15 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,2 °C

investitsiyalar
6 Sentyabr  2019 693

Alisher Usmonov jamg‘armasi O‘zbekistondagi «MISiS» MTTUning Olmaliq filiali faoliyatini moliyalashtirishda davom etadi

Taniqli tadbirkor va homiy Alisher Usmonov asos solgan «San'at, ilm-fan va sport» xayriya jamg‘armasi «MISiS» MTTUning Olmaliq filiali faoliyatini rivojlantirish va o‘qitish sifatini yaxshilashga har tomonlama yordam ko‘rsatishda davom etadi, deya tashkilotning bosh ofisi xabar beradi.

«San'at, ilm-fan va sport» xayriya fondi 2006-yilda madaniyat, san'at va sport sohasidagi ijtimoiy ahamiyatga molik tashabbuslarni, shuningdek, ilmiy-ta'lim va ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.

Xabarda qayd etilishicha, «MISiS» MTTUning O‘zbekistondagi filiali loyihasining amalga oshirilishi jamg‘arma faoliyatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, yaqin kelajakda tashkilot ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatida. Xususan, investitsiyalarni ko‘paytirish orqali xorijilik sohaning yetakchi mutaxassislarini o‘quv jarayoniga jalb etish, shuningdek, universitetning moddiy-texnik va axborot-resurs bazasini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.    

Shunday qilib, yaqinda Olmaliq shahridagi «MISiS» milliy tadqiqot texnologiya universiteti filiali MDH hududlarida eng ilg‘or hisoblangan yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga, soniyasiga 100 megabitdan yuqori tezlikda, kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Mazkur yangilik oliy ta'lim muassasasiga o‘nlab yirik xalqaro elektron bazalar va ilmiy-tadqiqot ishlari, ilmiy va badiiy adabiyotlar kataloglaridan foydalanishni kengaytirish imkonini berdi. Xususan, bular «EBSCO», «Scopus», «Biblioclub», «Elibrary» kabi ma'lumotnoma-bibliografik va ilmiy tizimlardir. Mazkur ro‘yxatni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

«MISiS» MTTUning Olmaliq filiali direktori Farhod Umarovning aytishicha: «Alisher Usmonov va «Olmaliq KMK» AJ rahbariyati ko‘magi tufayli o‘quv muassasamiz MDH hududida eng innovatsion hamda texnologik jihatdan rivojlangan o‘quv va laboratoriya bazasi bilan jihozlandi. Yuqori tezlikdagi internetga kirish universitetdagi o‘quv jarayonini jadallashtirish va global ilmiy hamjamiyatga va uning xalqaro ilmiy-tadqiqot dasturlarini integratsiya qilish imkoniyatlarini oshirishga yordam beradi».

Eslatib o‘tamiz, «MISiS» MTTUning Olmaliq filiali respublika sanoati uchun yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash maqsadida 2018-yilning oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va Alisher Usmonov qo‘llab-quvvatlovi bilan ochilgan.

Faoliyatining birinchi yilida «Metallurgiya», «Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish (tarmoqlar bo‘yicha)» ta'lim yo‘nalishlari va «Konchilik ishi» mutaxassisligi bo‘yicha o‘qitiladigan 150 nafar talaba qabul qilindi. 2019/2020-o‘quv yili uchun o‘qishga qabul qilish ham 150 kishini tashkil etdi va ularning 40 foizi davlat buyurtmasi asosida o‘qitiladi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech