23 Yanvar 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -3,2 °C

Sport
28 Yanvar  2019 1712

Futbolga aloqador shaxslar maxsus inspeksiya tomonidan nazorat qilinadi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mamlakat futboli rivojiga to‘sqinlik qilayotgan, qonunda, reglamentlarda belgilab qo‘yilgan bandlarga rioya etmay, noqonuniy ishlarga qo‘l urayotgan shaxslarga qarshi kurashni davom ettiradi. Tashkilotning bu kabi ishlari maxsus inspeksiya tomonidan nazorat qilinadi. 

O‘FA matbuot xizmatining yozishicha,  futbol rivojiga to‘sqinlik qiladigan ta’magirlik, korrupsiya, porxo‘rlik, kelishilgan o‘yinlar, totalizatorlar masalasi va boshqa shu kabi illatlarga qarshi kurash ayovsiz bo‘ladi. Tashkilot o‘tgan yildagidan farqli o‘laroq endi faqatgina o‘z inspeksiyasi bilan cheklanib qolmay, bu kabi kirdikorlarga qarshi kurashuvchi davlat muassasalari bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Ya’ni, futbol rivojiga to‘sqinlik qilayotgan shaxslarga, guruhlarga qarshi kurash yuzasidan O‘FA mamlakat Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura yordamiga tayanishga harakat qiladi.  

 

Maxsus inspeksiya murabbiylar, hakamlar, futbolchilar, futbol sohasidagi mansabdor shaxslarning qonunga zid ishlarini nazorat qilib boradi. Shuningdek, O‘FA yoki PFLda faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, o‘zi qonunlarga zid ish ko‘rayotganlar ham jazodan chetda qolmaydi. 

 

Hukumatimiz mamlakat futbolini oyoqqa turg‘azish yo‘lida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirmoqda. Buning samarasi o‘laroq, futbolchilar, murabbiylar qolgan soha vakillariga nisbatan anchagina katta daromad qiladi. Biroq ular o‘zlari halol ishlab topayotgan pulga qanoat qilmay, boshqa yo‘llardan ham daromad qilishga, buning oqibatida mamlakat futbolini bulg‘ashga urinishsa, nafaqat o‘z kasblaridan quruq qolishadi, balki qonun oldida ham javob berishadi. Barcha futbol klublari rahbarlari bu haqda o‘z ishchilarini rasman ogohlantirishlari shart.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech