16 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,2 °C

Mamlakatimizda
25 Aprel  2019 1453

Iqtisod uchun innovatsiyalar va texnologiyalar

Poytaxtdagi Yoshlar ijod saroyida ochilgan ikkinchi xalqaro «EXPO-RUSSIA UZBEKISTAN-2019» sanoat ko‘rgazmasi va «Russia Smart Innovation» biznes-forumi o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda mamlakatimiz biznesi uchun alohida bir hodisa bo‘ldi.

Rossiya hududlaridan tashrif buyurgan to‘rt yuzdan ziyod firma va kompaniyalar ishtirok etayotgan keng ko‘lamli ekspozitsiya ikki davlat vazirliklari va idoralari ko‘magida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, «Zarubej-Ekspo» OAJ, Rossiya eksport markazi va Xalqaro tinchlik fondlari assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan.

Puxta o‘ylangan islohotlar sabab mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanmoqda, respublikada investitsiyalar uchun yaratilgan qulay muhit tadbirkorlarga istiqbolli sohalarga mablag‘larini yo‘naltirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, zavodlar, zamonaviy mehmonxonalar va savdo markazlari qurish imkonini bermoqda. Bunday uchrashuvlar – mamlakatimiz biznesmenlari bilan samarali ishlashga tayyor potensial hamkorlarni jalb qilish uchun ajoyib maydon bo‘lib xizmat qiladi.

Rossiyalik tadbirkorlar ko‘rgazmaga taniqli «VAZ» va «UAZ»zavodlari avtomobilidan tortib, shokoladgacha, shishali plastik quvurlar tizimi, tibbiy uskunalar, kompyuter o‘yinlari platformalari va boshqa ko‘pgina narsalargacha olib kelishgan.

– Energiya tejovchi kirxona va kimyoviy tozalash uskunalarini ishlab chiqaramiz, – deydi «Vyazemskiy mashinostroitelniy zavod» OAJ marketing bo‘limi boshlig‘i Aleksey Afanasev. – Bizning kir yuvish mashinalarimiz, mini-kirxonalarimiz va boshqa texnikalalarimiz mehmonxonalar, kichikroq mehmon uylari, yuvish, dazmollash va choyshablaru gilamlarga ishlov berish bilan shug‘ullanadigan korxonalarga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda turizm rivojlanmoqda, yangi-yangi mehmonxonalar qurilmoqda va bunday xizmat ko‘rsatish uskunalariga bo‘lgan talab ham oshmoqda. Xullas, bunday uskunalar o‘z biznesini endi yo‘lga qo‘yayotgan biznesmenlar uchun o‘z ishini yo‘lga qo‘yish sari tashlanadigan qadamdir.

Moskva, Irkutsk, Novosibirsk, Smolensk oblastlari, Krasnodar o‘lkasi, Boshqirdiston Respublikasi, Shimoliy Osetiya, Alaniya, Xabarovsk o‘lkalarining birlashgan ekspozitsiyasi tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Masalan, Smolensk oblastining «ROYaL KeYK» MChJ ulkan va turli-tuman qandolatchilik mahsulotlarini taqdim etgan bo‘lsa, Penza oblastining «Mir stekla» MChJ baland imoratlar peshtoqlarini qoplashda, issiqxonalar qurishda foydalaniladigan toblangan shisha keltirgan.

Ko‘rgazmaning ish dasturi ham g‘oyat keng. Forum doirasida davra suhbatlari, mos vazirliklar va idoralar vakillari ishtirokida agrar sektorda (klasterlar yaratishda), yo‘l qurilishi, farmatsevtika sanoati va tibbiyot sohalarida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan konferensiyalar bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston korxonalari uchun rossiyalik mutaxassislar ishtirokida malakali kadrlar tayyorlash ham muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda, zero, bir-birimizga taklif qiladigan narsalarimiz ko‘p.

Sergey Mutin.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech