20 Yanvar 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3 °C

Ijtimoiy hayot
16 Yanvar  2020 554

Chet elga ishga qonuniy yo‘l bilan

2020-yil 15-yanvarda Andijon viloyatida fuqarolarni xorijga qonuniy  ishga yo‘naltirish bo‘yicha mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi, Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti boshlig‘i K.Rashidov ishtirok etdi.

Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan kelgan 1000 dan ortiq xorijda ishlash istagidagi fuqarolar xorijiy ish beruvchilar va xususiy bandlik agentliklarining bo‘sh ish o‘rinlari, fuqarolarni xorijga qonuniy ishga yo‘naltirish bo‘yicha takliflari bilan tanishib chiqish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ushbu kengaytirilgan mehnat yarmarkasida Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Turkiya, BAA, Bolgariya, Litva, Latviya, Yaponiya va Vengriya kabi davlatlardan tashrif buyurgan 70 da ortiq ish beruvchilarning qurilish, uy xo‘jaligi, yo‘lovchi va yuk tashish xizmatlari, mebel ishlab chiqarish, baliqchilik, parrandachilik, mehmonxona biznesi hamda xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarishning boshqa yo‘nalishlarida 10 minga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi.

Tadbir davomida Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti rahbari K.Rashidov ishtirokchilar bilan uchrashib, unda xorijda ishlash istagida bo‘lganlarni qiziqtirayotgan masalalar, xorijda ishlash bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan muloqot o‘tkazdi.

Tashrif buyuruvchilarga Tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta'minlash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami ko‘rsatish va moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi.

Yarmarkaga kelganlar xorijiy ish beruvchilar va xususiy bandlik agentliklari vakillarining chet elda ishlash istagidagi fuqarolar uchun ish talablari va sharoitlari, ish haqi miqdori haqidagi va o‘zlarini qiziqtirgan boshqa zarur ma'lumotlari bilan tanishdilar.

Bugungi kunda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari asosan, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, Janubiy Koreya, Isroil, Yaman, AQSh, yevropa va Osiyo davlatlarida qurilish, transport xizmatlari, yo‘lovchilar va yuk tashish, kommunal xizmat, savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat, qishloq xo‘jaligi, uy xo‘jaligi, tibbiyot kabi sohalarda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda.

Ta'kidlash lozimki, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda xorijiy davlatlarning tashqi mehnat bozoridagi ehtiyojlari doim o‘rganib boriladi. Bugungi kunda, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Turkiya, Latviya, BAA, Bolgariya, Qozog‘iston, Quvayt davlatlarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini uyushgan tartibdagi mehnat faoliyati bilan ta'minlash bilan shug‘ullanuvchi 60 ta ish beruvchilar va rekruting agentliklari bilan aniq kelishuvlar mavjud. Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Bolgariya, Latviya, Litva, BAA, Polsha, Yaponiya, Belarus, Estoniya, Xorvatiya, Qozog‘iston, Ukraina, Chexiya, Buyuk Britaniya, Portugaliya, Gretsiya, Germaniya, Isroil, Qatar, Ummon, AQSh davlatlaridagi 170 dan ortiq ish beruvchilari bilan ishga joylashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Mehnat yarmarkasida ishtirok etgan xorijda ishlash istagidagi barcha fuqarolarning ma'lumotlar bazasi qayd etilib, xorijda ishlash bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Tadbirda, shuningdek Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, viloyat hokimligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Eslatib o‘tamiz, xuddi shu miqyosdagi yarmarka o‘sha kuni Qashqadaryo viloyatida ham bo‘lib o‘tdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech