20 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +19,2 °C

Madaniyat
3 Avgust  2019 846

Hilol Nasimov: «Yaxshi rejissyor bo‘lish uchun yaxshi aktyor bo‘lish ham kerak»

Beshafqat umidsizlik, baxt va chuqur qayg‘u, tavba-tazarru – bu hali taniqli rejissyor va ssenariy muallifi Hilol Nasimov filmlarini tomosha qiluvchi tomoshabin boshdan kechiradigan his-tuyg‘ularning to‘liq ro‘yxati emas. Odam savdosi va diniy ekstremizm filmlarining yetakchi mavzulari bo‘lib, kinoning nafaqat tarbiyalashga, balki hayotda ham yomon yo‘ldan qaytarishga qodirligiga Nasimovning ishonchi komil. U bilan suhbatimiz ijodiy faoliyatida yangi ufqlar va umuman, sohani rivojlantirish istiqbollari haqida kechdi.

Toshkent teatr va rassomchilik instituti bitiruvchisi 1987-yilda «O‘zbekfilm» studiyasida rejissyor assistenti sifatida san'at dunyosida o‘z faoliyatini boshladi. O‘shandan beri biror marta ham tanlangan kasbini o‘zgartirmagan, hamisha o‘z ishi bilan kino tomoshabinni tarbiyalashning eng muhim vositalaridan biri ekanini isbotlab keladi.

U jamiyatda katta aks sado bergan ko‘plab ssenariy muallifi, hammuallifi va rejissyori bo‘ldi. So‘nggi yillarda Nasimov tomonidan suratga olingan filmlar sirasiga «Adashganlar», «Odnoklassniki.ru», «Tubanlik», «Muqaddas burch», «Aldangan ayol» va boshqalarni kiritish mumkin. Uning suratga olgan kinoasarlari «DetectiveFEST» va «Kinoshok» xalqaro festivallari, «E’tirof» milliy mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, u katta ekranda juda ko‘p rollar ijro etgan.

Uning qahramonlarini bir narsa birlashtiradi – xayoliy baxtga erishish uchun o‘zga yurtlarga ketishadi, u yerlarda esa boshqa odamlarning manfaatlari va maqsadlari yo‘lida aldanganlarini tushunadilar. Keyin tavba qilish va uyga qaytish yo‘li undanda qiyin bo‘ladi. Nasimovning filmlari o‘z jonajon va qadrdon uyi, go‘shasi, adashganlari sabab «boshqa tomonda» bo‘lib, ba’zan nimalar qilayotganini bilmaydigan ayrim yurtdoshlarimizning haqiqiy fojiali xatolarini ko‘tarib chiqadi. Masalan, rejissyorning aytishicha, «Aldangan ayol» filmi ahil va mustahkam oilaga ega oliy ma’lumotli, ammo zararli, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan o‘qimishli vatandosh ayol haqida hikoya qiladi. Ana shu yot g‘oyalar ta'sirida u bolalari va erini unutadi, tutqunlikda xor-zor bo‘ladi, xo‘rlanadi va yolg‘on tushunchalari sabab  shu kuylarga tushib qolgani uchun o‘zini la’natlaydi. U joniga qasd qilib o‘zini portlatib yuborishi kerak edi, lekin o‘ziga o‘xshagan boshqa qizlarni ko‘rganida, kuchli shokka tushdi. Oxir-oqibat qochib qutulishga muvaffaq bo‘ladi, ammo oilasiga qaytib borishga jur'ati yetmaydi.

– Agar «Ajal jodusi» filmi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu yerda ekstremizm bilan bir qatorda yana bir o‘ta muhim mavzu ham ko‘tarilgan, – deydi rejissyor. – Biz dabdabali to‘y qilishga o‘rganganmiz. Ammo buni hammaning ham cho‘ntagi ko‘taravermaydi, natijada, bo‘ynigacha qarzga botib ketishadi. Qarzlardan qutulish uchun film qahramonlari – ota va o‘g‘il boshqa mamlakatga jo‘nab ketadi. Ammo u yerda ekstremistlarning ta'siri ostida qoladilar va oxir-oqibat halok bo‘ladilar. Yana bir «Hayot» filmi ham ana shu mavzuga bag‘ishlangan va haqiqiy hayotiy voqealarga asoslangan. U Vatanni jinoyatchilardan himoya qilgan 22 dan 27 yoshgacha bo‘lgan 26 jangchi haqida hikoya qiladi. Ulardan ba'zilarining umr yo‘ldoshlari, kichik farzandlari chirqirab qolishdi, boshqalari oila qurishga ulgurishmagan ham edi, hatto.

Ammo Hilol Nasimovning barcha asarlari ham faqat bitta ana shu muammoga bag‘ishlanmagan. Uning uchun o‘z quvonchu tashvishlariga ega, hayotning qiyinchiliklari va undagi to‘qnashuvlarda ham ruhiy muvozanatni yo‘qotmaslikka harakat qiladigan, yaxshilik va haqiqat yo‘lini qidiradigan oddiy odam obrazi g‘oyat qiziq. Bunga ana shunday qahramonga ega «Yodgor» filmini misol keltirish mumkin. Kartina G‘afur G‘ulom hikoyasi asosida suratga olingan va chinakam xalqona personajlar, milliy kolorit aks etgan.

– Kinoasarni hozirgi zamon voqeligiga moslashtirdik, negaki unda 1930-yillardagi voqea-hodisalar aks etadi. Unda masalan, bir kishining xotinini taloq qilishi epizodi ham bor. Bu endi ular ortiq er-xotin emaslar degani, - deydi rejissyor. – Gap faqat bunda ham emas. Umuman olganda, bugungi tomoshabin dunyoqarashi butunlay boshqacha. Ssenariy buyuk yozuvchining qizi Olmos opa bilan kelishilgan. Opa asarning yangi qirralarini topa olganimiz uchun uni ma'qulladi va hatto, maqtadi ham. Filmni tomoshabinlar yaxshi kutib olganidagi quvonchimizni ko‘rsangiz edi. Bosh qahramonni onasi taqdir hukmiga tashlab ketadi, uni boshqa oilada o‘z tug‘ishgan jigargo‘shasiday tarbiyalashadi. Oradan yetti yil o‘tgach, onasining tashlab ketgan bolasini ko‘rgisi kelib qoladi. U bolaga boshqa birov orqali uni himoya qiladigan tumor berib yuboradi, lekin o‘zi bilan uchrashishga jur'ati yetmaydi. Men uning tavbasini emas, balki o‘z farzandining taqdirini ikkinchi marta ham buzishni istamasligini ham ko‘rsatishni istadim, chunki bola boshqa odamlarni otasi va onasi deb hisoblaydi.

Ammo «Po‘sht, arava!» filmida mitti inson fojiasi birinchi o‘ringa chiqadi. Rejissyor oddiy aravakashning ham ko‘ngli, orzu-havasi va his-tuyg‘ulari borligini, unda ham o‘z hayotini o‘zgartirish istagi mavjudligini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan. Ammo bunday odamlarning fojiasi – yopiq doiradan chiqib ketishga, avvalo, ularning dunyoqarashi to‘sqinlik qiladi.

– San’at xalqqa xizmat qilishi kerak, deb hisoblayman, – deydi Hilol Nasimov. – Men jamiyatdagi og‘riqli muammolarni ko‘rsatib berish uchun yangi film suratga olishga arziydimi-yo‘qmi, deb hech qachon ikkilanib o‘tirmayman. Va bugun, ta’kidlash kerakki, tomoshabin ham ancha tanlovchan bo‘lib qolgan. Ularni endi komediya, bolalab ketgan turli melodramalar bilan jalb qilib bo‘lmaydi. Ular «og‘ir» filmlarga tushadilar.

Ayni paytda suhbatdoshimiz «Ulug‘ saltanat» kitobi muallifi, xalq yozuvchisi Muhammad Ali bilan «Buyuk Temur» filmi ustida ish olib bormoqda. Unga parallel ravishda O‘zbekistonda Qozog‘iston yili munosabati bilan yana bir qiziqarli loyiha tayyorlanmoqda. Ikki xalqning ko‘p asrlik do‘stligini tarannum etuvchi «Meros» filmini suratga olish boshlandi. H.Nasimov tomonidan yozilgan ssenariy Turob To‘laning «Etti zog‘ora» hikoyasi syujetiga asoslangan.

– Asarda mashhur so‘fiy Xo‘ja Ahmad Yassaviy yashagan davrlar tasvirlangan, biz qahramonlarni XX asrga, ikkinchi jahon urushi davrida ko‘chirdik, – deydi rejissyor. - Buyuk mutafakkirning tarjimai holi aniq ma'lum emas, lekin u haqida ko‘plab afsonalar mavjud. Filmda Qozog‘iston va respublikamizning taniqli aktyorlaridan foydalanamiz. Bundan tashqari, bu yoshlarga ham o‘zini namoyon qilish uchun imkoniyat bo‘ladi.

Bugun davlat tomonidan milliy kino ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratilmoqda. Jahon darajasiga erishish uchun sohani rivojlantirish borasida ko‘plab hujjatlar qabul qilindi. Suhbatdoshimiz ham ushbu ezgu ishga o‘z hissasini qo‘shmoqda. O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti o‘qituvchisi sifatida to‘plagan tajribasini yoshlarga yetkazmoqda.

– Ustoz sifatida aytishim mumkinki, – deydi suhbatdoshimiz, – bugun talabalarga davlat tomonidan 63 million so‘mlik grantlar ajratilmoqda. O‘ylaymanki, bu o‘zini ko‘rsatish, iste'dodini namoyon qilish uchun yetarli. Bundan tashqari, har yili yangi boshlovchilar o‘z ishlarini taqdim etishlari uchun «PROlogue» xalqaro festivalini tashkil etyapmiz. Ko‘pchiligi allaqachon Xitoy, Malayziya, Hindistondagi amaliyot o‘tab qaytgan ham. Shogirdim Hasan Aliyevning BDKI («VGIK»)ga kirganini ham katta yutuq deb hisoblayman, uning ta’limini «O‘zbekkino» milliy agentligi to‘lab beradi. Shuningdek, shogirdlarim Maftuna Aliqulova, Sanjar Sultonov, Doston Hojimatovlar xalqaro talabalar kinofestivallarida bir necha bor sovrinlarni qo‘lga kiritdilar.

– Siz nafaqat rejissyorlik ishlari bilan, balki aktyor sifatida ham taniqlisiz – «Egizaklar», «Salamandra izi» («След Саламандры») va boshqa shu kabi shov-shuvli filmlarda suratga tushgansiz. Ularning qaysi biri sizga yaqinroq?

– Talabalarimga doim yaxshi rejissyor bo‘lish uchun yaxshi aktyorlik mahoratiga ega bo‘lish ham kerak, deb aytaman. Ilgari ko‘pgina tanqidchilar meni aktyor sifatida qabul qilishmagan. Bugun vaziyat o‘zgardi, – deydi u jilmayib.

– Munosib kinoni qanday ko‘rasiz?

– Bu, avvalo, – tomosha. Lekin tomosha bilan g‘oya o‘rtasida oltin o‘rta bo‘lishi kerak. Agar tarbiya beruvchi roli bo‘lmasa, bu san’at emas. Uchuvchilarda ma’lum bir balandlik chegarasi mavjud bo‘ladi, rejissyorlarda esa bunday cheklov yo‘q. Chinakam sifatli va shunga yarasha aktyorlar ijrosi bo‘lgan komediyalarni suratga olishni istardim. Yana bir orzuim - jiddiy tarixiy filmlar yaratish. Bu mavzuga talab yuqori, tomoshabin milliy tariximiz va qahramonlarimizni bilishni xohlashadi.

Oksana Kadisheva.

Muzaffar Abdullayev surati.

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 3-avgustdagi 155-sonida «Хилол Насимов: курс на высоту» sarlavhasi bilan chop etilgan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech