25 May 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,6 °C

Fikr
10 Aprel  2020 566

Eʼtiqod imtihoni

“Koronavirus pandemiyasi butun insoniyat uchun Yaratganning bergan bir sinovidir...”.

“Xotirjam boʻlish xiyonat hisoblanadi.”

“Qattiqqoʻllik. Intizom. Tartib”.

“Vaziyatni jilovlab olmasak agar...”.

“Oʻzimizni oʻzimiz asramasak, hech kim kelib bizni asramaydi...”.

Prezidentimiz murojaatlaridan olingan bu iqtiboslarni men maʼruzaning shiddati va surʼatiga mos tarzda ulgurgunimcha yozib borganim daftarimdagi misollardan tanladim. Davrning, sinovli kunlarning shashti-shiddati shunday. Har bir iqtibosga dunyoning istalgan shahridagi teleminoralarni undov belgisi qilib qoʻysa arziydi. Vaziyat shunday, dunyo mamlakatlari boshiga tushgan olamshumul gʻam-tashvishning koʻlami va miqyosi shuni taqozo etadi.

Yer yuzining salkam sakkiz milliard kishiga yaqinlashib qolgan aholisini ogʻir tashvishga solib qoʻygan umumbashariy bu ofat-balo oʻttiz toʻrt millionlik xalqimizni ham chetlab oʻtgani yoʻq. Mana-man degan davlatlaru mamlakatlar uning surunkali xurujiga bas kelolmay, sarosimaga tushib qolganini har kun, har soatda koʻrib-kuzatib turibmiz. Har kun, har soatda dunyoning turli mintaqalari, poytaxtlariyu megapolislaridan kelayotgan noxush xabarlar va, albatta, xush xabarlardan koʻnglimiz alagʻda va umidvor. Umidvorlik bir zum boʻlsa-da hech birimizni tark etgani yoʻq. Mushfiq onalarimiz tunu kun duoda, otalarimiz kechasiyu kunduzi takbir qaytarib, duo qilmoqdalar: “Elu yurtimizni tinch qil, baloyu qazolardan Oʻzing asra!..”.

“Gapdan gapning farqi bor, yetmish ikki narxi bor”, deyiladi xalq maqolida. Gap “soʻz” haqida ketganda esa gapga chechan, soʻzga saxiy xalq negadir “narx”ni tushirib aytadi: “Soʻzdan soʻzning farqi bor, oʻttiz ikki narxi bor”. Ikkilanib, oʻylanib ham qolasiz: Bu oʻrinda gap “soʻz” narxi haqida ketyaptimi yoki odamzotning oʻttiz ikki tishi, yaʼni “gap chaynash” xususiyatiga nozik ishora bormi?..

Hazrat Alisher Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida keltirilgan “Ogʻizgʻa kelganin demak nodon ishi va oldigʻa kelganin yemak hayvon ishi” degan maʼlum va mashhur tanbehlari bor. Ulugʻ bobomiz shu ikki ogʻizgina hikmatda odamzot taqdiri, bani bashar avlodini halokat va zalolatga eltuvchi bor-yoʻgʻi ikki asosiy jihati haqida oʻzlariga xos valiyona donishmandlik bilan aytib qoʻyganday. Darhaqiqat, ogʻziga kelgan har balo kerak-nokerak gapni degani-yu, oldiga kelgan har nimaiki balo boʻlsa yegani bois ‒ badnafs-badxoʻrligiyu badbin va badgoʻligi uchun ham ehtimol odamzod bugun oʻzini oʻzi shu jazoyu qazolarga giriftor qilgandir?

Alloma zotlar “ichindagini ichindagi biladi” deganlariday, Yaratganning amrisiz bu yorugʻ dunyoda bir zirapcha ham bandasining barmogʻiga bejiz-besabab kirmas ekan.

Virus zirapchadan ham kichik, zarradan ham zarraroq, soʻzchi shoirimiz aytganiday, garddakkina, yaʼni gardning ham gardchasi, gʻuborginasi. Afsuski, uni zambaraklar bilan oʻqqa tutib boʻlmas ekan-da! Atomlar bilan ham tag-tomirigacha quritib boʻlmasligiga oʻsha “bombali davlatlar”ning oʻzi bu “tojdor”ning qarshisida titrab-tipirchilab, nochoru notavon qolganini ahli olam koʻrdi, ishonch hosil qildi. Shu kunlarda ham ayni shu noxush manzaralarning guvohi boʻlib turibmiz.

Xorijiy telekanallarning birida dunyoning bugungi avzoyini sharhlayotgan mashhur jurnalist oʻz fikr-mulohazalariga oʻzicha oʻkinch aralash kinoyaomuz yakun yasadi: atom bombalari, raketalar, bahaybat kemalaru harbiy samolyotlar, tahdidlaru tazyiqlar birlashtirolmagan butun olamni ‒ bir-biriga doʻst ham dushman, oshno ham yetti yot mamlakatlarni bittagina, zarragina bir virus bir pasda birlashtirib, hamdard va hamjihat qildi-qoʻydi!

Demak, butun insoniyat uchun birgina najot va xalos yoʻli qolganini insoniyatning oʻzi oʻz jonidan oʻtkarib, his qilib, imon keltirib turibdi: INSONIYLIK. Insonparvarlik. Mehru oqibat. Totuvlik va ahillik. Birdamlik va hamjihatlik..

Odamiylik va maʼrifat uning tole va saodat yoʻlini yoritguvchi porloq va munavvar mashʼalalari boʻlmogʻi kerak...

Shu kecha-kunduzda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining internet saytida aziz ustozlarimiz Erkin Vohidovning “Inson” qasidasi, Abdulla Oripovning “Ona sayyora” sheʼrlari eng koʻp oʻqilayotgan nazmiy asarlar sifatida bugungi sinovli kunlarning xonanishin va oilaparvar oʻquvchilari ‒ keksayu yosh eldoshlarimiz qalbini junbushga keltirayotganini ham aytib oʻtish joiz. Buni qarangki, salkam ellik yillar avval bitilgan nazm durdonalarida har ikki ustozimiz ham ‒ Erkin aka “tojdor oʻzing” deb, Abdulla aka esa “koinot gultoji” deb ulugʻlagan eng aziz va moʻtabar xilqat inson siymosi boʻlib turibdi. Shu yuksak va sharafli maqomni asrab qolmogʻimiz uchun esa har birimiz masʼul va javobgarmiz, aziz birodarlar. Millat jipsligi, eng avvalo, dillar jipsligi, niyatlar, umidlar jipsligidir. “Dunyo bu ‒ uch daraxtning soyasidir”, deyilgan ekan hadislarda. Oʻzimizni uchinchi daraxtning soyasida turganday his etaylik. Aziz ustozlarni esladik. Erkin akada xuddi bugun tong saharda yozilganday bir satr bor ekan: “Bu kunlar eʼtiqodda imtihon boʻlsa, ajab ermas...”. Shu eʼtiqodimizni bekorchi gap-soʻzlarga sarflamasdan, bolamizga kitob oʻqib beraylik. Hech boʻlmaganda, Qodiriylar, Choʻlponlaru Fitratlar nima uchun zindonlarda oʻtirganini oʻgʻil-qizimizga tushuntiraylik, yurak-yuragiga, jon-joniga joylaylik. Qayta-qayta uqtiraylik, qayta-qayta tushuntiraylik. Hech bir zuryod maʼrifatsiz dunyoga kelmaydi, deyilgan muqaddas kitoblarda. Ilohiy maʼrifati bilan Alloh bizga bergan farzandlarimiz taqdiri-kelajagi, taʼlim-tarbiyasi, tinchi va salomatligi uchun to ular oltmish yoshga yetgunga qadar hammamiz, har birimiz masʼulmiz, javobgarmiz. Ogohlik bongiday sado berayotgan bu daʼvatkor soʻzlarni yurt egasi, davlat rahbari elga, eldoshlarimizga qarata takror va takror taʼkidlayotganining boisi ne, hech oʻyladikmi? Bir otaday, bir farzand yangligʻ tashvishga-xavotirga tushdikmi?

Bir tandirining atrofida ming bir jahon joylashgan, bir nonining tegrasida ikki yuz ming zor yetimga mehr berib toʻydirgan bagʻrikeng va mehrparvar xalqmiz biz. Yer yuzini hadis va hikmat bilan nurafshon etgan millat ekanimizni unutmaylik, aziz eldoshlar.

Ulugʻvor mamlakatning shijoatli Rahnamosi bu sinovlarni ham matonat bilan yengib oʻtamiz, deya qatʼiy ishonch bilan Sizga, bizga murojaat qilarkan, eng avvalo, shu oliymaqom ishonchga munosib boʻlaylik, munosib ishlar qilaylik. Buning uchun oʻzimizni oʻzimiz imtihon qilaylik, oʻzimizga oʻzimiz baho beraylik. “Oʻtkan kunlar”ni yana bir karra (balki toʻrtinchi bor boʻlar) jiddiy oʻqib chiqish foydadan xoli boʻlmaydi... Shundoq Toshkentdan adogʻda, Olmaota ustidagi janggohda roman qahramoni boʻlmish bek yigit Otabek emas, qatagʻonning qabohatli tunida “besh gramm” qoʻrgʻoshin bilan “mukofotlangan” nom-nishonsiz adib, millat yozuvchisi Abdulla Qodiriyning oʻzi qurbon boʻlganini dafʼatan bilib, anglab olasiz... Nima uchunligini aytish esa sizga havola...

Sirojiddin Sayyid,
Oʻzbekiston xalq shoiri

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech