21 Fevral 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +17,5 °C

Turizm
23 Yanvar  2020 1014

Ellikqal’a turizm markaziga aylantiriladi

Ellikqal’a tumani, Bo‘ston shahrida «Ellikqal’a – turizm markazi» xalqaro ilmiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda. Forumning asosiy maqsadi Ellikqal’a tumanini yangi turizm markaziga aylantirishga qaratilgan. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Ellikqal’a tumani hokimligi hamda «Hamkor Stimul Servis» innovatsion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi shafeligi ostida o‘tkazilmoqda.

Anjumanda Saudiya Arabistoni elchixonasi press attashesi janob Naif Al-Dosariy, «Hamkor Stimul Servis» innovatsion loyihalar ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Sultonova, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Marketing tadqiqotlari va milliy turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish boshqarmasi boshlig‘i O.Olimjonov, Irlandiyaning marketing bo‘yicha mutaxassisi Penni Oneyl hamda Xitoy kompaniyasining O‘zbekistondagi vakillari Li Gem Cher va Li Robertlar ishtirok etmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari Muratboy Arepboevich Jumanov Ellikqal’a tumani, va umuman, butun Qoraqalpog‘iston bo‘yicha rejalashtirilgan investitsion loyihalar haqida tushuncha berar ekan, davlat rahbarining 2019-yilning 20 -21-avgustida Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida Ellikqal’a tumanini turizm markaziga aylantirish vazifasini qo‘yganligini ta'kidlab o‘tdi.

Anjuman davomida ishtirokchi va mehmonlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani hududida joylashgan va hali to‘liq o‘rganilmagan qadimiy Xorazm qal’alari haqidagi qiziqarli ma'lumotlar bilan tanishdilar. Ular uchun hududdagi tarixiy yodgorliklar, ularning nomlari va o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek sobiq Qavat qal’a vohasiga oid taqdimot namoyish etildi.

O‘tgan yili Ellikqal’a tumaniga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni 50 mingdan oshdi. Ta’kidlash lozimki, «Ellikqal’a – turizm markazi» xalqaro konferensiyasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-oktyabrdagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasida turizmni rivojlantirish to‘g‘risida»gi chora-tadbirlar rejasi ijrosi sifatida tashkil etilgan, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech