17 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +27,8 °C

Salomatlik
16 May  2019 685

Investorlar o‘zi istagan davlat tibbiyot muassasasiga investitsiya kiritishi mumkin

Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Xususiy tibbiyot tizimini rivojlantirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish masalalari” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Ta'kidlanganidek, bu borada 2019 – 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosi muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, xususiy sog‘liqni saqlash tizimi, davlat-xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash borasida izchil sa'y-harakatlar olib boriladi. E'tiborli tomoni, raqobatni shakllantirish, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni rivojlantirish, xususiy shifoxonalarni ko‘paytirishga jiddiy ahamiyat berilyapti.

Prezidentimizning “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida muhim qadam bo‘ldi. Unga muvofiq, xususiy tibbiyot muassasalari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tibbiy ixtisosliklar 50 tadan 126 taga ko‘paydi. Xususiy klinikalarga qator moliyaviy imtiyozlar berildi. Bundan tashqari, litsenziya olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi, litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 10 baravaridan 5 baravarigacha kamaytirildi. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligida Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasining tashkil etilishi ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etdi. Natijada, xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilib, ko‘rilgan choralar tufayli 2018 yilda xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 889 taga ko‘payib, umumiy soni 4670 dan oshdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-apreldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tibbiyot sohasida yangi davrni boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu hujjat davlat hamda xususiy sektorlarning birlagikda ishlashi, investorlarning O‘zbekiston hududida, davlat sektorida faol faoliyat yuritishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Anjumanda aytilishicha, endilikda investorlar o‘zlariga qulay bo‘lgan muhitda, o‘zlari istagan davlat tibbiyot muassasalariga investitsiya kiritish imkoniyatiga ega. Xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanib, bunda u uch yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi lozim bo‘ladi.

Tadbirda mahalliy tibbiyot muassasalarining infrastrukturasini yaxshilash, tibbiy jihozlar va texnologiyalarni xalqaro talablarga mos ravishda yuksaltirish, kadrlar malakasini oshirish kabi masalalarda so‘z yuritildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech