29 Mart 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +6,9 °C

Mamlakatimizda
24 Mart  2020 204

“Ishga marhamat” monomarkazi aholiga beminnat koʻmakchi

Jahon miqyosida keng tarqalib ulgurgan koronavirus pandemiyasi koʻplab davlatlar qatori Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Bu esa mamlakatimizda ushbu kasallik tarqalishining oldini olishga qaratilgan samarali choralar koʻrish barobarida global koronavirus pandemiyasi va globalinqirozli hodisalarning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirlarini yumshatishni taqazo etyapti.

Prezidentimizning 2020-yil 19-martda qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal boʻldi.

Mazkur hujjat asosida Moliya vazirligi huzurida tashkil etilgan “Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi” mablagʻlaridan foydalanishning bir qancha yoʻnalishlari, xususan, “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasbga tayyorlash markazlarini tashkil qilish, shuningdek, mehnat migrantlarini kasbga va tilga oʻrgatishni tashkillashtirish orqali ularni qoʻllab-quvvatlash borasida muhim vazifalar belgilandi.

Aytish kerakki, aholi bandligini taʼminlash, ishsizlarni kasbga tayyorlash borasida “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” davlat dasturida ham muhim chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, ishsizlar va kambagʻal oilalar aʼzolarini tadbirkorlik va kasbga oʻqitish maqsadida 30 ta kollej bazasida hamda Toshkent shahrining har bir tumanida kamida bittadan “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasbga tayyorlash markazlari tashkil etiladi.

Yashnobod tumanida 2019-yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Ishga marhamat” monomarkazi ana shunday muassasalarning birinchisi boʻldi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida tashkil etilgan mazkur monomarkaz faoliyati band boʻlmagan aholini ishga joylashtirish, kasb-hunarga oʻqitish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish, shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha oʻqitish va tadbirkorlikka jalb qilish, fuqarolarga psixologik va yuridik xizmat koʻrsatishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. 

Ishsizlar kasbga oʻqitiladi

“Ishga marhamat” monomarkazida innovatsion usullar yordamida hozirda talab yuqori boʻlgan qurilish, maishiy xizmat, texnik-muhandislik kabi sohalar boʻyicha jami 22 ta kasbga oʻqitiladi. Buning uchun markazda zarur texnik vositalar, innovatsion xonalar, malakali pedagoglar jamoasi mavjud. Ushbu muassasa yiliga 5 ming 600 kishini oʻqitish imkoniyatiga ega.

– Ishgajoylashish istagidagilar “Ishgamarhamat”monomarkaziga murojaatqilishimumkin, – deydi markaz direktori, “Doʻstlik” ordeni sohibasi Nodira Umarova. – Bu yerga kelgan insonlarga avval bandlik masalalari boʻyicha maslahat xizmati koʻrsatiladi. Agar fuqaro doimiy ishga ega boʻlmasa, unga boʻsh ish oʻrinlari taklif etiladi. Kasbiy malaka talab etiladigan ishni tanlaganlar monomarkazda tashkil etilgan qisqa muddatli kasbga tayyorlash oʻquv kurslaridan birida oʻqitiladi. Soʻng unga ishsizlik nafaqasi belgilanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar doimiy kvotali ish bilan taʼminlanishi ham mumkin.

Markazda oʻquvchilar mahoratini yana-da oshirish maqsadida 2019-yilning 16-17-dekabr kunlari ishchi kasblar boʻyicha “World Skills International” xalqaro standartlari asosida “Uzbekistan Skills” birinchi milliy ochiq chempionat oʻtkazildi. Unda yurtdoshlarimizdan tashqari Rossiya, Qozogʻiston va boshqa davlatlardan jami 60 kishi qatnashdi. 10 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkazilgan mazkur musobaqada “Quruq qurilish va suvoqchilik ishi” hamda “Sartaroshlik sanʼati” yoʻnalishlarida markaz oʻquvchilari gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

Bu yerda kasblar boʻyicha kurslarni tamomlagan bitiruvchilar bandlikka koʻmaklashish markazlari tomonidan ish bilan taʼminlanadi yoki kurslar yakunida ishlash istagidagi bitiruvchilar bilan suhbat uchun hamkor tashkilotlar vakillari taklif etiladi. 

Xorijda ham ishlash mumkin

Monomarkazda xorijiy tillarni oʻqitish ham keng yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ayni paytda ingliz, yapon, xitoy, koreys va rus tillarini oʻqitish boʻyicha qisqa muddatli (1-3 oy) kurslar faoliyat yuritmoqda. Oʻqish yakunida test imtihonlari oʻtkazilib, undan muvaffaqiyatli oʻtganlarga davlat namunasidagisertifikat beriladi.

“Ishga marhamat” monomarkazi Rossiya davlat xalqlar doʻstligi universiteti, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Britaniya konsulligi bilan til oʻqitish kurslariga xorij mutaxassislarini jalb etish uchun hamkorlik aloqalari oʻrnatgan. Xitoy tilini oʻqitish boʻyicha Xitoyning Nankin politexnika instituti, Uzbek China Training Center bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. Ayni paytda Koreya xalqaro hamkorlik agentligi - KOICAdan volontyorlarni jalb qilish boʻyicha muzokaralar oʻtkazilyapti.

Monomarkazda taʼlim olgan oʻquvchilar nafaqat Oʻzbekiston, balki xorijda ham ishlash imkoniyatiga ega boʻladilar. Muassasada Mehnat migrantlarini himoya qilish markazi ham tashkil etilgan boʻlib, unga koʻra, xorijda ishlash istagini bildirgan ishsiz shaxsga, avvalo, oʻz mutaxassisligi boʻyichaxorijiytillargaoʻqish taklif qilinadi. Fuqaro til koʻnikmalari sertifikatini olganidan soʻng xorijiy davlatga ketayotgan mehnat migrantlari uchun moʻljallangan maxsus moslashuv kurslariga yuborilib, bu yerda tanlagan davlatining qonunchiligi, madaniyati va tili bilan yaqindan tanishadi. Soʻng unga malakalipsixolog tomonidan zarur psixologik xizmat koʻrsatiladi. Xorijga vaqtinchalik ishlashga ketayotgan Oʻzbekistonfuqarolari monomarkazning yuridik xizmati bazasida roʻyxatga olinadi va ularning huquqlari hamda mehnat munosabatlarini himoya qilishda amaliy yordam koʻrsatiladi. 

Tadbirkorlikka yoʻnaltiradi

Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili davlat dasturida tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarni davom ettirish, xususan, aholida, ayniqsa, yoshlar va ayollarda biznes yuritish va tadbirkorlikning zamonaviy koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi. Ushbu vazifalarning amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida “Ishga marhamat” monomarkazida fuqarolar uchun tadbirkorlik kurslari tashkil etilgan. Unda oʻquvchilarga biznes reja tuzish, marketingni oʻrgatish, biznes yuritish boʻyicha moliyaviy va huquqiy savodxonlikni oshirish, eksport uchun mahsulotni sertifikatlash boʻyicha bilim hamda amaliy koʻnikmalar berib kelinyapti.

Shu kunga qadar monomarkazga ishsiz fuqarolardan kasbga oʻqitish boʻyicha 556 tadan ziyod ariza qabul qilingan. Murojaatchilarning 52 nafari qisqa muddatli (22 soatli) tadbirkorlik kurslarida oʻqitilib, maxsus sertifikatga ega boʻldi.

— Avval bankda ishlaganman, — deydi “Muslimabonu Medline” oilaviy korxonasi rahbari Sabohat Rixsiyeva. — Qisqartirishdan soʻng ishsiz qoldim. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ish soʻrab murojaat qildim. Menga maʼqul ish topilmagach, ular kasbga oʻrgatadigan kurslarda oʻqishimni taklif qilishdi. Rozi boʻldim va 2 oy mobaynida uqalovchi kasbini oʻrgandim. Keyin fizioterapik uqalashga moʻljallangan korxona ochdim. Hozir bu yerda 2 ta mutaxassis ishlayapti. Kelgusida koʻproq ishchi olib, korxona faoliyatini kengaytirish niyatim bor.

Shuningdek, monomarkazda minitexnologiyalar koʻrgazma maydonchasidan biznes reja asosida kerakli uskunalar va minitexnologiyalarni tanlash hamda bank filiallari orqali imtiyozli kreditlar olish yoʻlga qoʻyilgan.

Jizzax viloyatining Mirzachoʻl tumanida ham “Ishga marhamat” monomarkazi tashkil etilgan boʻlib, u Jizzax hamda Sirdaryo viloyatlarida ishsiz aholini chilangarlik, metallga ishlov berish, qishloq xoʻjaligi texnikasi va mashinalarini taʼmirlash, chet tillarga oʻqitishni boshlab yuborgan. Ammo bu hali yetarli emas. Davlatimiz rahbari shu yilning 28-fevral kuni Yashnobod tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkaziga tashrifi chogʻida bunday markazlar odamlarning talab yuqori boʻlgan kasblarni tezda oʻrganib, oʻz ishini topishi uchun juda muhimligi, boʻsh turgan kollej va boshqa binolarni taʼmirlab, Toshkent shahrining har bir tumani va barcha viloyatlarda shunday muassasalar tashkil etish lozimligini taʼkidladi. Uchrashuvda kasb-hunar yoʻnalishlarini shu ixtisoslikdagi oʻquv yurtlariga biriktirib, yuqori malakali oʻqituvchilarni jalb etish, shuningdek, kechki saboqlarni ham yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Ayni paytda bu yoʻnalishdagi ishlarni yana-da jadallashtirish choralari koʻrilmoqda.

Iroda Toshmatova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech