15 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,8 °C

Mamlakatimizda
6 Noyabr  2019 390

Chilonzordagi Davlat xizmatlari markazi yangi binoda ish boshladi

Toshkent shahar Chilonzor tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi va har tomonlama qulay binosi foydalanishga topshirildi. Ushbu markaz poytaxtimizda foydalanishga topshirilayotgan zamonaviy markazlarning birinchisi bo‘lib, yana 8 ta DXM qurilishi boshlab yuborilgan, deb xabar qiladi Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati.

Bino qurilishida uning bugungi kun jahon talablariga mos kelishi, kengligi, xizmat oluvchilarga barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligiga alohida e'tibor qaratilgan.

Ma'lumot uchun, avvalgi bino 224 m2 maydonda joylashgan bo‘lib, jamoat transport vositasi qatnovi hamda shaxsiy transport vositasi bilan tashrif buyuruvchilar uchun maxsus to‘xtash joyi, qulay kutish zali va shu kabi zarur bo‘lgan sharoitlarga ega bo‘lmagan. Bu esa, fuqarolar tomonidan davlat xizmatlarini olishda noqulayliklar tug‘dirgan edi.

Bir vaqtning o‘zida murojaatchilarga 100 dan ortiq xizmat ko‘rsatish imkoni yaratilgan binoda elektron navbat, infokiosk, kutish va tibbiy xizmat ko‘rsatish, bolalar maydonchasi, kafe, kutubxona, elektron xizmatlardan foydalanish ko‘nikmasiga ega xizmat oluvchilar (o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatishi) uchun  alohida maydonlar mavjud.

Mazkur bino xususiy-sherikchilik asosida qurilgan.

Markazda elektron navbat tizimi bilan integratsiya qilingan maxsus platforma tashkil etilib, ilk bor sinov tariqasida ishga tushirilmoqda. Uning yordamida xizmat oluvchilar xizmat ko‘rsatish jarayoni va xizmat ko‘rsatgan xodimni baholashi mumkin bo‘ladi.

Bu esa Agentlik va fuqarolar o‘rtasida o‘zaro aloqani o‘rnatishga zamin yaratadi. Fuqarolar esa xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish jarayoniga o‘z hissasini qo‘shish imkoniga ega bo‘ladilar.

Bundan tashqari, fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda, davlat xizmatlarini olish uchun elektron raqamli imzo so‘ralmaydi. Mazkur markazda sinov tariqasida maxsus elektron imzo moslamasi mavjud.

Bu hali hammasi emas! Endi bank kassalarida navbatda turishga ham hojat qolmaydi. Bank kartochkasi mavjud bo‘lgan xizmat oluvchilar davlat bojlari va boshqa to‘lovlarni o‘rnatilgan POS-terminal, hamda Pay Me GO tizimi orqali to‘lash imkoni yaratilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Bosh vazir qabulxonasi, Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash markazi, notarius xonasi va boshqalar binoda joy olgan.

Eslatib o‘tamiz, Davlat xizmatlari markazlarida aksariyat xizmatlar eksterritorial tamoyili asosida ko‘rsatiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech