki kuchli zarbadir. Ikkinchi, hal qiluvchi zarba esa — sizning harakatga tushganingiz. Yanagi dushanba yoki kelayotgan oyning birinchi sanasini kutib o‘tirmang. Unutmang, bunda ichki bir ovoz: «O‘xshamay qolsa, naq sharmandang chiqadi-ya?!», «Buning senga nima keragi bor?» kabi savollarni bera boshlaydi. Ammo zinhor bunga quloq tutmang! Undan ko‘ra, hayotingizda ijobiy tub burilish sodir bo‘lish arafasida turganingiz haqida o‘ylang. Siz tez orada hamkasblar orasida yuqori nufuzga ega, istalgan muammoni ijobiy hal etishga qodir insonga aylanasiz. Buning uchun sizga g‘oyibdan biror kuch ato etilmaydi. Shunchaki, o‘zingiz bilan birga tug‘ilgan ishonchni qaytarasiz, xolos. Aslida turli tashqi ta’sirlar, vaziyatlar va holatlar sizda o‘ziga ishonmaslikni keltirib chiqarib, ishonchning «qo‘l-oyog‘ini bog‘lab tashlagan». O‘ziga ishonish — oson va tabiiy.

O‘ziga ishongan qanday yashaydi?

O‘ziga ishongan kishi atrofdagilar bilan muloqot qilishdan va ertangi kundan cho‘chimaydi. Uning o‘z mustaqil fikri bor va buni bemalol atrofdagilarga aytadi va o‘tkaza oladi. Qiyinchiliklardan qo‘rqmaydi va ularga tik qaraydi. O‘ziga ishongan kishi ba’zan nafaqat o‘zi, balki atrofdagilaru yaqinlari uchun ham mas’uliyatni zimmasiga olishga qodir. O‘ziga ishonmaydigan esa: «Bu qo‘limdan kelmaydi!», «Bilmadim, eplolmasam kerak», «Bu mening ishim emas» kabi turli bahona-yu, vajlardan nariga o‘tmaydi.

Ba'zilar o‘ziga bo‘lgan ishonchni hosil qilish uchun maxsus kurslar yoki treninglarga ham qatnaydi. Unutmang, agar qalbingizdagi ishonchsizlikni o‘zingiz yo‘qotishga kirishmas ekansiz, hech kim sizga yordam berolmaydi.

Turmush tarzingizni o‘zgartiring

Psixologlarning aytishicha, ichdan tashqariga chiqqan salbiy hislar insonning o‘ziga qarshi «ishlay boshlaydi». Negaki, nuqul yomon narsalar haqida o‘ylasangiz, o‘sha yomon narsa «labbay» deb oldingizga keladi. Yaxshi o‘y-xayollar va hislar — yaxshi narsalarni o‘ziga ohanraboday tortadi.

Hech qachon o‘zingizni oqlamang va ayblamang! Xatoga yo‘l qo‘ydingizmi, «oh-voh»lamasdan darhol tuzatishga kirishing. Negaki, aybdorlik hissi salbiy natijaga olib keladi. Yaxshi narsalarga intilish, atrofdagilarga ham yaxshi kayfiyat, hislar ulashishda gap ko‘p.

Tez natija kutmang, sabrli bo‘ling

Dastlab, o‘z oldingizga kichikroq maqsadlarni qo‘ying va erishishga intiling. Unga erishish kishida o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi va kelgusi maqsadlar sari intilishga turtki beradi. Hatto, arzimas bo‘lsayam erishgan yutug‘ingizdan minnatdor bo‘ling va to‘xtab qolmang. Unutmang, qiyinchiliklarni yengib o‘ta turib, siz yanada kuchliroq kishiga aylanasiz. Ishonchning ashaddiy dushmani — qo‘rquvdir. U bilan jiddiy kurashishga to‘g‘ri keladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech