15 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,5 °C

Bo‘sh vaqtda
7 Aprel  2019 1774

«Boshlanib qolmasin-da!..»

(2-3 daqiqada hammayoq vayrontaxta)

Vazira mana, bir haftadan beri oshxonada ishlamoqda. Uni idish-tovoq yuvishga qo‘yishgan. Oshxonaga xo‘randalar biram ko‘p kirisharkanki... Ammo o‘zining bir andishali tomoni bor: yurgan joyida bir balolarni boshlab yuradi. Eng qizig‘i, ular bir boshlansa bir hodisa ikkinchisiga, uchinchisiga, xullas, ketma-ket ulanib ketaveradi, ishonavering. Hartugul hozircha hammasi tinch. Lekin bugun bir-ikkita idishni sindirib qo‘yganida yuragi «shig‘g‘» etib ketdi. «Yana bir balo boshlanmasa go‘rgaydi?! Yuragim notinch! Aniq ishdan haydashadi! Ishqilib, boshlanib qolmasin-da?!» deya o‘yladi Vazira. Bir boshlansa, bir-biriga ulanib ketaverishini o‘ziyam yaxshi bilardi. Oshxonaga xo‘randalar hali kelmagan. Tushlikka tayyorgarlik avjida. Qahramonimizning sezishicha, oshpazlar ichidagi yagona ayol ― Sojida opa juda kamgap ekan. Biroq boshlig‘i hamisha uning maslahatiga quloq solardi. Oshxonadan bosh oshpazning tovushi eshitildi.

― Ho‘vv, singlim, isming nimaydi, haligi, kir yuvish kukuni solingan issiq suv olib kel, manavi yerni yuvmasa bo‘lmaydi, ― deya yog‘ to‘kilib, yiltirab turgan kafelni ko‘rsadi.

― Xo‘p, hozir, ― deya Vazira idish-tovoq yuviladigan xonaga kirib ketdi. Issiq suv va kir yuvish kukunini boshqa qaerdanam olish mumkin. Bosh oshpaz yana baland ovozda dedi:

― Samad, aralashtirilgan tuxumlarni qachon olib kelasan? Chaqqon-chaqqon qimirlasang-chi! Ha, aralashmaga garmdori qo‘shishniyam unutma, tez bo‘l.

― Mana, hozir. Ketayapman, ― Samad deganining ovozi eshitildi

Vazira tog‘orada ko‘pikli suvni olib ketayotganda sal muvozanatini yo‘qotib, kafel polga to‘kib yubordi. Nima qilarini bilmay, bir to‘xtadi-yu, yana yugurib ketdi. Bosh oshpazning jahli yomon. Baqirib-chaqirib yurmasin tag‘in. Xuddi shu payti favqulodda badjahl, tajang va baqiroq oshxona xo‘jayini Vaqqos aka lapanglagancha kirib keldi.

― Qani, tez-tez bo‘laqolinglar! Bu yerda nima qilib ivirsib yuribsan? Seni idish-tovoq yuvishga qo‘ygandim-ku?! Polga suvni sen to‘kdingmi? Tezda artib ol! Nimaga lallayib turibsan, qimirla!

Vazira ketdi. Ko‘ngli sezyapti, hozir nimadir sodir bo‘ladi.

U ketayotganida bosh oshpaz yordamchisiga qarab baqirdi.

― Tezroq aralashtirilgan tuxumni opke. Namuncha imillaysan?!

Boshliq chiqib ketmoqchi bo‘ldi va Vazira ko‘pikli suv to‘kib qo‘ygan joyga toyib ketib, chalqanchasiga yiqildi. Yiqilayotganda muvozanatini saqlayman, deya vertolyotning parragiday aylantirgan qo‘li stol chetida turgan lag‘mon solingan tog‘oraga tegib ketdi va lag‘monlar ustidan to‘kildi.

― O‘ldim endi! Boshlandi!!! ― dedi Vazira dahshatga tushib.

Hamma yog‘i lag‘mon xo‘jayini og‘zidan bodi kirib-shodi chiqib o‘rnidan turmoqchi bo‘layotganida aralashtirilgan tuxumni kattaroq idishda ko‘targancha pirillab uchib kelayotgan oshpaz yigit unga qoqilib ketdi. To‘g‘rirog‘i, hali to‘rt oyoqlab turgan Vaqqos akaning ustidan o‘mbaloq oshib tushdi. Qo‘lidagi idish esa bosh oshpazga qarab otildi. Yuziga qalampir aralashtirilgan tuxum sachragan favqulodda badjahl va baqiroq bosh oshpaz «voy, ko‘zim»lagancha jo‘mrak tomon keta boshladi. Aralashmaga garmdori qo‘shishni uning shaxsan o‘zi tayinlaganini bilasiz.

Shunday, deya timirskilanib ketyapti. Temir aka ismli salga bor ovozda kulib yuboradigan oshpazlardan biri uni qo‘lidagi tova bilan ko‘rsatib, xoxolab kulmoqda. Shu payt bosh oshpaz timisrkilana-timirskilana yana yerga to‘kilgan tuxumga toyib ketib og‘ir temir tumbani ag‘natib yubordi. Tumba esa qarsillab xoxolab kulayotgan Temir akaning oyog‘iga tushdi. U bir pas xoxolab turdi, keyin nima bo‘lganini tushunmay, bir oz indamay turdi, keyin og‘riqning zo‘ridan ovozi boricha baqiradi.

― Aaaaaa! Voy, oyog‘im!!! Aaa! ― deya chinqirganicha qo‘lidagi tova bilan bosh oshpazning boshiga «dang» etkazib tushirdi.

― Nega uni urasan, ahmoq! ― oshxona xo‘jayini kelasola unga baqirdi.

Oyoqlaridagi og‘riqdan dodlab turgan Temir aka, aftidan, nima qilayotganini o‘ziyam yaxshi anglamay, uning ham boshiga tova bilan «dang» etkizib tushirdi. Zarba shu qadar kuchli bo‘ldiki, Vaqqos aka «podliva» tayyorlanib, sovushi uchun endigina yerga tushirib qo‘yilgan idish yoniga yiqildi. Ammo o‘ng qo‘li hali qaynoq «podliva» solingan qozoncha ichiga kirib qolgandi… Ovozi Temir akanikidan ham balandroq chiqdi…

Bu paytda quloqlariga naushnik taqib olgan oshpaz Vali kursida hammaga teskari o‘tirib olgancha, yelkasini u yoq-bu yoqqa qimirlatib musiqa eshitib, guruch tozalamoqda edi. Atrofidagi voqyea-hodisani ko‘rgani-eshitgani ham yo‘q. Xuddi shu paytda idish-tovoq yuviladidan xonadan zalni yuvish uchun tog‘orada rosmana qaynoq suv ko‘tarib chiqqan boshqa xizmatchi ayol oshxonadagi ag‘dar-to‘ntarni ko‘rib angrayib, to‘xtab qoldi. Bu orada guruch tozalayotgan Valining oldiga nimadir uchib tushgach, o‘rnidan turib, atrofga alangladi. Xuddi shu payt qo‘lidagi qaynoq suvni uning kursisiga qo‘ygan xizmatchi ayol boshliqni o‘rnidan turg‘azishga shoshildi.

― Voy, o‘lmasam, nega yerda yotibsiz? Hamma yog‘ingiz lag‘mon, atala!..Tura qoling!

Vali esa hyech nimani tushunmasdan kursiga o‘tirayapman, deb haligi qaynoq suvga o‘tirdi. Uyam biroz nima bo‘lganini tushunmay turdi-da, bor ovozda chinqirdi:

― Aaaaaaaa!

Shu payt cho‘tini chiqillatib hisobchi kirdi. Uyam ichkaridagi ag‘dar-to‘ntarni ko‘rib, qotib qoldi.

― Bu yerda nimalar bo‘lyapti o‘zi? ― so‘radi u. Ammo gapini aytar-aytmas uyam toyib yiqildi. Qo‘lidagi cho‘t otilib ketdi va qaynoq suvdan endigina turgan oshpaz Valining boshiga borib tegdi. Bechora yana qaynoq suvga o‘tirib qoldi. Yana chinqiriq. Bu safargisi ancha baland.

― Aaaaaaaa!

Hisobchi o‘rnidan ihragancha turib, o‘qrayib, oyog‘iga temir tumba qulagan Temir akaga qaradi. U esa bunga javoban uning ham boshiga tova bilan «dang» etkazib tushirdi. Bu orada o‘rnidan turib, ancha o‘ziga kelib olgan oshxona xo‘jayini hisobchidan ham balandroq ovozda chinqiradi.

― Vaziraaaaaaaaaaa!..

Xullas, qizni ishdan haydamoqchi bo‘lganida Sojida opa o‘rtaga tushdi.

― Xo‘jayin, shu qizda bir gap bor. O‘zingiz qarang, bir haftadan beri qancha ko‘p xo‘randa kelyapti. Bir kunda uch-to‘rtta xo‘randadan oshmasdi, unutdingizmi? Qizni ishga olganingizdan beri... Barakasi borga o‘xshaydi. Qo‘ying, ishlayversin. Ko‘pikli suvniyam atay to‘kkani yo‘q-ku?! ― deya undan iltimos qildi.

Boshliq o‘ylanib qoladi. Gapi rost.

― Bo‘pti, ishlayver. Ammo endi ko‘zingga qara! Yo‘qsa, shu ketishingda hammamizni «invalid» qilasan. Senga yana bir imkoniyat beraman! ― dedi-da, qo‘lida tovani tutgancha haykalkaday qotib, og‘riqdan afti burishib turgan Temir akaga qarab, hiringlagancha gap qotdi:

― Temir aka, oyoq qalay?! Tovani chetga qo‘ying, chetga qo‘ying tovani deyapman!!!

 

Nurpo‘lat NURQULOV.

 

 

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech