15 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +20 °C

Hukumat
31 Avgust  2019 647
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Davlatimizning yuksak mukofotlari topshirildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmonlariga muvofiq, mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida bir guruh yurtdoshlarimiz va mamlakatimiz bilan samarali hamkorlik qilib kelayotgan xorijliklar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.

 

31-avgust kuni Ko‘ksaroyda ana shu yuksak mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Prezidentimiz yig‘ilganlarni, ularning timsolida joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etdi. 
 
Keyingi yillarda O‘zbekistonda katta o‘zgarishlar, islohotlar amalga oshirilayotgani va ularning dastlabki natijalari ko‘zga tashlanayotgani ta'kidlandi. 

– Xalq bilan muloqot hech qachon bunday bo‘lmagan. Odamlarni eshitsak, rejamiz to‘g‘ri bo‘ladi. Hamma hududlar va sohalardagi o‘zgarishlar – xalqimiz bilan birgalikda qilayotgan ishlarimiz samarasi, – dedi Prezident.

O‘zbekistonning xalqchil, insonparvar siyosatini dunyo hamjamiyati e'tirof etmoqda. Tashqi siyosat ham, ichki siyosat ham keng ko‘lamli muloqot va munosabatlar asosida, uyg‘un holda olib borilmoqda. 

– Biz uchun bittayu bitta to‘g‘ri yo‘l, yagona maqsad millatimiz, xalqimiz, jonajon O‘zbekistonimiz manfaatini yuqori tutishdir. Buning uchun doimo yetti marta o‘lchab, bir marta kesadigan siyosat olib borishimiz kerak. Oldimizda murakkab vazifalar turibdi. Xalqimizga, sizlar kabi mard va shijoatli yurtdoshlarimizga ishonib, marrani katta oldik, – deya ta'kidladi davlatimiz rahbari.

Shavkat Mirziyoyev marosimga yig‘ilganlarni nomma-nom tilga olib, davlat mukofotlari bilan tabrikladi. Ularni Vatanimizning asl farzandlari, vijdoni pok, qalbi uyg‘oq odamlar deb atadi. Samarali faoliyati, halol va fidoyi mehnati, yoshlarga ibrat bo‘layotgani uchun ularga minnatdorlik bildirib, ezgu tilaklarini izhor etdi. 

Prezidentimiz taqdirlangan yurtdoshlarimiz va xorijlik diplomatlarga mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.

– Mana shunday mukofot olish va unga munosib bo‘lish hammaga ham nasib etmaydi. Bugun sizlardagi quvonch, ko‘tarinki kayfiyatdan men o‘zim uchun ham katta kuch, katta quvvat oldim. Barchangizni Mustaqillik kuni bilan yana bir bor chin qalbdan tabriklayman, – dedi Prezident.

Mukofotlanganlar yuksak e'tibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech