22 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +7 °C

Mamlakatimizda
31 May  2019 769

IIV xodimi: jarimalar pul topish uchun joriy qilinmaydi

Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IIV rahbariyati va mas'ul mutasaddilari ishtirokida OAV xodimlari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Jurnalistlar kunduzi chiroq yoqib harakatlanish oqibatida avtomobillarda yong‘in kelib chiqayotgani haqidagi xabarlar qanchalik asosli ekanini so‘radi.

“Biz bunday holatlarni Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda o‘rganamiz, – dedi IIV Yo‘l harakati Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Erali Bozorov. – Kunduzi chiroq yoqib yurilishi tufayli avtomobillar yonib ketgani haqida bizda birorta holat qayd etilmagan. Bu haqda bizga Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tomonidan rasmiy ma'lumot berilgan. Menimcha, transport vositasida kelib chiqqan yong‘in sabablarini uning chiroqlariga bog‘lash to‘g‘ri bo‘lmaydi”.

Xususiy telekanallardan birining muxbiri quyidagicha savol berdi:

“Kunning yorug‘ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqib harakatlanmaganlarga jarima tayinlandi, – dedi jurnalist. – Umuman, beliglangan tartibga amal qilmaganlik uchun jazo choralari kundan-kunga qat'iylashib bormayaptimi? Bunday jarimalar davlat g‘aznasini qoplash uchun o‘ylab topilayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda gap-so‘zlar ko‘paymoqda, fuqarolar noroziligi avj olmoqda. IIV tizimida aholi bilan muloqot, murojaat va arzlar bilan ishlash qanday qo‘lga qo‘yilgan? Kelib tushayotgan shikoyatlar asosan qaysi mavzuda?”

Yo‘l harakati Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari murojaatlar monitoringi olib borilishi, biroq hozir yonida ularning soni va tasniflanishi bo‘yicha aniq statistik ma'lumotlar yo‘qligini bildirdi.

“Shikoyatlar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan kamaygan, – dedi Erali Bozorov. – Buning sababi tizimda kadrlar bilimini oshirishga qaratilayotgan e'tiborda, deb o‘ylayman. Chunki malakasiz va bilimsiz kadrlar tufayli sohadagi muammolar vaqtida yechilmay qolaveradi, bu esa shikoyatlarni keltirib chiqaradi. Jarimalar nega joriy qilinadi? Pul topish uchun emas! Maqsad bitta – haydovchilarning yo‘l harakati qoidalariga amal qilishini ta'minlash, yo‘l-trasport hodisalarining oldini olish”.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech