08 Aprel 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +5,6 °C

Ta'lim
24 Mart  2020 362

“Bugun ayollar barcha sohada mehnat qilishi mumkin, hatto geologiyada ham”

Ayolning oilada bir nechta vazifasi bor: ayol — moderator, ayol — iqtisodchi, ayol — oʻqituvchi, ayol — oshpaz... Bir soʻz bilan aytganda, oiladagi tinch va osoyishta muhitni taʼminlashda ayol jonbozlik koʻrsatadi. Koʻp zamonlardan beri ulugʻlanib, shaʼniga madhlar bitib kelinayotgan oʻzbek ayoli bugun oʻzining moderatorlik qobiliyati, rahbarlik salohiyati bilan hayotning barcha jabhalariga dadil kirib kelmoqda.

 

Shunday ayollardan biri, ayni paytda I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori oʻrinbosari Elzara Yuzlikova 27 yoshida fan nomzodi, 32 yoshida fan doktori ilmiy darajasini olgan. U mamlakatimizda ayol rahbarlar safi kengayib borayotganidan mamnun. Buni yurtimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan eʼtibor va ishonch namunasi, deb hisoblaydi.

Prezidentimizning oʻtgan yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yana-da kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning tadbirkorlik borasidagi tashabbuslarini yana-da qoʻllab-quvvatlash, mehnat faoliyatini ragʻbatlantirish va odil sudlovga erishish darajasini oshirish kabi maqsadlar oʻz ifodasini topdi. Bu qaror ijrosi doirasida xotin-qizlar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qoʻllash boʻyicha taqiqlar bekor qilingani ayollar uchun jamiyatda oʻz faollik va tashabbuskorligini namoyon etishga imkoniyat eshiklarini ochdi.

Elzara Yuzlikova koʻp millatli bagʻrikeng xalqimiz mehri va ishonchidan kuch olib, yurt ravnaqi yoʻlida sidqidildan mehnat qilib kelmoqda. U ish faoliyatini 2002-yili Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining umumiy pedagogika kafedrasida boshlagan. “Ijtimoiy pedagogika” va “Pedagogik mahorat” fanlaridan amaliy mashgʻulotlar oʻtkazish jarayonida pedagogikada yutuqlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham borligini ilgʻab, oʻzining nomzodlik va doktorlik ishlarida aynan shu yoʻnalishdagi muammolarni hal etish boʻyicha takliflarini bildirdi. 

Mutaxassislarning yarmidan koʻpi xotin-qizlar

— Muassasamizda tahsil olayotgan 1034 nafar talabaning 208 nafari ayol-qizlardir, — deydi Elzara Yuzlikova. — Taʼlim dargohimizda neft va gaz sohasi uchun kadrlar tayyorlanadi. Shu bois, filialimizga koʻproq yigitlarning intilishi va qiziqishi yuqori. Talabalarimiz orasida qizlar yildan yilga koʻpayayotgani ayollarda barcha sohalarda faoliyat yuritish va oʻz imkoniyatini namoyish etishi uchun ishonch mavjudligidan dalolat beradi. Pedagoglarimizning oltmish foizini ayollar tashkil etadi. Bu yuqori malakali geologlarni tayyorlovchi, oʻzbek, rus va ingliz tillarida dars oʻta oladigan professional mutaxassislarning yarmidan koʻpi ayollar deganidir. Bu ham ayol-qizlar rolining jamiyatda oshayotganiga bir misoldir. Bugun filialning “Oʻzbekneftegaz” AJ korxonalarida mehnat qilayotgan 1044 nafar bitiruvchisi orasida xotin-qizlar yetarlicha. 

Yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy maydon

Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida geologiya-qidiruv sohasini tubdan rivojlantirish, geologiya fanini chuqur oʻrganish vaqti kelgani alohida taʼkidlangan edi.

— Geologiyaga oid predmetlarni oʻqitishni yaxshilash masalasi bizga katta masʼuliyat yuklaydi. Shu yilning 17-aprel kuni filialimizda Oʻzbekistonda ilk bor Ilmiy tadqiqotlar innovatsion markazini ochish rejalashtirilmoqda. Ilmiy markaz oʻttizdan ortiq zamonaviy kompyuter va ishchi stansiya bilan jihozlangan boʻlib, neft-gaz sohasining barcha yoʻnalishlarini birlashtiradi. Bir soʻz bilan aytganda, yosh tadqiqotchilar uchun ulkan maydonga aylanadi. Yosh izlanuvchilarning aksariyatini qizlar tashkil qilishi bizni yana-da quvontiradi, — deydi salohiyatli pedagog.

Elzara Yuzlikova rahbarlik faoliyatiga hamohang tarzda talabalarga valeologiya fanidan dars beradi. Uning bir nechta chet tillarni mukammal bilishi pedagogik va ilmiy faoliyatida ham qoʻl keladi. Xususan, oʻtgan yili Toshkentda oʻtkazilgan “Neft va gaz OGU-2019” xalqaro konferensiyasi, Sankt-Peterburg shahrida oʻtkazilgan xalqaro gaz forumida ilmiy asoslangan fikr va takliflarini aynan ingliz tilida bayon etdi. Chet el universitetlari va xalqaro tashkilotlar bilan memorandumlar imzolashda ham Elzara Yuzlikovaning bilimi va til bilish qobiliyatidan samarali foydalaniladi. 

Rahbarlikning yuki ogʻir, ayniqsa, ayolga...

Ikki farzandning onasi, bir oilaning sarishta bekasi, ahil jamoaning rahbari va geologiya sohasida izlanayotgan koʻplab yoshlarning ustozi boʻlgan Elzara Yuzlikova jamoadagi har bir xodimning, ayniqsa, ayollarning kayfiyati bilan qiziqadi. Ularni tinglab, muammolariga birgalikda yechim topishga intiladi.

Baʼzi ayollar bilan suhbatlashsangiz, hayotdan, turmushidan noliydi. Arzimagan masalani ham katta muammo sifatida koʻtaradi. Bunday toifadan farqli ravishda olima hayotga doimo yaxshi nazar, koʻtarinki kayfiyat bilan qaraydi. “Hayotdan hech qachon nolimaslik kerak. Rahbarlikning yuki ogʻir, ayniqsa, ayol kishi uchun. Kimda muammo yoʻq deysiz?! Ularga taslim boʻlmasdan, qayta-qayta olgʻa intilaverish kerak. Ana shunda biror natijaga erishasiz. Biz, ayollar nozik qalbimiz, yuksak did-farosatimiz va uddaburonligimiz bilan jamoada chiroyli muhit yaratishimiz lozim”, deydi u.

Sohiba Mullayeva,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech