17 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,8 °C

Suhbat
23 Fevral  2019 8551

Farrux Zokirov: «Estrada – mas’uliyatli minbar»

«На Востоке, на Востоке что за небо без луны?..» mashhur «Yalla» ansamblining «Musiqiy choyxona»sidan o‘rin olgan ushbu yuraklarga yaqin, jonajon va serquyosh o‘lkamizni tarannum etuvchi qo‘shiq mana, bir necha o‘nlab yillardan beri jaranglaydi. «Chinuri» va «Uchquduk», «Litso vozlyublennoy moey» va «Shahrisabz» taronalari ham xuddi qorli tog‘lardan esuvchi mayin va salqin shabada, shildirab oqayotgan soylar, qiyg‘os ochilgan o‘rik ifori, yangi yopilgan non isi va ko‘k choy ta’mi kabi go‘zalligi va sirliligi bilan o‘ziga tortadi. Quyida xalqning qalbidan chuqur joy olgan qo‘shiqlar, jamoaning 50 yillik yubileyi va ijodiy rejalar haqida ko‘plab davlat mukofotlari sovrindori, O‘zbekiston xalq artisti, xonanda va kompozitor, «Yalla» ansambli asoschisi va uning o‘zgarmas rahbari Farrux Zokirov bilan suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

 

- Bir teatr aktyori intervyu bera turib, shunday degan ekan: «Qulayotgan yulduzlarning izini ko‘rishni istamayman». Shuncha uzoq vaqt ijod qilayotganingiz siri nimada?

- (O‘ylanib qoldi). Buni tushuntirib bo‘larkanmi? Shunchaki, kishi hamisha o‘z ishiga sodiq bo‘lish kerak. Unga hozir qo‘shiq yoki musiqani yozaman, sahnaga olib chiqaman va tezda moddiy mevasini teraman, deya zinhor manfaat yuzasidan qaramaslik lozim. Bu tez barbod bo‘ladigan narsa. Men o‘z sevgan kasbim bilan shug‘ullanyapman.

Nima ilhom beradi? Menga ham nimadir tekkan ulkan madaniy meros bo‘lsa kerak. Bunda albatta, oiladagi ijodiy muhit ham muhim rol o‘ynagan. Nokamtarlikka yo‘ymangu ammo boshida otam Karim Zokirov turuvchi sulolamiz chindan ham noyob. Musiqaga bolaligimdayoq muhabbat paydo bo‘lgan. Dam olish kunlari otam ishlaydigan teatrga, hozirgi Alisher Navoiy nomidagi DAKTga borardik. Yoshligimizdanoq o‘sha yerdagi klassika, milliy va jahon durdonalari muhiti, olamiga sho‘ng‘igan edik.

Musiqa bilan juda kech shug‘ullana boshlaganman, deb o‘ylayman. An’anaga ko‘ra, musiqa bilan odatda besh-olti yoshdan boshlab shug‘ullana boshlashadi, men esa ijodkorlar oilasidanman, shu bois teatrga borish va plastinkalarni tinglash yetarli, degan fikrda edim. Boz ustiga otam mudom: «Oilamizda biron kimsa boshqa kasbni tanlarmikan?!» degan savolni takrorlardi. Ingichka va uzun barmoqlarimni nazarda tutgan bo‘lsa kerak, u meni kelajakda jarroh bo‘ladi derdi. Men esa agar musiqani tanlasam, butun borimni unga bag‘ishlashga qat’iy qaror qilib qo‘ygandim.

- Boshida dirijyor bo‘lishni orzu qilgan ekansiz?

- Ha, shunday edi. Shu bois ham sakkizinchi sinfdan so‘ng musiqa bilim yurtiga o‘qishga kirdim. Keyinchalik bu hunarning o‘ziga xos va jiddiy ekanini anglaganman. Bu yerda qattiq ishlamasang, mashq qilmasang va jon koyitmasang, biron nimaga erishib bo‘lmaydi, ayniqsa, dirijyorlik ishi juda katta mehnatni talab etadi. Buning ustiga meni qo‘shiq kuylash tobora o‘ziga tortib borardi. Ammo buning ham juda ko‘p «lekin»lari bor edi... Bolaligimdan taniqli xonanda va aktyor, o‘zbek zamonaviy estradasi «otaxonlaridan» biri Botir Zokirovning ukasi, milliy opera asoschilaridan biri Karim Zokirovning o‘g‘li ekanimni, ovozim ham ularnikidan farq qilishini yaxshi tushunardim. Operaga ovozim tushmasdi, shu bois estrada janriga e’tibor qaratdim. Ammo bu yerda ham tanilish uchun nimadir o‘zingniki bo‘lishi kerak edi va men, vokal-cholg‘u yo‘nalishida o‘z o‘rnimni topishga kirishtdim. Mana, oradan shuncha yillar o‘tgach, xudoga shukur, bu ishimning o‘xshaganini ayta olaman.

1970-yilda Toshkentda pop va rok-musiqa, vokal-cholg‘u ansambli shov-shuv edi. Keyinchalik vaqtning o‘zi jamoaning «Yalla», deb atalishiga turtki berdi.

- Nomi ham darrov topilgandir?

- Yaxshi savol bo‘ldi, buni so‘raganingiz uchun ham rahmat. Yo‘q, uning nomini o‘z davrining taniqli kinorejissyori va aktyori marhum Anatoliy Kabulov aytib qolgan.  U Moskvadagi KVNga ishtirok etish uchun O‘zbekiston terma jamoasini tayyorlardi, bizga ham juda ko‘p yordam bergan. Bir kuni «Qiz bola» qo‘shig‘ini yozishdan oldingi repetitsiyada ishtirok etdi. Hamma o‘z ishiga berilib ketgan, qo‘shiqda «Yal-yali-yalola», degan joylari bor. Kutilmaganda Anatoliy Zuxurovich: «Yigitlar, guruhingizga «Yalla», deb nom berish kerak», deb qoldi. Bu so‘z bizning janrni chiroyli, qisqa va lo‘ndagina anglatardi-qo‘yardi. Tushuntirishga harakat qilaman. O‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atida turli yo‘nalishlar mavjudligini bilasiz, albatta. Ular orasida, masalan, maqom, katta ashula, laparlar bor. Shuningdek, vazni professional ijodga to‘g‘ri keladigan, qo‘shiqlari sho‘x va raqsbop folklor yallalari ham bor.

- Bir paytlar «Yalla»ning milliy ohangdagi ijrolariga qaramay, o‘zbek «Abba»si deyishgan, ijodingizga «Bitlz»ning katta ta’sir ko‘rsatgani haqida gapirishgan?

- Darvoqe, «Abba» bizning jamoadan ancha keyin paydo bo‘lgan. Xullas, bunday deyish noto‘g‘ri bo‘lardi. Liverpulning taniqli to‘rtligi borasida esa shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, boshqa ko‘pgina boshlayotgan ijrochilar kabi biz ham jahon madaniyatining jamiki yutuqlarini o‘zlashtirgandik.  Bundan maqsad, milliy boylikni baynalmilal boylikka aylantirish edi. Biz zamonaviy andozalardan foydalangan holda sof mahalliy an’analar, ritmlar, ohanglarni tinglovchiga tushunarli tilda yetkazishga harakat qilganmiz.

- Qayerga gastrolga borsangiz, kamida bitta o‘sha yerning mahalliy tilida ashula aytar ekansizlar?

- Bu Osiyo bo‘ladimi yoki Yevropa o‘lkasiga qat’i nazar, hurmat ko‘rsatish an’anasidir. Germaniyada bitta juda qiziqarli ijodiy tajriba o‘tkazgandik. Germaniyaliklar jonli kompozitsiyalarimizga juda qiziqib qolishdi va natijada ulardan 15 tasini nemis tiliga o‘girishdi. Natija esa kutilganidan ham ziyoda bo‘ldi. O‘n yil davomida «Yalla»ning taronalari Germaniyadagi xit-qo‘shiqlar o‘ntaligidan tushmadi. Bir tasavvur qiling-a, «Boychechak» yoki «Torimning siri» Gyote tilida jaranglashini?!

- Tashrif qog‘ozlaringizdan biri hisoblangan va jamoani mashhur qilgan «Uchquduq» kompozitsiyasining bir paytlar taqiqlab qo‘yilishi qanday bo‘lgan?

- O, bu juda eski voqea. Bu qo‘shiq mening hammuallifim, ko‘pgina taniqli qo‘shiqlar muallifi Yuriy Entin bilan o‘sha o‘lkaga gastrolimiz chog‘i dunyoga kelgan. 1980-yil, jazirama issiq kunlari Qizilqumga borgandik. Sahroning qoq o‘rtasidagi sarob kabi qad rostlagan kichik sanoat shahri unda juda katta taassurot qoldirdi. She’rni yozib bo‘lgach, menga unga musiqa bastalashimga ko‘ndirdi, u esa qandaydir 40 daqiqa ichida dunyoga kelgan.

«Uchquduq» ashulasining taqiqlanishiga kelsak, bu ko‘proq to‘qilgan gap. To‘g‘ri, u yerda uran rudasi olinardi va bu haqda hamma joyda ham aytilavermasdi, u strategik ahamiyatga ega maxfiy ob’yekt hisoblanardi. Boshida qo‘shiqni ijro qilishga ruxsat berishgan. Repetitsiyalarimizdan biriga amaldorlardan biri tasodifan kirib qoldi va shu kichginagina shaharchaga kompozitsiya bag‘ishlanganiga hayron bo‘ldi. U bor-yo‘g‘i: «Uchquduq haqida qo‘shiq?!» degan, xolos. Ana shu gapning o‘zi madaniyat xodimlariga yetarli bo‘lgan va kompozitsiyani taqiqlangan qo‘shiqlar ro‘yxatiga kiritib qo‘yishdi. Baxtimizga Moskvadan «Yil qo‘shig‘i» ko‘rsatuvining navbatdagi sonini suratga olish uchun televideniedan tashrif buyurishdi. Ular mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishdi. Bir yildan so‘ng «Uchquduq» «Yil qo‘shig‘i» sovriniga sazovor bo‘ldi.

- 2020-yilda «Yalla» o‘zining yarim asrlik yubileyini nishonlaydi. Bunga tayyorgarliklar qanday ketyapti? Repertuarda yangi kompozitsiyalar ham bo‘ladimi?

- Bizga ko‘pdan beri: «Shuncha yildan beri sahnada birgasizlar, tinglovchilar sizlarni sevishadi, birorta musiqiy jamoa faqat bitta tarkib bilan hali buncha ijod qilmagan, «Ginnessning rekordlar kitobi»ga ariza beringlar», deb hazil qilishadi. Ammo shaxsan men uchun rekordlar muhim emas. Shunchaki, yaqinlashayotgan yubileyga munosib tayyorlanishni istayman, xolos. Axir, bu xalqimiz oldidagi yarim asrlik ijodiy hisobot. Yangi qo‘shiqlarmi?.. Albatta, ular ham repertuarimizdan joy oladi. Sahnaga chiqib ularni ijro qila boshlasang, zaldan, albatta, kimdir «Uchquduq», «Choyxona», «Chinuri» va boshqa taniqli kompozitsiyalarni ijro qilib berishimizni so‘rab qoladi. Shu bois oldimizda tinglovchilar yangi qo‘shiqlarni eshita turib, boshqasini ijro qilib berishimizni so‘rashmasin, degan vazifa turibdi.

- Botir akangiz haqida hamisha iliq gapirasiz. U ijodiy taqdiringizda qanday rol o‘ynagan? Musiqa san’ati olamiga ilk qadamlaringizni qanday baholagan?

- Otamdan so‘ng akam men uchun bosh ijodiy maslahatgo‘yim va asosiy suyanchig‘imga aylandi. Nima ish qilsam ham uning bahosini kutardim. U yuqori klassdagi artist edi. Talablari ham shunga yarasha juda yuqori bo‘lgan. Boshida men haqimda tanqid ham eshitgan, busiz bo‘lmaydi, albatta. Ammo men hech nimaga qaramay, Botir akam o‘z repertuariga qo‘ya oladigan qo‘shiq yozishni o‘z oldimga maqsad qildim. Bu niyatimni esa «Majnuntol» qo‘shig‘i bilan amalga oshirdim. Akam yonimga kelib, og‘alarcha so‘radi: «Shu qo‘shig‘ingni men ham ijro etsam bo‘ladimi?» Shunda baxtiyorlikdan ichimda nimadir portladi. Tan olinish – ijodkor uchun eng zo‘r mukofot.

Bugun ham Botir akamni tez-tez eslab turaman. Uning xotirasini abadiylashtirsam, deyman. Negaki, u chindan ham yorqin shaxs, o‘z davrida ijro mahoratining jahon yulduzlari qatoridan munosib joy egallagan inson edi. U Parijdagi sayyoraning bosh estrada markazi «Olimpiya» konsert zali sahnasida qo‘shiq kuylagan yagona o‘zbek ijrochisiga aylangan edi. Ammo bu hayotdan erta ketdi, biroq ana shu qisqa umri davomida qancha ishlarni qilishga ulgurdi! Bugun uning xotirasiga bag‘ishlab musiqiy tanlov tashkil etish ustida ishlayapman.

- Ijodiy faoliyatni ma’muriy ishlar bilan olib borishingizga to‘g‘ri keladi. 2017-yilda davlatimiz rahbarining mamlakatimizdagi ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvidan so‘ng O‘zbekiston xalq artistlari klubi raisligiga sizni bir ovozdan saylashdi. Uning barpo etilishi bilan nimalar o‘zgardi, qanday masalalarni hal etish talab etiladi?

- Klub vaqtida barpo etildi, butun mamlakat bo‘ylab islohotlar ketmoqda, hayotga tatbiq etilishi kerak bo‘lgan g‘oyalar esa ko‘p. Bugun klub jamoatchilik tashkiloti hisoblanadi, ijodiy rejalari to‘laqonli amalga oshirish, muammolarni bartaraf etish uchun unga yuridik maqom berilishi kerak. Shundagina biz nafaqat yoshi ulug‘ artistlarga zarur ko‘mak, yoshlar uchun mahorat-saboqlarni berishimiz, balki yanada jiddiyroq muammolarni hal etishimiz mumkin. Yangi avlod ijrochilarining tashqaridan kirib kelayotgan madaniyatning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari borligini tushunishlarini istardim. Bunda eng yomoni – ko‘r-ko‘rona taqlid qilishdir. Men baynalmilalchiman – ammo har qanday sharoitda ham o‘z ildizlarimizni, qadrdon merosimizni unutmaslik lozim. Sahna – juda mas’uliyatli minbar. Shu bois unda ko‘p narsa tomoshabinga nimani yetkazayotganingga bog‘liq. Bu nafaqat shaxsiy ijodiy taqdirga, balki butun boshli musiqiy san’atiga ham taalluqli.

Oksana Kadisheva

suhbatlashdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech