23 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,3 °C

Ijtimoiy hayot
4 Aprel  2019 1311

Chingiz Aytmatov – publitsist va munaqqid

Yaqinda Saydi Umirovning “Chingiz Aytmatov – publitsist va munaqqid” nomli kitobi nashirdan chiqdi. Sezganingizdek, kitob Chingiz Aytmatovning ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan.

 

Chingiz Aytmatov – asarlari jahon miqyosida ko‘p va xo‘p o‘rganilgan, o‘rganilayotgan, tahlil-tadqiq qilinayotgan adiblardan biridir. U haqda kitob yozish uchun adibning hayoti va ijodiy faoliyatini mukammal darajada bilish, uning barcha asarlari bilan yaxshi tanish bo‘lishi lozim. Ustoz Saydi Umirov Chingiz Aytmatov ijodi muxlislaridan ekanini kitob xulosasida ta'kidlab o‘tgan. Asarlari e'lon qilinishi bilan o‘qib chiqqani, ba'zilarini qayta-qayta o‘qigani, adibning ijodiga bag‘ishlangan bir qancha maqolalari e'lon qilganni aytib o‘tadi.

Ushbu risola bamisoli adib publitsistikasi daryosidan bir paqir suv olib o‘quvchilar, muxlislariga tutqazish, maqola, ocherk, intervyu-suhbat, adabiy-tanqidiy ishlari haqida ularning bilim va tasavvurlarini boyitishga qaratilgan.

Muallif tahlil jarayonida adibning jozibali, fusunkor, tanqid tasviri, maftunkor bayonidan olinadigan totli taassurotni susaytirib qo‘ymaslik maqsadida adibning o‘ziga ko‘proq so‘z berishga, misol, parchalar keltirishni maqul topgan. Bu esa kitobning tushunarli, qiziqarli bo‘lishiga xizmat qilgan.

Kitobda Chingiz Aytmatovning inson va ekologiya mavzusiga bag‘ishlangan chiqishlari, bong urishlari tahliliga ham e'tibor qaratilgan. Bir o‘rinda Chin­giz Aytmatovning “Dunyo xalqlari tarixi”ning yaxshi ko‘rib chiqilgan yangi tarixini yaratish vaqti keldi, buni YuNeSKO yoxud BMT bo‘limlaridan biri o‘z zimmasiga olmasmikan?” degan gapini keltiradi muallif. 

Xurshid Do‘stmuhammad,

filologiya fanlari doktori, yozuvchi:

– Chingiz Aytmatovdek dunyo kezgan adib va arbobning publitsistik dunyosini qamrab olish, tasniflash va qulay rejalashtirish jo‘n ish emas, Saydi Umirov esa ko‘pni ko‘rgan, tajribali mutaxassis sifatida to‘g‘ri yo‘l tanlagan.

Kitob oson o‘qiladi, har bir tahlil, kuzatuv va mulohazani o‘qiyotib Chingiz og‘aning muborak siymosi ko‘z o‘ngingizda namoyon bo‘ladi. Tabiiy, ulkan ijod maktabini o‘rganish davom etadi, uning yangidan-yangi qirralari yanada jozibali, yanada ehtirosli talqinlarga chorlaydi tadqiqotchilarni, zero, Chingiz Aytmatovdek ulug‘ va betakror so‘z sohibining ijodiga doir har bir izlanish ham badiiy, ham ilmiy, ham amaliy ahamiyat kasb etadi.

 Ahmadjon Meliboyev,

“Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri:

– Ushbu kitob muallifning uzoq yillik muntazam o‘qib-o‘rganishlari, kuzatishlari, tahlillari mahsuli. Saydi Umirov Chingiz Aytmatov publitsistikasini ipidan ignasigacha o‘qib-o‘rganib, uni XX asrning ulkan ma'naviy-ma'rifiy voqyeligi sifatida tatbiq etgan.

Kitob tili yengil, har bir tahlil, kuzatuv va mulohaza adibning yangidan-yangi qirralarini kashf etadi, zero, Chingiz Aytmatovdek ulug‘ va betakror so‘z sohibining ijodiga doir har bir izlanish ham badiiy, ham ilmiy, ham amaliy ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, “Chingiz Aytmatov – publitsist va munaqqid” kitobi o‘zbek olimi Saydi Umirovning Chingiz Aytmatov ijodiga chuqur ehtiromi ramzi sifatida keng ommaga tortiq bo‘lib qoladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech