23 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,3 °C

Sport
12 Yanvar  2019 1536

Anzur Ismoilov: “Ertaga faqat g‘alaba qozonish uchun maydonga tushamiz”

Xabaringiz bor ertaga O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi 2-tur uchrashuvida Turkmanistonga qarshi maydonga tushadi. O‘yinoldi matbuot anjumanida terma jamoamiz bosh murabbiyi Ektor Kuper va himoyachimiz Anzur Ismoilov ishtirok etishdi va o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘FA matbuot xizmati.

“Turkmanistonga qarshi o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Turkmaniston yaxshi shakllangan jamoa. Biz ularning Yaponiyaga qarshi o‘yinini tomosha qildik. Turkmanistonga qarshi faqat g‘alaba uchun maydonga tushamiz.

Ummonga qarshi o‘yinni hamma turlicha tahlil qildi. Muhimi biz o‘sha o‘yinda g‘alaba qozondik. Ummon kuchli terma jamoa. Ular Fors Ko‘rfazi musobaqasida g‘alaba qozonishgan. Shu sababli ularni mag‘lubiyatga uchratganimizdan xursandmiz. Turkmanistonga qarshi o‘yinda avvalgi xatolarimizni to‘g‘irlab, chiroyli o‘yin namoyish qilishga harakat qilamiz.

Turkmaniston terma jamoasining ustunliklari haqida gapiradigan bo‘lsak, ular tartibli jamoa. Yaponiyaga qarshi o‘yinda ular tartibli harakat qilishdi, lekin ularga tajriba yetishmadi. Ertaga maydonga tushadigan har ikki terma jamoaning o‘z o‘yin uslubi bor. Kim kuchliroq ekanini maydondagi o‘yin ko‘rsatadi.

Yegor Krimets qizil kartochka tufayli ertangi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Ammo bizda uning o‘rniga maydonga tushishi mumkin bo‘lgan ikki nafar futbolchi bor. Ulardan qaysi biri o‘sha paytda yaxshiroq formada bo‘lsa, o‘sha futbolchi asosiy tarkibda maydonga tushadi.

Turkmaniston terma jamoasi himoyasida o‘ziga yarasha muammolar bor. Biz ertaga ana shu muammolardan foydalanib hujum tashkil qilishga va raqib darvozasini ishg‘ol qilishga urinamiz.

Misr terma jamoasida ishlaganimda boshqacha uslubda to‘p surganmiz. O‘zbekistonda boshqacha uslubni shakllantirmoqdamiz. Ba’zi o‘xshashliklar bo‘lishi mumkin, lekin bu ikki mamlakat futboli turlicha. Biz muxlislarga va jurnalistlarga yoqadigan o‘yin namoyish qilib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz”, - deydi Kuper.

Shundan so‘ng himoyachimiz Anzur Ismoilov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Turkmanistonga qarshi o‘yinga tayyormiz. Ertaga faqat g‘alaba qozonish  va uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun maydonga tushamiz.

 Terma jamoada tajribali futbolchilar bilan birga yosh futbolchilar ham bor. O‘ziga xos balans o‘rnatilgan. Bizning ortimizdan juda ko‘plab kuchli futbolchilar yetishib chiqmoqda. Umid qilamizki, ular bilan o‘z maqsadimizga yetamiz”, - deydi Ismoilov.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech