18 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

Moliya
1 Iyul  2019 768

«Ishoning, lekin tekshiring» rejimi o‘rniga «aqlli» qurilma

Tovarlarni sotib olayotganda, agar u yirik xarid markazi yoki gipermarket bo‘lmasa, hammavaqt ham chek berilavermaydi. Muammo shundaki, iste'molchi uchun buning qizig‘i yo‘q. Axir, puli to‘lanadi va mahsulot sifati joyida tekshirildi. Bu biror da’vo paydo bo‘lganda nafaqat huquqlarni himoya qilish bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqaradi, balki bundan soliqlar yig‘ilishi ham zarar ko‘radi. Mas’uliyatli fuqaro bo‘lish borasidagi da’vatlaru chaqiriqlarga na sotuvchilar va na ularning mijozlari e’tibor qaratmaydi. Yaxshiyamki, inson omilining minimal ta’siri bilan muammoni hal qiladigan texnologiyalar mavjud.

1-iyulda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish bo‘yicha tajriba loyihasi yakuniga yetadi. Tashabbus Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-fevraldagi «Toshkent shahrida onlayn nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi DUK direktori Hayot Nasrulloyev natijalar haqida so‘zlaydi:

– Joriy yilning 22-iyun holatiga ko‘ra, har xil turdagi faoliyatning 175 dan ortiq savdo nuqtalari ixtiyoriy ravishda fiskal modulli onlayn-NKMni o‘rnatdi. 80 mingdan ortiq moliyaviy cheklardan iborat DSQga o‘tkazilgan fiskal ma'lumotlarning umumiy miqdori 37 milliard so‘mdan oshdi.

– Oddiy va onlayn-NKM o‘rtasidagi asosiy farq nimada?

– An'anaviy mashinada buzilgan cheklarning haqiqiyligini tekshirish mumkin emas, chunki ular oflayn rejimida ishlaydi. Fiskal modulli onlayn-NKM tekshiruvlarida QR-kod va chekning haqiqiyligini tekshirish imkoniyati mavjud. Bu davlat soliq xizmati organlari tomonidan tovarlar yoki xizmatlar nomi va miqdori, QQS mablag‘lari miqdori va uning stavkasi, aksiz solig‘i to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olishni nazarda tutadi. Bu nazorat qiluvchi organlar va tadbirkorlar o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar uchun zamin yaratadi - tekshiruvga ehtiyoj qolmaydi, biznesni soyadan chiqarish orqali byudjetga tushumlar ko‘payadi.

Xaridorlar ham, o‘z navbatida, mobil qurilmalar yordamida QR-kodlarni aniqlash dasturlari orqali onlayn-NKM orqali berilgan cheklarning haqiqiyligini tekshirishlari mumkin. Ularni App Store va Google Play dan bepul yuklab olish mumkin. Shunday qilib, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinadi – sifatsiz yoki nuqsonli mahsulotni qaytarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, chekning qog‘oz nusxasini saqlash shart emas. Sotib olish haqidagi barcha ma'lumotlar DSQ ma’lumotlar bazasida, shuningdek, xaridorning mobil telefonida ishonchli saqlanadi.

– Ko‘pincha oddiy kassa apparatiga ega sotuvchilar, chek chiqarib berishmaydi. Agar onlayn-NKM o‘rnatilsa, ular bu vazifani qat'iy amalga oshiradimi?

– Sababi oddiy: davlat soliq xizmati organlari real vaqt rejimida onlayn-NKM orqali moliyaviy ma’lumotlarni olish imkoniga ega bo‘ladi, chek chiqarib bermaydigan savdo nuqtalarini aniqlashning ko‘plab algoritmlari paydo bo‘ladi. Ishlab chiqilgan tahliliy tizim mavjud bir qator tavakkalchilik algoritmlarini amalga oshirish va vijdonsiz tadbirkorlarni aniqlash imkonini beradi.

Shu bilan birga aholining soliq madaniyatini oshirish vazifasi ham yuklatilgan. Buning uchun xaridorlar orasida muntazam sovrinli cheklar taqdim etilmoqda. Ularda ishtirok etish uchun «Soliq» mobil ilovasi orqali chekni ro‘yxatdan o‘tkazish talab etiladi. G‘oliblar qimmatbaho sovrinlar egalari bo‘lishadi.

– Yangi qurilmalar firibgarlikdan sug‘urtalanganmi?

– Onlayn-NKM DSQ serverlariga yuborilgan ma’lumotlarning axborot xavfsizligini ta'minlaydigan majburiy tartibdagi fiskal modulga ega. Kiberxavfsizlik moliyaviy modul appletida amalga oshirilgan milliy kriptografik axborotni himoya qilish standartining algoritmlari bilan kafolatlanadi. Bundan tashqari, onlayn rejimida ma’lumotlar soliq organlarining Markaziy ma’lumotlar bazasiga o‘tkaziladi va iste'molchilar istalgan vaqtda uni tekshirishlari va firibgarlik holatlari aniqlanganda bu haqda xabar berishlari mumkin.

– Onlayn-NKMga o‘tishdan bosh tortgan tadbirkorlar ham uchradimi va bu qarorni o‘zlari qanday izohlashdi?

– Ha, ba’zi tadbirkorlar pilot loyihada ishtirok etishni istashmadi. Misol uchun, tadbirkorlar Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra ixtiyoriy ishtirokchilardan onlayn-NKM va fiskal xotira bilan ishlaydigan mashinalardan ham cheklarni chiqarib berish kerakligi sabab bunga rozilik berishmadi. Bunday holat ba'zi noqulayliklarni keltirib chiqardi.

O‘tishni istamaslik, shuningdek, buning pilot loyiha ekani bilan ham bog‘liq. Dastlab, sub'ektlar yangi tizimga ishonishmadi. Ko‘plab savollar tug‘ildi va kunlik savdo tushumlarini to‘liq inkassatsiya qilishni intuitiv tarzda rad etish yuzaga keldi.

Sinov tashabbusi davrida ko‘plab takliflar kelib tushdi. Misol uchun, tovarlar yoki xizmatlarni qaytarish funksiyasini qo‘shish, chegirmalar va boshqa to‘lovlarni (sodiqlik kartalari bo‘yicha) hisobga olish imkoniyatini yaratish, onlayn-NKM qo‘llashdan olingan ma’lumotlar asosida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetida soliq va turli tahliliy hisobotlarni avtomatik tarzda yaratish.

Ma’lumot: «Yangi texnologiyalar» ilmiy-axborot markazi DUK pilot loyihani amalga oshirish doirasida onlayn-NKMni qo‘llash orqali savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tushumlarni avtomatlashtirilgan nazorat qilish tizimining moliyaviy ma’lumotlari operatori hisoblanadi.

Mahmud Murtazayev suhbatlashdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech