29 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,3 °C

Ijtimoiy hayot
28 Mart  2020 651

Biz birgamiz: aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayrli loyihaga start berildi

Aholini ijtimoiy muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida Adliya vazirligi 2018-yildan beri “Biz birgamiz” ijtimoiy loyihasini yo‘lga qo‘ygan. Loyiha doirasida aholining zaif qatlamlariga ijtimoiy va iqtisodiy ko‘mak berishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida insonlarning harakatlanishiga ayrim cheklovlar kiritilganligi natijasida avvalo aholining ehtiyojmand qatlami, ya'ni kam ta'minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bor shaxslar va ishsiz fuqarolarni zaruriy mahsulotlar bilan ta'minlash ehtiyoji ortmoqda.

Bunday sharoitda Shodiev xalqaro fondi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlarga o‘zining hissasini qo‘shishga va dastlabki bosqichda aholining kam ta'minlangan qatlamiga moddiy ko‘mak berishga tayyorligini ma'lum qildi.

Olib borilgan o‘rganishlar natijasida Adliya vazirligi, Shodiev xalqaro fondining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va “Madad” nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan respublika bo‘yicha 1 500 dan ortiq yordamga muhtoj oilalar aniqlandi. Fondning yordami bilan jami 13 turdagi birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiyot vositalarini o‘z ichiga olgan ijtimoiy yordam to‘plamlari shakllantirildi.

Mazkur ijtimoiy yordam to‘plamlari ortilgan avtoulovlar ichki ishlar organlari kuzatuvi bilan respublikaning olis hududlarida yashovchi yurtdoshlarimizga yetkazish uchun yo‘lga chiqdi. Ijtimoiy yordam to‘plamlarini egalariga topshirish paytida hududiy adliya organlari va “Madad” nodavlat notijorat tashkilotining joylardagi filiallari tomonidan ularga huquqiy tushuntirishlar beriladi.

Shu o‘rinda, Adliya vazirligi va Fond barchani o‘z fuqarolik mas'uliyatlarini to‘liq his etishga, o‘rnatilgan qonun-qoidalar va tartiblarga so‘zsiz rioya etishga, bu borada kechayu-kunduz xizmat qilayotgan tashkilotlar xodimlariga, ayniqsa shifokorlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga chaqiradi. 

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech