29 Noyabr 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -1 °C

Tashvishli xabar
3 Aprel  2020 5101

Vahima qilmang: jonivorlardan insonlarga koronavirus yuqmaydi

Har kuni, albatta, birorta yangi bo‘lmag‘ur gap chiqadi. Asosli bo‘lsa ham mayli edi. Bu safar ham jonivorlar hayotiga tahdid soluvchi va aholi o‘rtasida vahima uyg‘otuvchi noto‘g‘ri axborot tarqaldi. Yaqinda ba’zi mahalliy ijtimoiy tarmoqlarda inson uy hayvonlaridan koronavirus yuqtirishi mumkinligi haqidagi maqola paydo bo‘ldi. Unda Xitoy olimlari tajribasini misol tariqasida keltirishibdi. Lekin bu axborot to‘g‘ri emas.

Aslida xorijiy manbalarda Gonkong hukumatining COVID-19 bilan og‘rigan bemor mushugida SARS-CoV-2 koronavirusi topilgani haqidagi xabari keltiriladi. Shuningdek, mushuk, it, tovuq, cho‘chqa va o‘rdaklarga yangi koronavirus infeksiyasi yuqtirishga harakat qilingan Xitoydagi Xarbin veterinariya tadqiqot institutida o‘tkazilgan tajriba ham yaxshi ma’lum. Natijada koronavirusni mushuklarga yuqtirish mumkinligi aniqlandi, ammo mushuklar uni insonga yuqtirishga qodir emas.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qayd etishicha, itlar, mushuklar yoki boshqa uy hayvonlaridan COVID-19 ni yuqtirish ehtimoli haqida tasdiqlangan ma’lumotlar mavjud emas!

O‘zbekistonning rasmiy @koronavirusinfouz Telegram-kanali «Koronavirusni uy hayvonlaridan yuqtirish mumkinmi?» degan savolga shunday javob berdi:

«Bugungi kunda insonlarda o‘tkir respirator kasalliklarni keltirib chiqaradigan koronavirusning yettita turi ma’lum. Ushbu viruslar orasida yangi COVID-19 ham bor. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, it, mushuk, og‘maxon (xomyak) va boshqa uy hayvonlari viruslarning ushbu turlari keltirib chiqargan koronavirus infeksiyasi manbai bo‘lishi mumkin emas».

Dunyoning barcha insonlari bir-biriga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlashga kirishdilar, shu jumladan, ushbu murakkab davrda jonivorlarni ham unutishgani yo‘q. Masalan, Xitoyning Uxan shahrida ko‘ngillilar yangi koronavirus infeksiyasi avj olgani tufayli egasiz qolgan uy hayvonlarini qutqarish bilan shug‘ullanmoqdalar. Qolaversa, O‘zbekistonda ham karantin paytida ishsiz qolganlar va boshqa ko‘pgina insonlarga, mushuk hamda itlarga ham yordam berayotgan, mehribonlik ko‘rsatayotgan ko‘ngillilar bor.

Unutmang, yolg‘on ma’lumot tarqatganlik uchun qat’iy jazolar ko‘zda tutilgan! Aholi o‘rtasida vahima uyg‘otishga qaratilgan har qanday ko‘rinishidagi axborot va materiallarni tarqatish esa 66 million 900 mingdan 89 million 200 ming so‘mgacha jarimaga tortish, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, jurnalist kasbdoshlarimizga murojaat qilmoqchiman: obro‘imizni tushirmaylik, noto‘g‘ri ma’lumotlar yordamida saytlarimizda ko‘rishlar va «layk»lar sonini ko‘paytirishga harakat qilmaylik, keling, rasmiy manbalarga murojaat qilaylik!

Yuliya Sarimsakova.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech