27 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,6 °C

Kеyingi avlod
20 Aprel  2020 958

“El-yurt umidi”dan kutilayotgan katta umidlar

Har qanday mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlarni amalga oshirish jarayonida jahon andozalari darajasida bilim olgan zakovatli, har tomonlama barkamol milliy kadrlarga ehtiyoj sezadi. Bu ehtiyojni xorijda yashayotgan va professional faoliyatini yuritayotgan vatandoshlarimiz, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega olimlar, mutaxassislar va isteʼdodli yoshlar bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni yetakchi xorijiy taʼlim muassasalarida hamda Oʻzbekistonda tayyorlash va malakasini oshirish orqali qondirish mumkin. Yoshlarning xorijda taʼlim olishlari, tajriba orttirishlari uchun keng imkoniyat yaratish maqsadida 2018-yil 25-sentyabrda davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi.

Mazkur hujjat bilan jamgʻarma xorijda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovkasi va oʻqishini tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Isteʼdod” jamgʻarmasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi qilib belgilandi.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan oʻtgan 2019-yilda doktorantura, magistratura, malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun 2 ta stipendiya tanlovi natijalariga koʻra jami 605 nafar iqtidorli yosh yigit-qiz dunyoning 20 dan ortiq ilgʻor davlatida magistratura va doktoranturada oʻqish, stajirovka oʻtash va malaka oshirishga yuborilgan. Ayni kunlarda esa 65 nafar stipendiat ilgʻor xorijiy davlatlarda taʼlim olish va stajirovka oʻtashni davom ettirmoqda. Stipendiatlarning aksariyati Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Portugaliya, Finlyandiya, Xitoy va Rossiya singari mamlakatlarda oʻqib, ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Keyingi yillarda Oʻzbekistonda olib borilayotgan “xalqaro maydonga ochiq eshiklar” siyosatining muhim natijalaridan biri xorijda istiqomat qilayotgan, boy ilmiy-amaliy tajribaga ega vatandoshlarimizning mamlakatdagi keng qamrovli islohotlarda tobora faol ishtirok etayotgani hisoblanadi.

Oʻzbekiston madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosini keng tarqatish va xorijiy davlatlar bilan oʻzaro manfaatli va doʻstona munosabatlarini rivojlantirish maqsadida joriy yilning 14-mart kuni xorijda istiqomat qilayotgan, zamonaviy bilim va boy professional tajribaga ega boʻlgan iqtidorli olim va ekspert-vatandoshlar bilan qariyb 3 soat davom etgan videokonferensiya tashkil etildi. Oʻzaro samimiy va Vatanga intiqlik ruhida oʻtgan videomuloqotda AQSH, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreyada istiqomat qilayotgan jami 12 nafar vatandosh olim va ekspert ishtirok etdi. Unda davlatimiz rahbarining 2019-yil 8-oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirishda hamkorlik masalalari xususida fikrlashildi. Vatandoshlar kelgusida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan mavjud bilim, malaka va tajribalarini qoʻllashini, yuqorida qayd etilgan konsepsiyani amalga oshirishda begʻaraz koʻmak berishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi huzurida xorijda istiqomat qilayotgan yurtdoshlar ishtirokida Xalqaro ekspertlar kengashini tashkil etishga kelishib olindi.

— Oʻzbekistonning xalqaro imijini oshirish, oliy taʼlim muassasalari faoliyatiga oid aniq bir yoʻnalishlarda takliflar tayyorlash va amaliyotda keng qoʻllash mexanizmlarini ishlab chiqish doim eʼtiborimiz markazida, — deydi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi direktori Adham Bekmurodov. — Tadbir davomida aniq bir oliy taʼlim muassasasini tanlab olish va unda loyiha-sinov asosida tegishli takliflarni joriy etish, oliy taʼlimga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning xalqaro ekspertizasini tashkil etish yuzasidan ish olib borilmoqda.

Ishtirokchilarga Oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining maqsadli koʻrsatkichlari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar berildi. Yaqin kelajakda Xalqaro ekspertlar kengashiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Belgiya, Daniya, Rossiya va boshqa rivojlangan mamlakatlarda oliy taʼlim tizimi, ilmiy-tadqiqot muassasalari va yetakchi kompaniyalarida faoliyat yuritayotgan vatandosh olimlarimiz va ekspertlarning aʼzo boʻlib kirishi kutilmoqda.

Ana shunday uchrashuvlardan yana biri 10-mart kuni Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda 70 nafarga yaqin, jumladan, Malayziya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan 55 nafar hamda katta ilmiy-amaliy tajribaga ega boʻlgan 15 nafarga yaqin vatandoshimiz ishtirok etdi.

Muloqot chogʻida 2020-yilda Malayziya oliy taʼlim muassasalarini bitirayotgan yoshlarimiz yurtga qaytib, tegishli sohalarda mehnat qilishga tayyor ekanligini bildirdi. “El-yurt umidi” jamgʻarmasi esa, oʻz navbatida, ularga vazirlik va idoralarda ishga joylashish yuzasidan koʻmak koʻrsatadigan boʻldi.

Joriy yilning 4-aprelida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi huzurida tashkil etilgan Xalqaro ekspertlar kengashining ikkinchi videokonferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalarida kredit-modul tizimini joriy etish, uning afzalliklari, tizimning asosiy qoidalari, AQSH va Yevropa modellarining oʻziga xos xususiyatlari va uning farqli jihatlari, meʼyoriy-xuquqiy asosi yuzasidan maʼlumotlar almashildi.

Shuningdek, ishtirokchilar kelgusi videokonferensiyada oliy taʼlim muassasalari ilmiy tadqiqot faoliyatini yana-da rivojlantirish, Scopus, Web of Science va boshqa xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida indekslanuvchi jurnallarda maqolalar chop etishni yana-da koʻpaytirish, oliy taʼlim muassasalarining QS, THE, ARWU va boshqa xalqaro reytinglarni olishiga amaliy koʻmaklashish kabi masalalarni muhokama etishdi. Keyingi oʻquv yilidan boshlab bosqichma-bosqich barcha oliy taʼlim muassasalari kredit-modul tizimini joriy etgan holda faoliyat yuritishi alohida taʼkidlandi.

Bunday muloqotlarni yil davomida AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Yaponiyada tahsil olayotgan yoshlar, xorijda istiqomat qilayotgan katta ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlar bilan oʻtkazish rejalashtirilgan. Ayni paytda Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda xorijiy oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada tahsil olayotgan yurtdoshlarimizning maʼlumotlari asosida davlatlar va mutaxassisliklar kesimida kataloglashtirilgan elektron reyestr shakllantirilgan. Unga 12 mingdan ziyod vatandoshimizning maʼlumotlari kiritilgan. Bazani katta ilmiy va amaliy tajribaga ega, yirik xalqaro kompaniyalarda ishlayotgan yetuk olim va mutaxassislar haqidagi maʼlumotlar bilan boyitish koʻzda tutilmoqda..

Kelgusida vazirlik, idora va tashkilotlar kadrlar xizmatlari ularni oʻz tizimlariga rahbarlik lavozimlari yoki masofadan maslahatchi-konsultant sifatida jalb etishi hamda bilim, tajriba va koʻnikmalaridan tizimda keng foydalanishlari mumkin.

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi koʻmagida xorijiy yetakchi oliy taʼlim va ilmiy muassasalarda malaka oshirgan va stajirovka oʻtagan hamda magistratura va doktoranturada taʼlim olgan mutaxassislarning (stipendiatlarning) mehnat faoliyati monitoring qilib boriladi. Doimiy suhbatlar tashkillashtiriladi. Ish beruvchilar tomonidan xorijda taʼlim olgan mutaxassislarga yaratilgan sharoitlar, ularning kvalifikatsion imkoniyatlaridan foydalanish holatlari tizimli oʻrganilib, xulosalar tahlil qilinadi. Yashirin ijtimoiy soʻrovnomalar oʻtkaziladi. Barcha maʼlumotlarni birlashtirgan holda ularning mehnat faoliyatiga doir yagona elektron baza shakllantiriladi.

— Maqsadimiz nufuzli xorijiy taʼlim va ilmiy muassasalarda istiqbolli mutaxassislar oʻqishini monitoring qilish, ularning Oʻzbekistonda munosib ishga joylashishiga koʻmaklashish, kasbiy jihatdan oʻsishiga va mansab pillapoyalarida koʻtarilishiga koʻmaklashishdir, — deydi Adham Bekmurodov.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi olib borilayotgan keng qamrovli ishlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatida ham koʻzga tashlanyapti. Jumladan, xorijdagi stipendiatlar bilan muloqot oʻrnatilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

— Doimiy aloqada boʻlish, zarur hollarda tezkor yordam koʻrsatish maqsadida telegram ijtimoiy tarmogʻida maxsus muloqot guruhi tashkil etib, ular bilan tez-tez bogʻlanib turibmiz, — deydi jamgʻarmaning xalqaro aloqalar boʻlimi boshligʻi Mirziyo Sodiqov. — Xorijda taʼlim olayotgan stipendiatlar orasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar kuzatilmadi.

— Men Koreya Respublikasining Yonsey universitetida stomatologiya yoʻnalishida tahsil olaman, — deb yozadi Rustam Rashidov. — Bu yerda oʻqish onlayn tarzda olib borilyapti. Ammo bizning sohada asosiy bilim bemorlar bilan aloqada boʻlish orqali berilishi sababli barcha himoya choralarini qoʻllagan holda klinikada bemor qabulida qatnashib kelmoqdamiz. Ayni paytda sogʻligʻim yaxshi, shikoyatlarim yoʻq.

Koʻpgina xorij mamlakatlarida koronavirus infeksiyasi tufayli taʼlim olish jarayonlari vaqtincha online shaklga oʻtkazilgan. Ayni paytda vatanimizga qaytgan stipendiatlar Oʻzbekistondan turib xorijdagi oʻzlari tahsil olayotgan universitetlar va ilmiy markazlar bilan muloqotni davom ettirmoqda.

Shuningdek, yurtimizga qaytgan stipendiatlar hududiy tibbiyot muassasalari tomonidan tashkil etilgan karantinda saqlanmoqda. Joriy yilning avgust oyiga qadar malaka oshirish va stajirovka oʻtash dasturining jami 13 nafar gʻolibining Oʻzbekistonga qaytishlari kutilmoqda. Qayd etish lozimki, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarini yurtimizga qaytarish ishlari Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan nazoratga olingan.

Tub oʻzgarishlarni boshidan kechirayotgan yurtimiz intellektual salohiyatga ega, ahdi qatʼiy, shijoatli va bilimli qatlamga tayanadi. Mamlakat ilmiy salohiyatini oshirish, ajdodlarga munosib vorislarni tayyorlash masʼuliyati “El-yurt umidi” jamgʻarmasining oldiga katta vazifalarni qoʻymoqda. Zero, “El-yurt umidi”dan kutilayotgan natija, umidlar katta!

Risolat Madiyeva

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech