17 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +8,8 °C

Suhbat
14 May  2019 1392

Hayotini o‘t o‘chirishga bag‘ishlagan inson

U kerak bo‘lsa jonivorni qutqarish uchun ham yong‘in ichiga kirib boradi va eng hayratlanarlisi, olovdan umuman qo‘rqmaydi.

 

O‘zbekistonda “Yosh o‘t o‘chiruvchilar“ musobaqasi bo‘lib o‘tayotgan bir vaqtda Sputnik muxbiri Yunusobod tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limi komandiri, 21 yillik ish stajiga ega Jamoliddin Hayitmatov bilan ushbu kasb tafsilotlari haqida suhbatlashdi

O‘t o‘chiruvchi kasbi yoxud qutqaruvchilar ishining xavfli tomonlari

Jamoliddin Hayitmatovning aytishicha, yong‘in xavfsizligi bo‘linmasiga armiyada xizmatni o‘tashi bilanoq joylashgan - bolalikdan insonlarni qutqarishni orzu qilgan va bu olijanob istak uni yong‘in o‘chiruvchi kasbi sari yetaklagan.

Jamoliddin Hayitmatov Yunusobod tumanidagi maktablarning birida yong‘inni bartaraf etib, 6 nafar o‘quvchi hayotini asrab qolgani uchun “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.

“O‘t o‘chiruvchi kasbi erkak kishilarga xos kasb bo‘lgani uchun tanlaganman. Harbiy xizmatni o‘tayotgan paytimda bu kasb egalari harbiylarga tenglashtirilgan edi. Yong‘in xavfsizligi bo‘linmasiga armiyadan keyin kelganman“, - deydi u.

Suhbatdoshimning aytishicha, uydagilari uning bu istagiga qarshi bo‘lmagan, aksincha, “insonlarga foydang tegadigan, yaxshi kasb tanlabsan“, - deya oq fotiha berishgan.

O‘t o‘chiruvchi qanday hislatlarga ega bo‘lishi kerak, degan savolga Jamoliddin Hayitmatov bu kasb egalari muntazam mashqlarda toblangan, ya'ni jismonan baquvvat, ruhiy tomondan o‘zlarini yenga olgan bo‘lishlari kerak, deya javob beradi.

“Sport juda katta yordam beradi. Puxta jismoniy tayyorgarliksiz yaxshi yong‘in o‘chiruvchi bo‘lish qiyin. Tasavvur qiling, yong‘in ro‘y berganida o‘zimiz bilan oladigan kiyim-bosh, anjomlarimiz og‘irligi o‘rtacha 35-45 kilogrammni tashkil qiladi. Siz bu yuk bilan zarur holatlarda deylik beshinchi qavatga katta tezlikda ko‘tarilishingiz kerak. Bunday ishlarni jismoniy tayyorgarliksiz amalga oshirib bo‘lmaydi“, - deya tushuntiradi u.

Qolaversa, favqulodda holat yuz bergan vaqtda nafaqat insonlarni o‘t ichidan olib chiqish, balki yong‘in o‘chiruvchining o‘z hayotini saqlab qolishi ham g‘oyat muhim. O‘t o‘chiruvchi bir inson hayotini qutqaraman, deya hodisa joyiga kelib, u yerda qolib ketishi kerak emas. Kichik xato uchun to‘lov narxi qimmatga tushishi mumkin.

– O‘t o‘chiruvchining asosiy vazifasi – insonlarni qutqarish. Lekin agar uy jonivori olov ichida qolib ketgan bo‘lsa-chi, yong‘in ichiga kirib borasizmi?

– Albatta, yong‘in ro‘y bergan vaqtda odamlar uydan qochib chiqib, jonivorlarni olov ichida unutib qoldirgan vaqtlar ham bo‘ladi. Keyin “qutqaring, iltimos“, deya iltimos qilishadi. Ko‘p hollarda bunday iltimoslarni bajarganmiz.

– Yong‘in ro‘y bergan joyga yetib bordingiz, ishingiz nimadan iborat bo‘ladi?

– Jamoamizda har bitta xodimni o‘z vazifasi bor. Yong‘in ro‘y bergan joyga yetib borganimizda, avvalo bo‘linma komandiri “razvedka” o‘tkazadi, ya'ni yong‘in ichida odam bor-yo‘qligi aniqlanadi. Katta o‘t o‘chiruvchi yong‘in o‘chirishga kirishadi. Eng yoshi haydovchiga yordam beradi va shu tarzda barcha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

– Qo‘rquv bo‘lmaydimi?

– Biz ishga kirishishdan oldin maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tamiz. Jarayon ichiga kirib borsangiz, barchasini to‘g‘ri amalga oshirishni puxta o‘rgansangiz, qo‘rquv o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Olov ichida nima borligini hyech kim bilmaydi, shu bois undan qo‘rqqan odam hyech qachon yong‘in o‘chiruvchi bo‘lolmaydi. 

– Jamoliddin aka, siz 21 yillik tajribaga ega o‘t o‘chiruvchisiz. Aytingchi, aksariyat hollarda yong‘inlar nima sababdan ro‘y beradi?

– Ko‘p hollarda yong‘inlar xavfsizlik qoidalariga rioya etmaslik, ya'ni qisqa tutashuvlar tufayli ro‘y beradi. Keyin mast holatda sigareta chekib, uxlab qolish holatlari fojiali yakun topgan vaqtlar ham ko‘p.

Inson psixologiyasida “shok” degan holat bor. Deylik, u “101“ raqamini yoddan bilsa ham, yong‘in ro‘y berganida, o‘zini yo‘qotib qo‘yib, kerakli raqamni tera olmasligi mumkin. Qolaversa, 70 % holatlarda yong‘in haqida kech xabar beriladi. Ko‘p joyda uy yongani haqida qo‘shnilardan xabar kelib tushadi.

– Tajribali o‘t o‘chiruvchi sifatida fuqarolardan nimani so‘rab qolardingiz?

– Bilasizmi, bir holat ko‘p kuzatiladi, ko‘pincha yong‘in boshlanganida, fuqarolarimiz olovni mustaqil o‘chirishga harakat qiladilar. Masalan, oshxonada yog‘ yona boshlasa, ustiga bir chelak suv ag‘darib yuborishadi va yong‘in o‘chish o‘rniga alanga olib ketadi. Bunday holatlarda yonayotgan yog‘ ustini darhol qopqoq bilan yopish lozim. Tokli asboblar yonadigan bo‘lsa, suv sepish qat'iyan mumkin emas. Insonni shu yerning o‘zida tok urishi, noxushlik yuz berishi mumkin.

Yong‘in boshlanganida har bir soniya g‘animat. Aytaylik, yong‘inni bartaraf etish xizmati raqami “101” bo‘lganiga bir necha yillar bo‘lib ketgan bo‘lsa ham, hali ham “01“ga qo‘ng‘iroq qiladiganlar bor.

Yong‘in ro‘y berganida, baqir-chaqir, qo‘shnilarni yordamga chaqirishga vaqt sarflamasdan, darhol o‘t o‘chiruvchilarga qo‘ng‘iroq qilish lozim. Imkon bo‘lsa, zarur hujjatlarni olib yong‘in ro‘y berayotgan joyni imkon qadar tezroq tark etish lozim. Bu haqda biz ko‘p gapiramiz, afsuski, aksariyat hollarda fuqarolarimiz loqaydlik qiladilar. Umid qilamizki, yong‘in balosi ulardan yiroq bo‘ladi.

Suhbatdoshim bilan intervyuni yakunlar ekanman, “Bu xavfli kasbni tanlaganingizdan afsuslanmaysizmi?“, deya savol beraman. Jamoliddin Hayitmatov hyech qachon afsuslanmaganini aytadi. “To‘g‘ri, qiyinchiligi ko‘p, lekin bilasizmi, yong‘in o‘chiruvchilarni butun dunyoda qadrlashadi. Olov ichiga kirib, bir inson hayotini qutqarganingizda, minnatdorlik bildirishni unutib qo‘ysalar ham ranjimaymiz. Axir kasbimizda fidoyilik birinchi o‘rinda turadi. Lekin oddiygina “rahmat“ so‘zi ham biz o‘t o‘chiruvchilar uchun juda katta rag‘bat“, - deydi suhbatdoshim.

Aytgancha, O‘zbekistonda aholi soni yiliga ko‘payayotgani, bu esa turar va noturar joylarning soni ko‘payib borishiga sabab bo‘layotganiga qaramay, so‘nggi o‘n yilda sodir bo‘lgan yong‘inlar, ularda halok bo‘lgan va tan jarohati olganlar soni kamayib bormoqda. Masalan, 2008 yilda 14 725ta yong‘in bartaraf etilgan bo‘lsa, 2017-yilga kelib, bu raqam 12 705tani tashkil etdi. Vafot etganlar soni 218 nafardan 159 nafarga kamayib, so‘nggi besh yilda sodir bo‘lgan yong‘inlarning 80 foizi boshlang‘ich davrida bartaraf etildi. Natijada 399 nafar kishining hayoti saqlab qolingan.

Manba: Sputnik-O‘zbekiston

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech