25 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,2 °C

Biznes
21 May  2020 264

Onlayn kassa tizimi takomillashadi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasida onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassalarni qoʻllash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qaror loyihasida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-noyabrdagi “Onlayn nazorat-kassa mashinalari va virtual kassa tizimi qoʻllanilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 943-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Xususan, onlayn-NKM yoki virtual kassani ekspertizadan oʻtkazish uchun ishchi guruhi tarkibi belgilandi. Ishchi guruhi “Kiberxavfsizlik markazi”, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, davlat soliq xizmati organlari, operator va boshqa tashkilotlarning vakillaridan iborat boʻladi.

Axborot tizimlaridan foydalangan holda amalga oshiriladigan, tovarlarni sotish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishga doir tadbirkorlik faoliyati – “Elektron tijorat” bilan shugʻullanayotgan subyektlar 2021-yil 1-yanvardan virtual kassa tizimiga oʻtishi shartligi ham qaror loyihasiga kiritilgan.

Bundan tashqari, Onlayn-NKM va virtual kassa cheklarida toʻlovning jami qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi boʻlishi lozim.

Loyihada tadbirkorlik subyektlari virtual kassadan foydalanishga oʻtganda, 2021-yil 1-yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida roʻyxatga qoʻyish sharti bilan, ularga hisoblangan va toʻlanishi lozim boʻlgan foyda yoki aylanmadan olinadigan soliq yoxud qatʼiy belgilangan daromad soligʻi summasini virtual kassani joriy etish bilan bogʻliq xarajatlar summasiga kamaytirish huquqi berilishi nazarda tutilmoqda. Bunda kamaytiriladigan summa BHMning oʻn baravaridan oshmagan miqdorda taqdim etiladi.

Shuningdek, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda har yili olis, yetib borish qiyin boʻlgan aholi punktlari roʻyxatini tasdiqlab, yil yakuni bilan keyingi oyning 10 sanasiga qadar Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etib boradi.

Onlayn NKM, virtual kassalar va Texnik xizmat koʻrsatish markazlarini Davlat reyestriga kiritish uchun ariza beruvchilarning vakolatli organ maxsus hisob raqamiga qoʻyiladigan zaxira summasi bank yoki sugʻurta tashkilotlari kafolat xati asosida olti oy ichida shakllantirilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Zaxira summasi bank kafolat xati asosida tadbirkorlik subyektining oʻz ehtiyojida ham qoldirilishi mumkin boʻladi.

Bundan tashqari, mahalliy onlayn NKM ishlab chiqaruvchilarning real imkoniyatlarini hisobga olgan holda, ularni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qurilmaga qoʻyiladigan texnik talablardan “kamida TFT LCD 800*480 sigʻimli ekranga ega boʻlish” talabi bekor qilinadi.

Ushbu qaror muhokamasi joriy yilning 3-iyun sanasigacha davom etadi, deb xabar beradi DSQ matbuot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech