10 Avgust 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +33,1 °C

Xalqaro hamkorlik
14 Iyul  2020 402

BMT Inson huquqlari kengashida

BMT Maxsus maʼruzachisining Oʻzbekistonga tashrifi boʻyicha maʼruzasi muhokama qilindi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining Jenevada boʻlib oʻtayotgan 44-sessiyasi doirasida 2020-yil 13-iyul kuni BMT Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning 2019-yili Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlariga doir maʼruzasini koʻrib chiqishga bagʻishlangan videokonferensiya oʻtkazildi.

BMTga aʼzo mamlakatlar delegatsiyalarining bevosita ishtirokisiz oʻtayotgan Inson huquqlari kengashining ushbu sessiyasi ishida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi onlayn rejimda ishtirok etdi.

Sessiyada BMT Maxsus maʼruzachisining tashrifi yakunlari yuzasidan taklif etilgan tavsiyalar asosida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida Oʻzbekiston delegatsiyasining sharhlari ham tinglandi.

BMT Maxsus maʼruzachisi oʻz maʼruzasida Oʻzbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalarni alohida taʼkidladi. Xalqaro hamjamiyat eʼtibori, avvalambor, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda davlat institutlari va siyosatni isloh etish hamda modernizatsiya qilish boʻyicha keng qamrovli dastur ishlab chiqilganiga qaratildi. Hozirgi davrda odil sudlov tizimida amalga oshirilayotgan islohot ana shu dasturning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.

Diyego Garsiya-Sayan Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz lavozimini bajarishga kirishgan paytidan boshlab amalga oshirgan muhim ishlar qatorida, jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqshunoslarning oʻz kasbiy faoliyatini yana-da erkin bajarishini taʼminlashga qaratilgan islohotlarning muayyan amaliy natijalarini sanab oʻtdi.

Xususan, Oʻzbekistonda sud hokimiyati va sudlar xizmatini tashqi siyosiy bosimlardan muhofaza qilish borasida keng vakolatlarga ega boʻlgan konstitutsiyaviy organ sifatida Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgan. Sud tizimi qayta tuzilgan, xususan, Oliy xoʻjalik sudiga tegishli vazifalar Oliy sud tasarrufiga oʻtkazilgan.

Maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlarning yangi tizimi yaratilgan. Adliya vazirligi zimmasidagi sudlar faoliyatining maʼmuriy jihatlari bilan bogʻliq ayrim maʼmuriy va texnik funksiyalar Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini taʼminlash boʻyicha departament ixtiyoriga berilgan.

Mamlakatda prokurorlarga nisbatan munosabatda sudyalar mustaqilligining oʻziga xos koʻrsatkichi sifatida, jinoyat ishlari boʻyicha oqlov hukmlari miqdori ortib bormoqda. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni saralash va tayinlashning yangi tartib-taomillari joriy etilgan. Sudyalar almashtirilmasligi kafolatlarini mustahkamlash boʻyicha amaliy choralar koʻrilgan.

Sudyalarni birlamchi va uzluksiz tayyorlash tizimini mustahkamlashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan, jumladan, Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi ochilgan. Sudlar chiqargan qarorlar Oliy sud veb-saytida muntazam ravishda eʼlon qilib borilmoqda. Odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini osonlashtirish hamda bu boradagi shaffoflikni oshirishga qaratilgan elektron tartib-taomillar bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha siyosat sohasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirilgan. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun qabul qilingan va bunday choralarni amalga oshirish uchun taʼsirchan mexanizmlar yaratilgan.

BMT Maxsus maʼruzachisining fikricha, ushbu amaliy chora-tadbirlarni tom maʼnoda mustaqil va xolis odil sudlov tizimini barpo etish yoʻlidagi dastlabki qadamlar deb hisoblash lozim. Sud hokimiyati davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan haqiqatan ham mustaqil boʻlishiga erishish hamda sudyalar, prokurorlar va advokatlar oʻz kasbiy faoliyatini hech qanday asossiz aralashuvlar va bosimlarsiz amalga oshirishlarini taʼminlash uchun hali juda koʻp ishlar qilish kerak boʻladi.

D. Garsiya-Sayan maʼruzasi yakunida Oʻzbekistonda sudyalar va prokurorlar mustaqilligini yana-da mustahkamlash hamda huquqshunoslar oʻz kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirishlarini taʼminlashga qaratilgan bir qator tavsiyalar ham berdi. Xususan, mamlakatimiz sud-huquq tizimini takomillashtirish istiqbollariga taalluqli quyidagi tavsiyalar taqdim etildi:

- sud-huquq tizimidagi islohotlarni xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirishni davom ettirish, xususan, xalqaro huquq normalarining milliy huquq normalaridan ustunligini konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qoʻyish;

- sudlar faoliyatiga boshqa hech qanday organlarning aralashmasligiga erishish, yaʼni sud hokimiyatining tom maʼnodagi mustaqilligini taʼminlash;

- Sudyalar oliy kengashining mustaqilligini mustahkamlash va vakolatlarini kengaytirish, uni shakllantirish tartibini yana-da mukammallashtirish;

- sudyalik lavozimiga nomzodlarni saralash tartib-taomillarini takomillashtirish;

- sudyalarning vakolat muddatlarini qayta koʻrib chiqish;

- sud tizimida gender tenglikni, yaʼni ayol sudyalar ham teng asosda ishlashini taʼminlash;

- prokuratura organlarining vakolatlarini cheklash;

- advokatlarning maqomi va mustaqilligini mustahkamlash;

- odil sudlov imkoniyatlari va malakali yuridik yordamdan barchaning, jumladan, nogironlarning ham erkin foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Maxsus maʼruzachisining maʼruzasida qayd etilgan tavsiyalarning aksariyati mamlakatimiz tomonidan oʻtgan qisqa davrda bajarilgan. Ayni vaqtda ushbu tavsiyalarning qolgan qismi izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Eʼtiborli jihati shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 30-iyun kuni odil sudlovni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatimiz sud-huquq tizimining navbatdagi bosqichi uchun belgilab bergan yangi vazifalarning mohiyati ham BMT Maxsus maʼruzachisining bu boradagi fikrlari, umuman, BMT Inson huquqlari kengashining 44-sessiyasida bildirilgan tavsiyalar bilan uygʻun va hamohangdir.

Inson huquqlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech