
Emmanuel Adebayor «Paxtakor» safiga qo‘shilishi mumkin
Toshkentning «Paxtakor» klubi mavsumlar oralig‘ida o‘z safini mashhur futbolchi bilan to‘ldiradi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri xabar tarqatdi.
Ma'lum bo‘lishicha, qishki transferlar vaqtida jamoaga Togo terma jamoasi hujumchisi Emmanuel Adebayor kelib qo‘shiladi. Turkiya superligasi vakili «Qaysarispor» jamoasida to‘p surayotgan futbolchi «Beshiktosh»ga qarshi uchrashuvdan (1:4) so‘ng jamoa bilan xayrlashishini e'lon qilgan.
Yangi mavsumni u poytaxt jamoasida boshlaydi. Toshkentliklar bosh murabbiyi Shota Arveladze Adebayorni O‘zbekistonga kelishga ko‘ndirgan. Hozircha uning transferi bo‘yicha moliyaviy shartlar ma'lum emas.
Eslatib o‘tamiz, Shota Arveladze yaqinda bergan intervyularining birida o‘tgan mavsumdayoq Adebayorni jamoaga olib kelmoqchi bo‘lgani, ammo togolik futbolchi Turkiya variantini ma'qul ko‘rgani haqida gapirib o‘tgandi.