21 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +41,2 °C

Bo‘sh vaqtda
6 Aprel  2019 1554

Dahshatli qurol

(Robert Shekli)

Edsel g‘azabini kimga sochishni bilmayotgandi. Mana, uch haftadirki, Park va Faksonlar bilan huvillagan, tiriklikdan biror asar ham ko‘rinmaydigan sahroda izg‘ishmoqda. Sheriklari bilan yo‘lda uchragan har bir tepalikni kovlab ko‘rardilar. Biroq biror arzigulik narsa topa olishmay, yana yo‘llarida davom etishardi. Marsning qisqa yozi ham poyoniga yetib qolgan. Ancha sovuq tushgan va Edselning yaxshi paytlarda ham uncha mustahkam bo‘lmagan asablari tobora taranglashib bormoqda. Pakana Faksonning esa, aksincha, kayfiyati juda ko‘tarinki. U qurolni topishgach, qo‘lga kiritadigan katta pullar haqida o‘ylardi. Park esa xuddi temir odam singari jimgina uning ketidan ergashmoqda. O‘ziga gapirishmasa, biror og‘iz so‘z qotmaydi.

Edsel salga portlashga tayyor edi. Yana bitta tepalikni kovlab ko‘rib, marsliklarning g‘oyib bo‘lgan qurolini ozgina bo‘lsa-da, eslatadigan hyech nima topa olmadilar. Ko‘rimsiz quyosh botishga shaylanar, favqulodda moviy osmonda esa yirik-yirik yulduzlar ko‘zga tashlanardi. Garchi isitilsa-da, kechqurungi sovuq Edselning skafandridan o‘tib, butun a'zoyi badani qaltiray boshladi.

Kutilmaganda Edselni Parkni tinchitish istagi egallab oldi. Bu indamasni yerda hamkorlik qilishga kelishib olganlaridayoq yoqtirmay qolgan. Uni Faksondan jirkanganidan ham kuchliroq yomon ko‘radi.

Edsel to‘xtadi.

― Endi qayoqqa yurishimizni bilasanmi? ― so‘radi u yovuzlik ufurib turgan ohangda.

Park yelka qisdi. Rangpar yuzida hyech qanday ifoda aks etmadi.

― Sendan qayoqqa yuramiz, deb so‘radim! Karmisan? ― qaytardi Edsel.

Park bu safar ham yelkasini qisdi.

― Unda sening nima keraging bor? Hozir bitta o‘q bilan buni to‘g‘irlayman-qo‘yaman! ― dedi va to‘pponchasiga qo‘l uzatdi.

― Shoshma Edsel, ― dedi yalingannamo Fakson ularning o‘rtasiga tushib, ― o‘zingni bos. Qurolni topganimizdan so‘ng qo‘lga kiritadigan bir olam pullar haqidayam o‘ylasang-chi! ― Shu fikrning o‘zidanoq pakananing ko‘zlari chaqnab ketdi. ― Ko‘nglim sezyapti, qurol shu atrofda Edsel. Balki narigi tepalikdadir.

Edsel ikkilanib qoldi. Ammo ko‘zini Parkdan uzmasdi. Ayni damda uni juda-juda tinchitgisi kelayotgandi...

Yerdaligida shunday bo‘lishini bilganida bormi! O‘shanda hammasi osondek tuyulgandi. Uning qo‘lida marsliklarning afsonaviy quroli yashirilgan ombor haqida ma'lumotlar bitilgan o‘rama qog‘oz bor edi. Park marsliklar yozuvini o‘qiy olardi, Fakson esa ekspeditsiyani moliyalashtirdi. Edsel Marsga yetib olishgach, qurol saqlanayotgan omborga qarab ozgina yurilsa bo‘ldi, deb o‘ylagandi.

Bungacha u yerni biror marta ham tark etmagandi. O‘zini Marsda kutganidan ham ko‘proq qolib ketish, sayyoraning muzdek shamolida sovqotishlar, ochlikka chidash, mazasiz konsentratlarni iste'mol qilish, to‘yintiruvchidan o‘tayotgan siyrak havodan muntazam bosh aylanishni his qilish kutayotganini qayoqdan ham bilsin. Marsning pastak bo‘lsa-da, juda qalin o‘sgan o‘simliklari oralab yuraverishdan esa butun mushaklari zirqirab og‘rishini xayoliga ham keltirmagandi.

O‘shanda faqat bir narsani, o‘sha afsonaviy qurol uchun qancha pul to‘lashlari mumkinligi haqida o‘ylagandi.

― Bo‘pti, menga ahamiyat bermanglar, ― dedi Edsel qo‘qqisdan, bir nima esiga tushganday, ― bu joy meni negadir asabiylashtiryapti. Park, jahl qilganim uchun sendan uzr so‘rayman. Yo‘l ko‘rsatishda davom etaver.

Park jimgina bosh irg‘adi-da, yo‘lida davom etdi. Fakson ham yengil tin olib, Parkning ketidan yo‘rg‘aladi.

«Shoshib nima qildim, ― o‘yladi Edsel, ― istalgan paytda ikkoviniyam asfalasofilinga jo‘natishim mumkin-ku?!»

O‘sha tepalikni kechga yaqin, Edselning sabri tugay-tugay, degan paytda topdilar. Juda katta tepalikda joylashgan bino o‘rama qog‘ozda bitilgani ma'lumotlarga mos juda kelardi. Metall devorlarga ham qalin chang qatlami o‘tirgan. Eshikni ham topdilar.

― Shoshmanglar, uni o‘zim ochaman, ― dedi Edsel va to‘pponchasini chiqara boshladi.

Park esa uni chetga surib o‘tdi-da, tutqichidan burab eshikni ochdi. Marsliklarning afsonaviy qurollari uyum-uyum bo‘lib yotgan juda ulkan xonaga kirdilar. Ularni Mars sivilizatsiyasining qoldiqlari ham deyish mumkin edi.

Ichkariga kirgan uchovlon bir og‘iz ham so‘z qotmay, atrofga alanglardilar. Ularning ko‘z o‘ngida boshqalar allaqachon qidirishdan voz kechgan xazina yotardi. Birinchi inson Marsga qo‘ngan davrdan boshlab, ulkan shaharlarning vayronalari sinchkovlik bilan o‘rganilgan. Butun vodiy bo‘ylab sochilib yotgan jangovor mashinalar, ikki g‘ildirakli jang aravalari, turli asbob-uskunalar ― ularning yerliklar sivilizatsiyasini ming yillarcha ortda qoldirib ketishganidan darak berardi. yerliklar juda katta qiyinchiliklar bilan o‘rgangan marsliklar yozuvlaridan ushbu sayyorada dahshatli urushlar yuz berganini bilib olishgan. Biroq birorta ma'lumotda marsliklarning o‘zlariga nima bo‘lgani haqida ma'lumot yo‘q edi. Bir necha ming yillar davomida Marsda birorta idrokka ega jonzot bo‘lmagan, hatto, jonivorlar ham yo‘q bo‘lib ketgandi.

Aftidan, marsliklar qurollarini o‘zlari bilan olib ketishgan ko‘rinadi. O‘sha qurolning sof radiyga teng baholanishi va dunyoda undan dahshatlirog‘i topilmasligini Edsel bilardi.

Ular xona ichkarisi tomon bir necha qadam tashladilar. Edsel birinchi duch kelgan qurolni yerdan oldi. 45-kalibrli to‘pponchaga o‘xsharkan, lekin undan kattaroq. U eshik yoniga keldi va qurolni uncha uzoq bo‘lmagan qalin butaga tomon to‘g‘irladi.

― Otma! ― dedi qo‘rqib ketgan Fakson Edsel nishonga ola boshlaganda. ― Portlab ketmasin tag‘in. Biror baloni boshlab yurmaylik. Buning barini sotganimizdan so‘ng mutaxassislar istagancha shug‘ullanaverishadi.

Edsel tepkini bosdi. yetmish besh futlar chamasi narida o‘sib turgan buta yorqin-qizil rangda chaqnab, g‘oyib bo‘ldi.

― Chakki emas, ― dedi Edsel qurolni silab. Keyin joyiga qo‘ydi-da, boshqasini qo‘liga oldi.

― yetar, Edsel, ― dedi yalinganday bo‘lib Fakson, ― ularni bu yerda sinab o‘tirishdan ma'ni yo‘q. Atom reaksiyasi yoki boshqa biror baloni keltirib chiqarmasin yana.

― Chakagingni o‘chirsang-chi, ― dedi Edsel qo‘liga olgan yangi qurolning tepkisini ko‘zdan kechirayotib.

― Boshqa otma, ― yalindi Fakson. Hyech bo‘lmasa Park o‘zini qo‘llab-quvvatlar, degan umidda unga yalingannamo boqdi. Biroq u jim turganicha Edselning harakatlarini kuzatardi.

― Axir bu yerda yotgan qurollardan bittasi butun boshli Mars aholisini yo‘q qilib yuborgan bo‘lishi mumkin. Sen yana hammasini qaytadan ostin-ustun qilmoqchimisan? ― po‘ng‘illadi Fakson.

Edsel yana quroldan otdi va uzoqroqda erib ketgan sahroning bir qismiga mamnun tikildi.

― Zo‘r narsa ekan! ― deya u kaltaroq tayoqchani eslatadigan yana nimanidir qo‘liga oldi. U ortiq sovuqni his qilmasdi. Qaytanga yaltiroq qurollardan otib kayfiyati ko‘tarila boshlagandi.

― Endi keta qolaylik, ― dedi Fakson va eshikka yo‘naldi.

― Keta qolaylik? Qayoqqa? ― past tovushda so‘radi Edsel.

― Ortga, ya'ni fazoviy bandargohga, ― javob berdi Fakson. ― Uyga, kelishganimizdek, buning barini sotgani, albatta. So‘ragan narximizni berishlariga ishonchim komil. Istalgan davlat bunaqa qurollar uchun millionlab pullarini sovurishdan bosh tortmaydi.

― Men esa fikrimdan qaytdim, ― dedi o‘ychan Edsel. Ko‘z qiri bilan Parkni kuzatdi. U qurol uyumlari oralab yurgani bilan birortasiga qo‘l cho‘zgani yo‘q.

― Menga qara, ― dedi Fakson jahli chiqib, keyin Edselning ko‘zlariga tik boqdi, ― u yog‘ini so‘rasang, bu ekspeditsiyani men moliyalashtirganman. Biz bor-yo‘g‘i buning barini sotishga kelishib olganmiz. Mening ham ayrim narsalarga haqqim bor... Yo‘q, unaqa demoqchi emasdim...

Hali otib ko‘rilmagan qurol uning qorniga to‘g‘irlangandi.

― Nima qilmoqchisan? ― po‘ng‘illadi Fakson, o‘ziga to‘g‘irlangan qurolga qaramaslikka intilib.

― Bu yerdagi hyech nimani sotmoqchi emasman, ― dedi Edsel. U ikkoviniyam ko‘rib turish uchun devorga suyanib olgandi. ― Buning baridan o‘zim foydalansammikan, deb turibman.

Shunday deya iljaydi. Biroq ikkovini ham birvarakayiga kuzatishda davom etardi.

― Kaytgach, bu qurollarni yigitlarimga tarqataman. Keyin Janubiy Amerikaning birorta davlati hukumatini ag‘daramiz. Bu qurol yordamida istagancha turib berish mumkin.

― Bo‘pti, bilganingni qil, ― dedi Fakson past tovushda. Lekin o‘ziga qaratilgan quroldan ko‘zini olmasdi. ― Faqat bu ishingga meni aralashtirma. Buni umuman, istamayman.

― Ixtiyoring, ― javob berdi Edsel.

― Ammo bu xayolingga ham kelmasin. Men har joyda laqillab yuradiganlardan emasman, ― dedi tezlik bilan Fakson. ― Shunchaki, otish va o‘ldirishni istamayman, xolos. Bo‘pti, unda men bora qolay.

― Bemalol, ― dedi Edsel.

― Agar o‘z qirolligingni barpo qilsang, davlatingga mehmon bo‘lib boraman, ― dedi Fakson jilmayishga harakat qilib. ― Balki menga gersog yoki boshqa birorta unvon ham berarsan.

― Balki.

― Bo‘pti, nimayam derdim, omadingni bersin, ― deya Fakson unga qo‘l silkidi-da, eshik tomon yo‘naldi.

Edsel unga o‘n qadamlar yurishga imkon berdi. Keyin qurolini ko‘tarib, otdi. Ovoz ham chiqmadi, chaqnash ham sodir bo‘lmadi. Biroq...

Keyin qo‘qqisdan Parkka orqa o‘girib turgani esiga tushib, keskin burildi. Ikkinchi sherigi qurol uyumlaridan bittasini olib, uni tinchitishi ham mumkin edi. Biroq u qo‘llarini ko‘kragida chalishtirgancha xotirjam turardi.

― Quroldan chiquvchi nur istalgan to‘siqdan o‘ta oladi, ― xotirjamlik bilan dedi u. ― Juda nafi tegadigan narsa.

Yarim soatlar davomida berilib eshik tomonga goh u-goh bu qurolni tashidi. Park esa ularga teginib ham qo‘ymadi, hatto. Qiziqish bilan Edselni kuzatardi. Juda qadimiy bo‘lsa-da, marsliklarning quroli xuddi yangiga o‘xshardi: minglab yil harakatsiz yotgani umuman sezilmasdi. Xonada esa turli-tuman, har xil tip va ko‘rinishdagi qurollar qalashib yotardi. Kuydiradigan va radiatsiya bilan otadigan avtomatlar, joyida muzlatib qo‘yadigan, yondiruvchi, kesuvchi, vayron qiluvchi, falajlovchi va turli yo‘llar bilan tirik jonzotlarga qirg‘in keltiruvchi qurollar...

― Mana bunisini sinab ko‘rmaymizmi? ― dedi Park.

Edsel bu paytda uch ko‘zli antiqa qurolni sinab ko‘rmoqchi turgandi.

― Men bandman, ko‘rmayapsanmi?

― O‘yinchoqlar bilan o‘ynashni bas qilib, jiddiy ish bilan shug‘ullansang-chi?!

Park pastakkina qora tusdagi bir quti yoniga keldi. Keyin ikkovlashib tashqariga sudrab chiqdilar. Park Edselning qanday qilib uning murvatlarini burab ishga tushirishini kuzata boshladi. Mashinaning ichidan past tovushdagi g‘uvillash eshitildi. Keyin uni moviyrang bulut qoplab oldi. U Edselning murvatini burashiga qarab kattalashar va kichraya boshlardi. So‘ng ikkoviniyam moviy tusdagi teng tomonli yarim shar ko‘rinishida o‘rab oldi.

― Manavi quroldan otib, uni teshib ko‘r-chi, ― dedi Park.

Edsel o‘zlarini o‘rab turgan moviy devorga qarata o‘q uza boshladi. Ammo ular devorga singib ketardi. Yana uchta turli qurollardan ham devorga qarata otib ko‘rdi, ammo ular ham uni teshib o‘ta olmadi.

― Bahs boylashaman, ― dedi past tovushda Park, ― bu moviy devor atom bombasi portlashi zarbiga ham dosh bera oladi. Bu qudratli kuch maydoni bo‘lsa kerak.

Edsel mashinani o‘chirdi. Keyin yana ichkariga kirdilar. Quyosh botayotgani uchun ichkari qorong‘ilasha boshladi.

― Bilasanmi, nima, Park? ― dedi kutilmaganda Edsel. ― Sen juda zo‘r yigitsan.

― Rahmat ― dedi Park qurol uyumini ko‘zdan kechirayotib.

― Faksonni tinchitganim uchun xafa bo‘lmayotgandirsan, shundaymi? U bizni sotmoqchi edi.

― Aksincha, ma'qullayman.

― Sening zo‘r yigitligingga zarrachayam shubham yo‘q. Faksonni otayotganimda meni tinchiishing mumkin edi, ― dedi Edsel. Lekin uning o‘rnida o‘zi bo‘lganida xuddi shunday qilishi mumkinligi haqida lom-mim demadi.

Park yelkasini qisdi.

― Ikkovlashib birorta qirollikni boshqarishimizga nima deysan? ― so‘radi Edsel ishshaygancha. ― Bu ishni uddalay olamiz, deb o‘ylayman. Birorta qulay mamlakatni topamiz-da, boshqaraveramiz, son-sanoqsiz go‘zallar, ko‘ngilxushliklar deganday, a?!

― Men roziman, ― javob berdi Park, ― meni o‘zingga hamkor, deb hisoblashing mumkin.

Edsel uning yelkasiga qoqib qo‘ydi va yana birgalikda qurollar uyulib yotgan xonaga kirdilar.

― Bularining nimaligini bilib oldik, harqalay, ― dedi Park, ― bular ham oldingilariga o‘xshash.

Xona burchagidagi bir eshikkka ko‘zlari tushdi. Unda marsliklar tilida bitilgan yozuvlar bor ekan.

― Bu yerga nima deb yozilibdi? ― so‘radi Edsel.

― Dahshatli qurol haqida, shekilli, ― dedi Park yozuvga qattiq tikilgancha. ― Kirilmasin, deb ogohlantirishibdi.

Park eshikni ochdi. Ular endi kirmoqchi bo‘lgandilar lekin kutilmaganda joyida qotib qoldilar.

Eshik ortida turli qurollar qalashib yotgan xonadan uch baravar kattaroq bo‘lgan zal bor ekan. Zal devori bo‘ylab esa askarlar saf tortishgan. Bashang kiyingan va tish-tirnog‘igacha qurollangan askarlar haykalday qotib turishardi. Ularda tiriklikdan asar ham yo‘q.

Eshikka yaqin joyda esa bitta stol qo‘yilgan va uning ustida uchta buyum turardi: turli o‘lchamlarga bo‘lingan mushtdek keladigan shar, yonida ― yaltiroq dubulg‘a, uning ortida esa ― qopqog‘iga marsliklar yozuvi bitilgan kichkina qora quticha.

― Bu maqbara emasmi? ― shivirladi Edsel. Keyin g‘o‘daygancha marslik askarlarning yerliklarnikiga o‘xshamagan yuzlariga qaradi.

Uning ortida turgan Park indamadi. Edsel stolga yaqinlashdi va qo‘liga sharni oldi. Keyin ehtiyot bo‘lib uning milini bir o‘lchamga surdi.

― Nima deysan, bu yer qanaqa joy o‘zi? ― so‘radi u Parkdan. ― O‘ylaysanki...

Ikkoviyam sapchib tushdilar. Negaki, askarlar safida jonlanish va g‘imirlash boshlanib qolgandi. Ular bir g‘imirlab olishib, yana «rostlanish» holatida qotishdi. Qadimgi jangchilar tirilishgandi.

Ulardan biri, ya'ni chetlari kumushrang hoshiyali qirmizi mundir kiygani safdan oldinga chiqdi va Edselga ta'zim qildi.

― Hukmdor, askarlar jangga shay.

Edsel esa bunga biror jo‘yali javob topolmay, taraddudlanib qoldi.

― Shuncha vaqtdan beri qanday tirik qolgansizlar? ― so‘radi Park. ― O‘zlaring marslikmisizlar?

― Biz marsliklarning xizmatkorlarimiz, ― javob berdi askar.

Park askar gapirayotganda lablari qimirlamasligini ko‘rib, bu jangchilarning hammasi telepatik yo‘l bilian muloqotga kirishishini angladi.

― Biz sintetlarmiz, hukmdor.

― Kimga bo‘ysunasizlar?

― Sharni ishga tushiruvchiga, hukmdor, ― dedi sintet Edselga qarab va uning qo‘lidagi sharga ishora qilib qo‘ydi. ― Biz yemaymiz-ichmaymiz, uxlamaymiz hukmdor. Yagona istagimiz ― sizga itoat etish va jang qilish.

Qolgan jangchilar ham bunga javoban bosh irg‘adilar.

― Bizni jangga boshla hukmdor...

― Bundan xavotir olmanglar, ― dedi bu orada o‘zini ancha yig‘ishtirib olgan Edsel. ― Sizlarni shunaqa zo‘r janglarga boshlaymanki, ishonaveringlar.

Askarlar tantanali ravishda uch bor qichqirdilar. Edsel Parkka tomon boshini burib, ishshayib qo‘ydi.

― Siferblatdagi qolgan belgilar nimani anglatadi? ― so‘radi Edsel.

Askar javob bermadi. Aftidan, unga kiritilgan dasturda bunday savol nazarda tutilmagan.

― Balki ular qolgan sintetlarni ham jonlantirar, ― dedi Park. ― Chamamda pastda ham shunday askarlarga to‘la xonalar borga o‘xshaydi.

― Yana jangga boshla deysizlar, men sizlarni shunaqa janglarga boshlayki!

Askarlar yana tantanali ravishda uch bor qichqirdilar.

― Bo‘pti, ularni o‘chirib qo‘y. Oldin harakat rejasini pishitib olishimiz kerak.

Edsel hayratlanishda davom etib, milni orqaga buradi. Askarlar yana haykallarga o‘xshab, turgan joylarida qotib qoldilar.

― Ortga qaytaylik.

― Ha, gaping rost, qaytamiz.

― Anavilarni olishni unutma, ― dedi Park stoldagilarni ko‘rsatib.

Edsel yaltiroq dubulg‘a va kichkina qutichani ham oldi va Parkning ketidan tashqariga chiqdi. Quyosh deyarli botib bo‘lgan, Mars sahrosi uzra qorong‘ilik yopirilib kelmoqda edi. Tashqari juda sovuq bo‘lishiga qaramay, ular buni sezmasdilar.

― Park ularning nima deyishganini eshitdingmi? Eshitding-a? Ular meni o‘zlarining hukmdori, deb o‘ylashdi. Bunday jangchilar bilan...

Edsel kuldi. Bunday jangchilaru qurollarga ega bo‘lsa, uni kim ham to‘xtata olardi. Ha, endi o‘ziga qirollikni tanlashi kerak. Dunyodagi eng go‘zal qizlar uniki bo‘ladi, rosa yallo qiladi endi...

― Men generalman! ― qichqirdi Edsel va dubulg‘ani boshiga kiydi. ― Qara-chi, yarashdimi? Park, senga aytayapman, haligi, men...

Birdan jim qoldi. Unga kimdir po‘ng‘illayotgandek, shivirlayotgandek tuyuldi. Bu nima o‘zi?

― ...yaramas eshakmiya. Qirolligini barpo qilarmish! Bunday odam juda aqlli bo‘lishi kerak, sendaqa eshak emas. Bu tarixni o‘zgartira oladigan kishiga kerak, ya'ni menga!

― Gapirayotgan kim? Park, bu senmisan? A? ― Edsel kutilmaganda dubulg‘a yordamida o‘zgalarning fikrini eshitish mumkinligini tushunib qoldi. Biroq bunday qurolning qanchalik katta naf keltirishi mumkinligi haqida o‘ylashga ulgurmadi.

Park uni otib tashladi. Edsel boshiga dubulg‘ani kiyayotganida u yerdan qurol olishga ulgurgandi.

«G‘irt ahmoq, to‘nkasan, agar bilsang! ― o‘yladi o‘zicha Park. ― Qirollik emish! Bunday qurollar bilan butun dunyoga hukmroq bo‘lish mumkin. Sen esa ahmoqligingdan kichkinagina qirollik deysan!»

«Bunday jangchilaru qurollar, kuch maydoni bilan butun dunyoga hukmdor bo‘laman».

U bu haqda juda xotirjamlik bilan o‘ylardi. Go‘yoki hammasi xuddi shunday bo‘lishi kerakday.

Endi ichkariga kirib, sintetlarni jonlantirmoqchi bo‘lib turganida Edselning qo‘lidan tushib qolgan qutichaga ko‘zi tushdi.

Qopqog‘iga marsliklar tilida: «Dahshatli qurol» deb yozib qo‘yishibdi.

«Dahshatli quroli qanaqa bo‘lsa?» o‘yladi Park. Qurollarni sinab ko‘rish maqsadida Edselni shu paytga qadar tinchitmay turgandi. Endi esa ortiqcha tavakkal qilishdan ma’ni yo‘q. Afsus, Edsel shu qurolni ham sinab bera olmadi-da!

Darvoqye, buning keragi ham yo‘q. Shusiz ham istagancha qurollarga ega. Biroq manavi oxirgisi barcha mushkulini oson va xavfsizroq qilishi ham mumkin. Qisqasi, nima bo‘lgan taqdirda ham unga yordami tegishi aniq.

― Xo‘sh, ― dedi u o‘ziga-o‘zi, ― qani, ko‘raylik-chi marsliklarning dahshatli quroli qanaqa ekan.

Shunday dedi-da, qutichaning qopqog‘ini ochdi.

Qutichadan yengilgina bug‘ ko‘tarildi. Park esa bu zaharli gaz bo‘lmasin, degan hadikda qutichani nariroqqa otib yubordi.

Bug‘ esa ingichka bo‘lib tepaga ko‘tarilib, keyin eniga kattalasha boshladi. Xullas, tobora kattalasha borib, antiqa bir shaklga kirgach, to‘xtadi.

Oradan bir necha soniya o‘tgach, yakuniy shaklga kirdi va quticha tepasiga kelib, qotdi. Parkning ko‘z o‘ngida bulutdan hosil bo‘lgan ikkita kiprik qoqmas ko‘z pastidagi katta og‘iz shakli namoyon bo‘ldi..

― Xo-xo! ― dedi og‘iz. ― Protoplazma!

Shunday deya og‘iz Edselning jasadi yoniga suzib keldi. Park dezintegratorni oldi-da, unga to‘g‘irladi.

― Tinch protoplazma, ― dedi haligi maxluq Edselning tanasini yeya turib, ― menga tinch protoplazma yoqadi.

Shunday, deya u Edselning tanasini butunligicha yutib yubordi. Park otdi. Otgan joyida o‘n futlik chuqurcha hosil bo‘ldi. Undan esa haligi og‘iz chiqib keldi va dedi:

― Shu kunlarni rosa kutgandim!

Park nima qilishini bilmay, qotib qoldi. Yo‘q, bunga asablari dosh berolmaydi. Butun tanasini egallab borayotgan dahshatga tushish hissini arang bosib turardi. Bor irodasini yig‘ib, kuch maydonini ishga soldi. Moviy devor uning atrofini o‘rab oldi.

Park Edsel Faksonni tinchitgan qurolni qo‘liga oldi. Dastasining qo‘liga o‘z-o‘zidan moslashib olganidan hayratga tushdi. Maxluq esa yaqinlashib kelmoqd. Park tepkini bosdi va qurol og‘zidan nur chiqdi...

Biroq maxluq yaqinlashishda davom etardi.

― Daf bo‘l! Ko‘zimdan yo‘qol! ― chiyilladi Park. Uning shusiz ham favqulodda tarang asab tolalari chirt-chirt uzila boshlagandi.

Maxluq esa go‘yoki ishshayganday bo‘lib unga yaqinlashardi.

― Menga tinch protoplazma yoqadi, ― dedi maxluq. Keyin katta og‘iz tom ma'noda Parkni bir yamlab yutdi. ― Lekin faol protoplazmani ham yaxshi ko‘raman.

Uni yutgach, kuch maydonining ikkinchi tomonidan suzib chiqdi va uzoq-uzoq yillar muqaddam bo‘lganidek, millionlab tinch protoplazmalarni qidirishga tushdi...

Rus tilidan

Nurpo‘lat NURQULOV tarjimasi

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech