22 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,8 °C

Turizm
9 Dekabr  2018 1866

Buxoroni qush parvozi balandligidan tomosha qilish imkoniyati paydo bo‘ladi

Joriy yilning fevral oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga qilgan tashrifi chog‘ida qadimiy shaharda sayyohlik industriyasini rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirish va ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar bergan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi «2017-2019-yillarda Buxoro shahri va Buxoro viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida zamonaviy mehmonxona komplekslarini qurish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish, turizmning turli yo‘nalishlarini rivojlantirish va boshqa tadbirlarni o‘z ichiga olgan dastur tasdiqlandi.

Dastur ijrosini ta’minlash doirasida 2018-yilning to‘qqiz oyi davomida 12 ta yangi mehmonxona va 26 ta mehmonlar uchun joylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Ularning umumiy soni 124 tani tashkil etadi va bir vaqtning o‘zida 3963 kishini qabul qilishi mumkin. Sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Buxorodagi «Zarafshon» mehmonxonasining bo‘sh turgan sobiq binosi investitsiya kiritish sharti bilan Xitoyning «Beston Machinery» kompaniyasiga «nol» qiymatda berildi. Yana bir yirik «Buxoro Palas» mehmonxona kompleksiga buyukbritaniyalik hamkorlar investitsiya kiritadi.

Xorijlik investorlar darhol zamonaviy mehmonxonalar barpo etishga kirishdi. Viloyat markazida esa Hindistonning «Metric Ventures» kompaniyasi mehmonxona kompleksi va dam olish hududini quradi. Buning uchun 2,7 gektar yer maydoni ajratilgan va loyihalash ishlari yakuniga yetgan. Yaqin ikki yil ichida ikkita shunday bino bir kecha-kunduzda o‘n mingga yaqin sayyohni qabul qila oladi.

Xorijlik mehmonlarning mazmunli dam olishini ta’minlash uchun shaharning tarixiy qismida 12 gektar maydonda «Qadimiy Buxoro» sayyohlik hududi barpo etiladi. Bu yerda shinam mehmonxonalar, amfiteatr, savdo rastalari, hunarmandlar ustaxonalari ham joylashadi. Turkiyaning «Iris Engineering» kompaniyasi bilan hamkorlikda sobiq Shahriston bozori o‘rnida zamonaviy savdo markazi qurish loyihasi tayyorlandi.

Fransiyalik hamkorlar bilan ma’muriy markazning eski shahar qismida suv bosimi hosil qiladigan minorada ham sayyohlik ob’ekti barpo etish rejalashtirilgan. Natijada qush parvozi balandligidan turib Buxoroni yaxlit tomosha qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Mehmonlaru sayyohlar ko‘plab diqqatga sazovor joylarni, mahobatli tarixiy yodgorliklarni, zamonaviy binolar va inshootlarni tomosha qilishlari mumkin.

Davlatimiz rahbarining topshirig‘idan kelib chiqib, yetti pir me’moriy komplekslarida rekonstruksiya qilish va ular atrofini obodonlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ziyorat sayyohligini rivojlantirish maqsadida zamonaviy infratuzilma tashkil etilyapti.

Shular qatorida industriyaning boshqa istiqbolli yo‘nalishlarida ham jadallashish kuzatilmoqda. Masalan, ekologik turizm ixlosmandlarini Qorovulbozor tumanidagi «Jayron» ekomarkaziga sayohat, plyaj va sport turizmi ishtiyoqmandarini esa Peshku tumanidagi Qoraqir ko‘li kutmoqda. Agroturizm yo‘nalishini tanlaganlar nafaqat serquyosh o‘lkada pishib-yetilgan tabiiy ne’matlar hosilini yig‘ish jarayonini kuzatishlari, balki bunda o‘zlari ham bevosita ishtirok etishlari mumkin. Mahalliy oshpazlar hamda qandolatchilar sharq oshxonasining ko‘plab tansiq taomlari va shirinliklarini taklif etadilar. Ko‘hna shaharga tashrif buyurgan ko‘psonli  mehmonlar uchun turli teatrlashtirilgan tomoshalar, festivallar va folklor jamoalari va xalq san’ati ustalari ishtirokidagi tanlovlar tayyorlab qo‘yilgan. Navro‘z bayrami, «Qovun va asal sayli», «Sharq taomlari», «Ipak va ziravorlar» va «Nasriddin Afandi» festivallarida va boshqa tadbirlarda minglab hamyurtlarimiz hamda xorijlik sayyohlar ishtirok etadilar.

- Ko‘hna Buxoroga tashrif buyuruvchi mehmonlar soni yil sayin oshib bormoqda, - deydi viloyat hokimining Turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Shahriyorov. - Birgina joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida shahrimizga 2,1 million sayyoh tashrif buyurdi, xorijiy sayyohlar soni 232 mingdan oshib ketdi. O‘tgan 2017-yilning muqobil davri bilan solishtirilsa, ko‘rsatkichning 1,8 baravarga oshganini ko‘rish mumkin. Yil oxiriga qadar Buxoroga yaqin va uzoq xorijiy davlatlardan yana 36 ming sayyoh kelishi kutilmoqda. Xalqaro sayyohlik yarmarkalari va ko‘rgazmalarining o‘tkazilishi davomida qator kelishuvlarga erishilgan.

Karim Abduraximov.

«Pravda Vostoka»ning o‘z muxbiri.

Buxoro viloyati

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech