31 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35 °C

Madaniyat
29 Mart  2020 787

Buyuk imtihon

Nosirjon Joʻrayev, shoir

Bu yengil havoda uchar ogʻir dard,
Har yutum nafasda xavotir endi.
Xudo bandasiga qoʻydi nozik shart:
Qoʻlingdan kelgani duodir endi.

Bu gal bahor qimmat tutdi sirlarni –
Oʻriklar gullagan bu mavsumlarni.
Biz qadrin bilmagan tabassumlarni
Niqobga yashirmoq ravodir endi.

Dunyoga toj eding, Insoni sharif,
Tojga muhtojmiding, Insoni sharif.
Boshing – isitmada yongan Yer shari,
Tojning har zarrasi balodir endi.

Men kecha qoʻlimni uzatgan odam,
Qoʻlim pisand etmay kuzatgan odam,
Oʻzi bilmay umrim uzaytgan odam,
Senga qoʻl uzatmoq xatodir endi.

Kimsasiz koʻchalar, boʻm-boʻsh bogʻlarda
Achchiq bir haqiqat kezar ohlarday:
Bolalar yayrashi kerak chogʻlarda
Koʻrgani hadikli dunyodir endi.

Xudo sinabdimi – demak, eslabdi,
Oʻzining qudratin takror eslatdi.
Sinov shamollari bekor esmabdi,
Imtihon – har kimga bahodir endi.

Sen – ne imtihondan omon oʻtgan xalq,
Boshidan ne yaxshi-yomon oʻtgan xalq,
Qoningdan qonimga imon oʻtgan, xalq,
Bir-birovga mehring shifodir endi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech