23 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,3 °C

Mamlakatimizda
20 May  2019 1217

Avtomobilning yaqinni yorituvchi chiroqlari: nima rostu nima yolg‘on?

So‘nggi paytlarda avtomobil egalari orasida eng ko‘p muhokama qilingan mavzu yaqinni yorituvchi faralar yoki kunduzgi signal chiroqlari (KSCh)ni yoqmaslik uchun jarima bo‘ldi. Ko‘pgina haydovchilar uchun bu kutilmagan holat bo‘ldi ham.

Ularda savollar paydo bo‘lgan, nima uchun bu yangilikka ehtiyoj bor va u YTHning kamayishiga qanday ta'sir qilishi mumkin kabi.

Hukumatimizning 2019-yil 9-apreldagi «Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qarori ayrim yo‘l harakati qoidalarini isloh qilishning sababi bo‘ldi. Hujjatda quyidagi jihatlar ko‘zda tutilgan:

- kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart;

- aylanma harakatlanish chorrahasida harakatlanayotgan transport vositalari aylanaga kirib kelayotgan transport vositalariga nisbatan ustunlikka (imtiyozga) ega;

- svetoforning yoki tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasida transport vositalarining old qismi to‘xtash chizig‘i ustida bo‘lmasligi lozim;

- endi aholi punktlarida yo‘llarning chap tomonida to‘xtash va to‘xtab turishga har yo‘nalishda bittadan harakatlanish bo‘lagi bo‘lgan, o‘rtada tramvay izi bo‘lmagan yo‘llarda va bir tomonlama harakatli yo‘llarda ruxsat etiladi;

- transport vositalarini yo‘lning qatnov qismida bir qator qilib, kajavasi bo‘lmagan ikki g‘ildirakli transport vositalarini ikki qator qilib qo‘yishga ruxsat etiladi;

- mahalliy hokimiyat organlari nafaqat ayrim turdagi transport vositalari uchun yo‘l yoki yo‘l uchastkalarida tezlik rejimini (tegishli belgilarni o‘rnatish bilan) oshirishga, balki uni kamaytirishga haqli;

- yukni ochiq platformalarda tashishga agar yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material bilan yopilgan bo‘lsa, ruxsat etiladi;

- velosiped va moped haydovchilariga rulni ushlamasdan yoki bir qo‘lda ushlab harakatlanish (manyovrdan oldin ishoralar berish bundan mustasno) taqiqlanadi;

- grafik qism ham yangi yo‘l qoidalari va yotiq chiziqlar bilan to‘ldiriladi, jumladan, takrorlovchi, ogohlantiruvchi va taqiqlovchi.

Biroq vatandoshlarimiz orasida birinchi band eng katta munozaraga sabab bo‘ldi. Ba'zilar kun davomida chiroqlarni yoqib yura boshlashdi, ammo boshqalari hali ham eski uslubda yurishda davom etmoqdalar va buni chiroqlarning qizib erib ketishi va avtomobilning yonib ketishi mumkinligi bilan izohlashmoqda. Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot xizmati rahbari Qahramon Xudoyberganov bunga qaysi gap rostu, qaysinisi o‘ylab topilgani haqida izoh berdi:

- Kunduzi signal chiroqlari kunduzgi yorug‘lik vaqtida harakatlanadigan transport vositasining ko‘rinishini yaxshilashga mo‘ljallangan tashqi yorug‘lik moslamalaridir. Ularni gabarit chiroqlar bilan adashtirmaslik lozim. Asosiy maqsad, qarama-qarshi tomondan kelayotgan transport vositasi haydovchisiga uning ko‘zlarini qamashtirmay, ko‘rinishni hosil qilishdir. KSCh yoki past nurli chiroqlardan foydalanish yonilg‘i iste’moliga biroz ta’sir qiladi. Misol uchun, dvigatelni ertalabki qizdirishda avtomobilga o‘rnatilgan barcha iste’molchilarga qaraganda ko‘proq yonilg‘i sarflanadi.

- Bizning issiq iqlimimiz sharoitida yaqinni yorituvchi chiroqlar yoki kunduzgi signal chiroqlari linzalari erishi mumkinmi?

- Shunday ehtimol bor. Yaqinni yorituvchi chiroqlar/KSCh linzalari va yorug‘lik qaytaruvchi chiroqlar:

- elektr simlari noto‘g‘ri tanlangan yoki ulanishlar sifatsiz izolyasiyalangan chiroqlar o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgan bo‘lsa;

- lampochkalarning ma'lum chiroqlarga mos tushmaydiganiga almashtirilishi natijasida yuqori quvvat va issiqlik ajralib chiqishi natijasida;

- texnik tekshiruv vaqtida chiroqlar elektr o‘tkazish diqqat bilan amalga oshirilmaganda;

- soxta sertifikatsiz chiroqlar va lampalar modullaridan foydalanganda erib ketishi mumkin.

Plastik bunday yuklamaga dosh bermaydi va erib ketadi.

Qoidalarga bo‘ysunishni istamagan ko‘pchilik issiq iqlimimizni bunga ro‘kach qiladi. Shunday qilib, eng keng tarqalgan H4 va H7 galogen lampalarining ish harorati Selsiy bo‘yicha 450 darajaga yetadi. Barcha asl va sertifikatlangan chiroqlar ana shu haroratga mo‘ljallangan, shu bois bu jihat yoritish moslamalarining yuqori haroratga chidamliligiga ta’sir qilmaydi. Misol uchun, o‘rtacha yillik harorat +35 daraja va yozda +50 bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklarida kunduzi yaqinni yorituvchi chiroqlar yoki KSChni yoqib yurish bir necha yildan beri amalda.

- Yaqinni yorituvchi chiroqlar/KSCh nuridan foydalanish chindan ham, yo‘llarimizdagi xavfsizlikni oshirishga qodirmi?

- Bu fikrga juda ko‘plab ekspertlar qo‘shiladi. Inson ko‘zlari ob’ektlarni emas, balki ulardan qaytgan yoki ular chiqargan yorug‘likni ko‘rishi isbotlangan. Shunga ko‘ra, yo‘l harakati ishtirokchilarining ko‘ziga tushgan yorqin yorug‘lik, ko‘rish hududidan ancha olisda bo‘lsa ham xavfni oldindan sezishga imkonini beradi. Kunduzi sodir bo‘lgan yo‘l-transport hosialarining tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularning 50 foizida haydovchi boshqa ishtirokchilarni, yaqinlashib kelayotgan avtoulovlar va piyodalarni ko‘rmay qolarkan. Chorrahalarda bu ko‘rsatkich 80 foizgacha oshadi. Yoqilgan chiroqlar mashinani sezilarli qiladi. Shu bilan birga, yaqinni yorituvchi chirog‘i yoki KSCh yoqilgan mashinalar aslidan ancha yaqin bo‘lib ko‘rinadi. Bularning bari birinchi navbatda xavfsizlik uchun amalga oshirilmoqda. Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, bunday chora-tadbir yo‘l-transport hodisalari sonini to‘qqizdan yigirma besh foizgacha, piyodalar o‘limini esa 29 foizgacha kamaytiradi. O‘zbekistonda yiliga 9 mingga yaqin yo‘l-transport hodisalari ro‘y berayotganini hisobga olsak, ular sonini 15 foizga kamaytirish – yaxshigina ko‘rsatkich hisoblanadi.

- Ushbu yangilikni joriy etishdan oldin, albatta, xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilgan bo‘lsa kerak, aynan, qaysilariniki?

- Yaqinni yorituvchi chiroqlar/KSChning kiritilishi iqlim sharoitida farq qiluvchi ko‘plab davlatlarning qonunlarida ko‘zda tutilgan. Misol uchun, Buyuk Britaniyada KSCh o‘rniga yaqinni yorituvchi chiroqlardan foydalaniladi, ammo bunda ularning kuchlanishi kamaytirilishi lozim. AQShda – past kuchlanishdagi uzoqni yorituvchi chiroqlar yoqib qo‘yiladi. Skandinaviya mamlakatlarida alohida signal chiroqlari bo‘lishi shart. Rossiyada tumanga qarshi chiroqlardan KSCh sifatida foydalanish ko‘zda tutilgan. Qo‘shni davlatlarda KSCh bir necha yillardan beri ishlatiladi: Qirg‘izistonda - 2009-yildan, Qozog‘istonda - 2014-yildan.

- Eski modeldagi avtomobil egalari qanday yo‘l tutishlari kerak bo‘ladi?

- Bunday avtotransport vositalari egalariga elektr jihozlari, elektr simlarini texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida tekshiruvdan o‘tkazish va yaqinni yorituvchi chiroqlar bilan harakatlanishga o‘tish tavsiya etiladi.

- Tumanga qarshi chiroqlar (TQCh) yordamida shahar bo‘ylab harakat qilish mumkinmi?

- Yo‘l harakatining amaldagi qoidalariga ko‘ra, TQChdan va shuningdek, yaqinni yoki uzoqni yorituvchi chiroqlardan ko‘rish qiyin bo‘lgan sharoitlarda mustaqil ravishda; kunning qorong‘i qismida, yaqinni yoki uzoqni yorituvchi chiroqlar yo‘llarning yoritilmagan qismlarida; YHQlarining 138-bandida nazarda tutilgan sharoitlarda yaqinni yorituvchi chiroqlar o‘rniga foydalanish mumkin.

- Ishlab chiqarilayotgan avtomobillarimiz xalqaro standartlarga mos keladimi?

- Muomalaga chiqarilgan transport vositalari umumiy texnik reglamentga muvofiq bo‘lishi kerak, xususan, KSCh va burchak chiroqlarini o‘rnatish ixtiyoriy. Biroq ular o‘rnatilganda belgilangan qoidalarga muvofiq bo‘lishi lozim. «Ravon R2» va «Chevrolet Spark» avtomobillarining ayrim modifikatsiyalari TQCh o‘rniga oldingi bamperda o‘rnatilgan KSCh bilan jihozlangan.

Evelina Sinotova

suhbatlashdi.

«Pravda Vostoka».

Aksariyat fuqarolar yangi qoidalar endigina sinovdan o‘tmoqda va uni ijro etmaganlik uchun hali jarimaga tortishmaydi, deya yanglish hisoblashadi. Negaki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga o‘zgartirishlar hali kiritilmagan. Biroq MJKning 128-moddasining birinchi qismi tashqi yorug‘lik asboblaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun sanksiyalarni nazarda tutadi.

Ushbu moddaga yaqinni yorituvchi chiroqlar yoki kunduzi signal chiroqlar yoqilishi haqidagi qoidani buzish ham kiradi. Birinchi qoidabuzarlik uchun jarima – EKIH 0,5 qismi miqdorida. Qoidabuzarlik yana takrorlansa, ayniqsa, ashaddiy qoidabuzarlar tomonidan, bu jarima miqdoriga ham ta'sir ko‘rsatadi va eng kam ish haqining 4 baravari miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oy muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech