18 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,6 °C

Turizm
14 Iyul  2019 3641

«Ataganingizni beravering…» yoxud nega sayyohlik sohasi «lokomotiv»i joyidan jilmayapti?

Mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish «lokomotiv»laridan biri turizm sohasi hisoblanadi.  To‘g‘ri, o‘z aktivida ko‘p ming yillik tarixga ega, yodgorliklarda abadiylashtirilgan va yangi davr tadqiqotchilari tomonidan to‘ldirilayotgan bunday ulkan umumjahon meroslarini insoniyatdan yashirib ham bo‘lmaydi. Uni hech kimdan yashirayotganimiz ham yo‘q, balki barcha mamlakatlaru qit'alar sayyohlarini ushbu meroslarni tomosha qilishga, o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga chorlayapmiz, nafaqat xorijiy mehmonlarni, balki yurtdoshlarimizni ham go‘zallik va abadiylikdan bahra olishga taklif qilyapmiz.

Tumanli Albiondan salom

– Bu mavsum Samarqandda bo‘ldingizmi? – so‘raydi londonlik afinalik do‘stidan. – Mana bunday joy ekan! - deya o‘ng qo‘li bosh barmog‘ini yuqoriga qiladi.

Elladaliklar avlodi tom ma'noda xafa bo‘lib, deydi:

– Qo‘ysangiz-chi! U yerda ja bunday emasdiru lekin hammasi binoyidek. Zimbabveda qanchalik qiyin bo‘lganini eslaysizmi? Samarqandda esa – sivilizatsiya!

(Arablar, turklar va yunonlarda bosh barmog‘ini tepaga qilish haqorat hisoblanadi – muallif izohi).

Bu hazil muloqot chindan ham ro‘y berishi mumkin edi yoki ehtimol, ro‘y bergandir ham, chunki bugun O‘zbekiston taqdim etayotgan sayyohlik mahsuloti haqidagi fikr xorijlik mehmonlarda turlicha munosabat uyg‘otmoqda. Mamlakatning me'moriy obidalari va uning g‘aroyib tabiiy go‘shalari, ochiq va do‘stona insonlari qoldirgan ajoyib taassurotlar ketidan O‘zbekistonda uzoq kutilgan mehmonlar ko‘pincha kutib olishdagi past xizmat darajasiga to‘qnash kelishadi.

Darvoqe, chet ellik mehmonlar bilan bevosita ishlaydigan va muloqot qiladiganlarning aytishicha, ular madaniy shokni boshdan kechirishmaydi. Turli sayohatlarda bo‘lib, turli holatlaru sarguzashtlarga ko‘nikib ketishgani uchun emas, balki ularga O‘zbekistonga safarni taklif etuvchi kompaniyalar ham mamlakatda biznesning ushbu segmenti endigina rivojlana boshlayotgani, shuning uchun ba’zi noqulayliklar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ochiq ogohlantirishadi. Bu sayohatingizni buzmaydi, albatta, lekin ba’zi narsalar xotirada qolishi mumkin-da…

Mana, masalan, Buyuk Britaniyadan elektron pochta orqali gazeta manziliga yuborilgan xat (parchalar keltiriladi):

«Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand va Buxoroga tashrif buyurganimdan so‘ng temir yo‘l orqali O‘zbekiston bo‘ylab uch haftalik safarimning so‘nggi nuqtasi qadimiy Xivani ko‘rishni orziqib kutgandim. Ammo hafsalam pir bo‘ldi!

...Butun shahar bir maqsad sari intilayotganga o‘xshaydi – sayyohlardan pul undirish!

Har bir muzey, madrasa va saroyning kiraverishida turniket o‘rnatilgan bo‘lib, u yerga kirish uchun 100 ming so‘m (qariyb 10 funt sterling yoki 12 dollar) turadigan «chipta» xarid qilish kerak bo‘ladi, uniyam asosiy kirish joyidagi yagona kassadan olish mumkin. Men faqat kirish chiptasi 70 ming so‘m turadigan Ko‘hna Ark qal’asiga alohida qiziqish bildirdim.

O‘rta asr me’morchiligi mo‘jizalarini shaxsan ko‘rish uchun dunyoning yarmisidan o‘tib uchib kelgan mehmon uchun to‘langan pul miqdori aytarli muhim ham emas, lekin uni boshqa narsa g‘azablantirgan:

«Sayyohlik ob’ekti xodimlari sharqiy va g‘arbiy darvozalaridan Arkka kirish uchun «chipta» kerakligini aytib, ko‘proq pul undirishga harakat qilishdi. Men esa eski shaharga kirish bepul, deb tasdiqlab, bahslasha boshlaganimdan so‘ng darvoza darhol ochildi! Aslida kerak bo‘lmagan chipta uchun qancha sayyohlar yana pul to‘lashgan ekan?»

«...Eski binolarning yaxshi suratlarini olish qiyin, chunki har bir ko‘chadagi son-sanoqsiz do‘konlarda bir xil «yopishqoq» esdalik sovg‘alari sotiladi, hatto, maydonlardan birida bir juft tuyaga ham ko‘zim tushdi, ularga o‘tirish yoki uning yonida suratga tushish uchun pul to‘lanishi kerakligi bir necha tilda yozilgan taxtacha ham o‘rnatib qo‘yishibdi!

Qayoqqa qaramang, to‘lang, to‘lang, to‘lang!

Hatto, turistik politsiya xodimlari va men bilan suhbatlashgan sayyohlik ma’lumotlari markazi ofisidagilar ham bu turistlar ustidan kulish va ularni talash, degan gapimga qo‘shilishdi!

Eski shahar tashqarisidagi yo‘nalishlarga taksilar yo‘q, chunki faqat  mehmonxona egalarigagina ma’lum bo‘lgan va taksini (yoki rasmiy maqomsiz shaxsiy avtomobilni) «tashkil qilib beradigan» o‘ziga xos «mafiya» faoliyat olib boradi va sizning kelgan yurtingizga qarab, katta narxlar o‘rnatiladi!»

Buyuk Britaniyadan kelgan mehmonga Xiva shahrini tomosha qilishi va «...Buxoro, Samarqand yoki Toshkentning tasalli beruvchi samimiyati va haqiqiy jozibasiga qaytishni istab qoldim. Hatto, uyqusiragan Termiz ham o‘ta chiroyli Xiva shahridan ko‘ra mehmondo‘stroq edi», deyishi uchun besh soat vaqt yetarli bo‘ldi.

Ichki turizm ham bo‘ladi

Bunaqa vaziyat juda kamdan-kam uchraydi, boz ustiga, sayyoh injiq tabiatli bo‘lsa kerak-da, degan fikrga borish ham mumkin. Biroq yaqinda hamkasblarim, bu safar «ichki turizm» segmentida sodir bo‘lgan yana bir pul undirish hodisasi haqida so‘zlab berishdi.

Toshkentlik bir guruh hamkasblar Samarqandning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish, o‘zini sayyohlarday his qilish va madaniy hordiqdan bahramand bo‘lish uchun ushbu shaharga tashrif buyurishgan. Ular qadimgi poytaxtning unutilmas joylariga sayohat qilishgan, ammo to‘laqonli hordiq olish masalasi o‘xshamabdi. Gidlik qilgan qiz dasturidagi so‘zlarni tarillatib aytgancha poytaxtlik mehmonlarni shahar bo‘ylab quvnoqlik bilan sayr qildirgan va oxirida bir oz xijolatomuz ohangda ulardan xizmati uchun «har kim o‘z ataganini berishini» so‘rabdi. Odamlar berishgan, albatta. Achinarli emas. Lekin bu haqda eslash ular uchun haliyam yoqimsiz.

Xo‘sh, dalillar nima deydi? Mehmondo‘stlik madaniyati o‘zbekistonliklarning qonida bo‘lsa-da, turizm sohasida malakali ishlash qobiliyati sira rivojlanmayapti.

«Savodli, malakali mutaxassislar yetishmayapti, – deydi mahalliy sayyohlik kompaniyalaridan biri gid-tarjimoni Ruslan Rasulov. – Bozor juda tez rivojlanmoqda, mehmonlar oqimi katta, mutaxassislar esa uncha ko‘p emas. Bu bizning ishimiz, mehmonxona va restoran biznesimiz, barcha xizmatlar, jumladan, transport logistikasiga ham taalluqli.

Mehmonlar bilan muammomi yoki mehmonlarning muammosimi?

Aytgancha, qulay va yaxshi o‘ylangan logistika – turizm sektori muvaffaqiyatli faoliyatining asosiy shartlaridan biridir. Lekin bu yerda muntazam mehmonlarni kutib olish bilan bog‘liq muammolar yuzaga chiqmoqda.

Misollardan biri: Ispaniyadan charter reys 177 kishini olib keldi. Guruh juda katta. Yoz o‘zining jazirama pallasiga kirgan, va hatto, issiq mamlakatlardan kelgan odamlar uchun ham biroz noqulay. Buxorodan Xivaga borish talab etilardi. Sayohat kompaniyasi mehmonlarni qabul qilishga tayyorlanib, Buxoro – Xiva poezdiga chiptalar sotib olgan. Mehmonlar poezdga o‘tirishdi va… issiqdan salkam erib keta boshladilar. Konditsionerlar ishlamayapti. Kuzatuvchining tushuntirishicha, poezd ma’lum bir tezlikni olmaguncha ular yoqilmas ekan. Kuzatuvchi aldamabdi, konditsioner oxir-oqibat ishlab ketdi. Bularning barchasidan bir chet ellikning mazasi qochib qoldi va joyidan jilib bo‘lgan poezdda tibbiy yordam qutisi topilmadi... Keksa ayolni faqat Urganchdagina «tez yordam» olib ketdi, ishqilib, hammasi yaxshilik bilan tugadi. Ammo, aytishadi-ku, bu butunlay boshqa tarix deb.

Qadimgi yodgorliklar go‘zalligidan tashqari, xorijiy mehmonlar yana nimalarga e’tibor berishadi? Taomlarga. Uni tur narxiga kiritadiganlar uchun bu juda sifatli va xilma-xil taomlardir. Mehmonxona xizmati. O‘z noqonuniy xizmatlarini nafaqat tashuvchi, balki gid sifatida (Buxoro va Samarqanddagi temir yo‘l vokzallariga salom) taklif etuvchi xira haydovchilar.

Mamlakatimizda bo‘lgan chet ellik sayyohlar tomonidan qayd etilgan eng ijobiy omillardan biri xavfsizlik, ko‘cha jinoyatchiligi, huquqni muhofaza qilish organlarining tezkorligi hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston dunyoning aksariyat mamlakatlarini changida qoldirishi mumkin. O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi tomonidan ishlab chiqilgan «O‘zbekcha nonushta» yangi brendi, xizmat ko‘rsatish standartlari va taomlari bilan sayohat ixlosmandlari orasida tanildi. Va u mehmonlarimiz orasida ham ommalashib ketgan. Bu yerda dam olish narxi ham juda demokratik bo‘lib, turli moddiy imkoniyatlarga ega odamlarga sayohat qilish imkonini beradi.

Qonun va qoidalarga muvofiq ishlash kerak

Xodimlarning harakatlari mamlakat sayyohlik imidjiga zarar yetkazadigan vaziyatlarni bartaraf etishga nima yordam berishi mumkin? Biz bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi jamoatchilik kengashi raisi Tohir Soliyevdan so‘radik.

– Bunda barcha sayyohlik faoliyatini qonun doirasida olib borish yordam berishi kerak. Yaqinda shunday qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi. Hujjatni ishlab chiqishda xorijiy mamlakatlar, xususan, ushbu bozor segmenti so‘nggi yigirma yil ichida ma'lum yuksaklikka erishgan Gruziya tajribasi e'tiborga olingan.

Biz endigina turizm bozorini rivojlantirmoqdamiz, shuning uchun mehmonlarni qabul qiladigan odamlarning malakasi bilan bog‘liq bir qator muammolar mavjud. Va bunday qonun biz uchun nihoyatda zarur, xususan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ushbu sektorini kelajak iqtisodiyoti asosi sifatida rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda. Prezidentimiz tomonidan yuklatilgan yuqori marra - yiliga to‘qqiz million kishiga sayyohlik oqimining oshishiga erishish – amalga oshadigan vazifa bo‘lib tuyuladi.

Kelajakka umid va ishonch ruhidagi gap. Ammo bugun buncha miqdordagi mehmonlarni munosib qabul qilishga tayyormizmi? Ular qaytib kelishni yana istaydigan, shuningdek, barcha tanishlarga dam olish uchun go‘zal va mehmondo‘st O‘zbekistonni tavsiya qiladigan qilib.

Kelgusida - ha! Hozircha - yo‘q!

Zamonaviy iqtisodiy tarmoqning tuzilishi shakllanmoqda. Yuqorida tasvirlangan vaziyatlar turizm g‘oyasini obro‘sizlantiradi, lekin hammasi o‘zgarishi kerak. Eng muhimi, bu o‘zgarishlar qonunchilik darajasida tasdiqlanmoqda.

Barcha sayyohlik sektorini qonunlar va qoidalar doirasida bir xillikka olib kelishi mumkin bo‘lgan yana nima yordam berishi mumkin? Yagona axborot maydoni, deb hisoblaydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi. Gidlarning bilimsizligini raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali bemalol tuzatish mumkin. Yagona axborot makoniga hududlar tarixi, ulardagi yodgorliklar, madaniyat va xalqi haqida eng qiziqarli ma'lumotlarni joylashtirsa bo‘ladi. Bunga qo‘shilish mumkin, ammo xodimlarning beadab muomalasi va betakallufligi yoki texnologiya yo‘nalishida zarur dori-darmonlar yetishmasligini esa hal qila olmayapmiz.

Turizm - davlat tomonidan tartibga solinishi kerak bo‘lgan biznes toifasidir, mehmonlarning xavfsiz dam olishi, o‘zini his qilishi, taassurotlari oldidagi mas’uliyat juda ulkan.

– Yaqin kelajakda butun turizm sanoati ishini qonun va tartib doirasida yagona formatga olib kelishimizga ishonamiz, – deydi T. Soliyev. – Jumladan, bu ishga noqonuniy tashuvchi-ekskursovodlarga qarshi kurash ham kiradi. Biz, albatta, ularga ta’sir o‘tkazish choralarini qo‘llay olmaymiz, lekin o‘z xizmatlarining tegishli doirasini o‘rnatuvchi muqobilini taklif qila olamiz, shunda ular bozorni tark etishga majbur bo‘lishadi.

Biz ham turizm bozori rivojlanishiga ishonamiz va buni ko‘ryapmiz ham. Shundayam faqat mavjud mahalliy muammolardan mavhumlashgan holdagina. Agar ulardan butunlay xalos bo‘linsa-chi?

– Bugungi kunda ushbu rivojlanish jarayonida paydo bo‘ladigan og‘riqli nuqtalarni aniqlayapmiz, – deydi T. Soliyev. – Biz turli idoralar, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar bilan hamkorlikda ularni hal qilishga harakat qilamiz. Xususan, temir yo‘l transportiga chiptalar, avtomobil yo‘llari infratuzilmasi, yangi avtobus yo‘nalishlari, mehmonxona fondining o‘sishi va ko‘plab boshqalar bilan bog‘liq muammolarni hal etishga.

Albatta, sohada bu yerda aytilmay qolgan muammolar ko‘p. Sayyohlarni qabul qilish va odamlarning ushbu sohani takomillashtirishga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liq muammolar, biznes hamjamiyatidagi ba’zi kimsalarning dinamik o‘sish uchun nima qilish lozimligi va nima uchun bunday o‘zgarishlarning kerakligi tushunmasligi muammolari. Shunaqalar bilan ishlashga va ularni ishontirishga to‘g‘ri keladi.

«Lokomotiv» sekin harakatlanadimi yoki tez, qat’i nazar, kerakli tezlikni oladi. Ijobiy dinamika saqlab qolinsa, Prezidentimiz tomonidan yuklatilgan yiliga to‘qqiz million sayyohni qabul qilish topshirig‘i amalga oshadigan vazifa bo‘lib ko‘rinadi. O‘zgarishlarni kutyapmiz!

Aleksandr Zotov.

«Pravda Vostoka».

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 13-iyuldagi 141-sonida «Дайте, кто сколько может, на жизнь» или почему пробуксовывает «локомотив» туристской отрасли» sarlavhai bilan nashr etilgan.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech